Halqum, yutqin

Halqum, yutqin — og’iz bo’shlig’ini qizilo’ngach bilan tutashtiruvchi me’da-ichak yo’lining oldingi qismi; shakli egri naysimon; orqa yuzasiga qarab yassilangan, pastki qismiga qarab toraygan bo’ladi. Yutinish vazifasini bajaradi va nafas olishda ishtirok etadi. Halqum devorlaridan o’pka, shuningdek, ayrisimon, qalqonsimon bez, qalqonsimon bez oldi bezlari rivojlanadi. Halqumning uzunligi 15 santimetrcha. Halqum burun va og’iz bo’shlig’ining davomi bo’lib, pastdan hiqildoq va Evstaxiy naylari orqali o’rta quloqdagi nog’ora bo’shlig’i bilan tutashadi. Halqumning old devori deyarli yo’q; Halqumdan oldin burun, og’iz bo’shlig’i va hiqildoq joylashadi. Shuning uchun Halqumning yuqorigi — burun yoki burun-halqum qismi, o’rta — og’iz qismi va pastki — hiqildoq qismi ajratiladi. Burun-halqum qismi burun va o’rta quloq bo’shlig’i bilan; og’iz qismi tomoq teshigi orqali og’iz bo’shlig’i bilan; hiqildoq qismi esa hiqildoq bilan tutashadi. Halqumning hiqildoq qismi hiqildoqning orqa tomonida joylashgan, uning oldingi va orqa devorlari faqat ovqat yoki suyuqlikni yutish paytida bir-biridan uzoqlashadi, boshqa vaqtda esa bir-biriga tegib turadi. Halqum orqa devorining yuqori qismida, o’rta chiziq bo’ylab limfa to’qimasidan tuzilgan halqum murtagi joylashgan. burun-halqum qismining harakatsiz yon devorlaridan o’rta quloqqa olib boruvchi eshituv nayi boshlanadi. Shu joyda eshituv nayi teshigi bilan yumshoq tanglay chodiri oralig’ining o’ng va chap tomonida limfa to’qimasidan tuzilgan nay murtagi bor. Halqum murtagi, 2 ta nay murtak, 2 ta tanglay va til murtaklar birgalikda Halqumning kirish qismida halqaga o’xshab joylashadi. Halqum devorining xususiy plastinkasi siyrak biriktiruvchi to’qimadan iborat bo’lib, juda ko’p elastik tolalar tutadi. Bu plastinka kalla suyagining tashqi asosiga tutashadi, shu sababli, Halqum burun qismining orqa va yon devorlari bir-biriga yaqinlasha olmaydi va havo burundan bevosita Halqumning burun qismi orqali hiqildoqqa o’tadi.