Haqberdiyev Xudoyberdi
Haqberdiyev Xudoyberdi (1949.1.6, Samarqand) — kulol, O’zbekiston Badiiy Akademiyasi akademik (1997). Usta Umarqul Jo’raqulovga shogird tushib hunar o’rgangan. 1968 yildan mustaqil usta: badiiy fond ustaxonasida; 1978 yildan «Usto» birlashmasida. Haqberdiyev ijodi madaniy, tarixiy an’analar bilan uzviy bog’liq, asarlarida o’ziga xos mavzuli mujassamotlarida nafis shakl yechimiga erishgan: «ajdarho» (1972), «Bosim» (1990), «So’g’diyona» (1991— 92), «Urgut—Samarqand» (1991-92), «Saraton» (1996), «Samarqand» (2002), «Buyuk ipak yo’li» (2004) va boshqalar. Haqberdiyev 1967 yildan asarlari bilan Respublika va xalqaro ko’rgazmalarda ishtirok etadi. Jumladan, 2002 yildan Gollandiya shaharlarida yiliga 2 marta uyushtiriladigan kulollar assosiasiyasi ko’rgazmasi qatnashchisi. Asarlari Respublika va xorijiy davlatlar muzeylari va to’plamlarda saqlanadi.