Hamid Sulaymonov (1910-1979)
Hamid Sulaymonov (1910.5.5 — Toshkent — 1979.8.6) — adabiyotshunos, matnshunos. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi (1964). Filologiya fanlari doktori (1961), professor (1971).
Moskva kinematografiya institutini tugatgan (1932). Toshkent pedagogika instituti o‘qituvchisi, kafedra mudiri va ToshDU dotsenti (1935—50). 50-yillarda qatag‘onga uchragan. 60-yillarda oqlangan. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti sektori mudiri (1962—67), Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyi (1967—69) va Qo‘lyozmalar instituti (1978—79) direktori bo‘lib ishlagan.
Asosiy ilmiy faoliyati Alisher Navoiy lirikasining tekstologik tadqiqotlariga bag‘ishlangan. Navoiy qo‘lyozmalari bibliografiyasini tuzgan (1946—47) va shoirning «Badoye ul-bidoya», «Navodir un-nihoya» devonlari qo‘lyozmalarini topib (1959), ular shoir tomonidan tuzilganligini isbotlagan. «Xazoyin ul-maoniy» tanqidiy matnini tuzgan va nashr ettirgan (1958—60). «Devoni Foniy» qo‘lyozmalarini (Frantsiyadan) topib, fotonusxa asosida nashr ettirgan (1965).
Hofiz Xorazmiyning 2 jildli «Devon»i fotonusxasini Haydarobod (1975, Hindiston)dan Toshkentga olib kelib (1977), so‘z boshi yozib chop ettirgan (1980).
Xattotlik va kitobat san’atiga oid ilmiy asarlar yozgan. «Boburnoma»ga ishlangan rasmlar» (1959), «Navoiy asarlariga ishlangan rasmlar» (1980, F. Sulaymonova bilan hamkorlikda), «Amir Xusrav asarlariga ishlangan rasmlar» (1983, F. Sulaymonova bilan hamkorlikda) albomlarini tuzgan va chop ettirgan.
Toshkent, Andijon, Qo‘qon, Samarqand, Jizzax sh.dagi adabiyot muzeylari hamda Qo‘lyozmalar institutining tashkil etilishiga rahbarlik qilgan. Beruniy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1979).
Toshkent shahridagi ko‘chalardan biriga Hamid Sulaymonov nomi berilgan.