Hamid ibn Baqoxo’ja, Hamid Baqoyev

Hamid ibn Baqoxo’ja, Hamid Baqoyev (taxminan 1880 — Buxoro — taxminan 1935) — tarixchi olim, shoir. Ikki tarixiy asar: «tanzil al-amsal Fi zikr bay- an al-ahvol» («hollar bayoni zikridagi misollar ifodasi»; qisqacha: «tanzil, 1928) va «muntaxabi tarix-i Amiron-i Mang’it» («Mang’it amirlarining qisqacha tarixi»; qisqacha: «Muntaxab»; 1931 — 32) muallifi. Hamid ibn Baqoxo’janing «tanzil» asari 4 qismdan iborat bo’lib, uning dastlabki 3 qismi Buxoroning mang’itlar davridagi tarixini aks ettirgan. Muallif dastlabki Mang’it amirlari to’g’risida qisqacha ma’lumot bergach, asosiy e’tiborni Samarqand chor Rossiyasi tomonidan bosib olingach, bu yerda yuz bergan siyosiy voqealarga qaratadi. Vobkentlik savdogar Sayidboyning savdo-sotiq ishlari bilan Rossiyada bo’lishi, Buxoro amirligidagi iqtisodiy va siyosiy qoloqlik sabablari, Amir Muzaffarning rus bosqiniga qarshi turish uchun harbiy yordam so’rab Usmonli turk sultonligi, Frantsiya va Angliyaga murojaat qilishi (maktublar yuborishi) asarda keng yoritilgan. Asarning 4-qismida Buxoro bosqini oqibatlari va BXSR tarixi bayon qilingan. «Muntaxab»da Amir Muzaffar davridan boshlab 20-asrning 1-choragigacha Buxoro amirligida yuz bergan muhim voqealar tasvirlangan. Bu asarlarning qo’lyozmasi O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti fondida saqlanadi.