Hamro polvon Shodiyev
Hamro polvon Shodiyev (1892, Romitan tumanidagi Rabotarak qishlog’i — 1942.4.8, Buxoro) — Turkistonda sovet rejimiga qarshi qurolli harakat rahbarlaridan biri, polvon. Yoshligidan boshlab polvon sifatida nom chiqargan, Buxorocha kurashning mohir ustasi hisoblangan. S. Ayniyning yozishicha, Hamro polvon Buxoroda o’tkazilgan Guli surx sayli — Navro’z bayramida barcha raqiblari kuragini yerga tekkizib, Buxoro Amirligining bosh polvoni deb topilgan (1911 yil mart). U keyinchalik yuzboshi unvoniga sazovor bo’lib, Amir Said Olimxon saroyida xizmat qilgan. Buxoro bosqinipan so’ng Hamro polvon boshchiligidagi harbiy to’da Buxoro va uning atrofida qizil askarlarga qarshi kurashgan (1920 — 23). So’ngra u qurolli kurashni to’xtatgan va tinch hayotga qaytgan (1924). 20-asrning 20-yillari o’rtalaridan boshlab Buxoro vohasidagi Jilvon mavzesini o’zlashtirishga kirishgan. Sovet rejimi tomonidan u 3 marta qamoqqa olingan. Buxoroning G’oziyon madrasasida maxsus qamoqxonada ochlikdan vafot etgan. 1992 yil 30 martda oqlangan. Xoki Shofirkon tumanidagi Oqmozor qabristoniga qayta dafn etilgan (2004 yil may). Hamro polvon faoliyati haqida yozuvchi Dilshod Rajab «jilvon o’g’loni» tarixiy essesini yozgan (2001). Shofirkon tumani Jilvon mavzesidagi o’zi asos solgan qishloqqa Hamro polvon nomi berilgan. Har yili bu yerda Hamro polvon xotirasiga atab respublika miqyosida yosh kurashchilar musobaqasi muntazam o’tkazilmoqda. Ad.: O’zbekistonning yangi tarixi. 2-kitob [O’zbekiston sovet mustamlakachiligi davrida), T., 2000; Rajabov Q., Buxoroga qizil armiya bosqini va unga qarshi kurash, T, 2002. Qahramon Rajabov.