Haqiqat

Haqiqat — voqelikning kishi ongida to’g’ri aks etishi, bilimlarimizning ob’yektiv reallikka mos kelishi. Haqiqat insonning borliqni bilishdagi asosiy maqsadlaridan biri. U asosan inson bilimlari bilan borliqdagi narsa va hodisalar o’rtasidagi munosabat masalasini o’z ichiga oladi. Antik davr mutafakkirlari (Epikur, Demokrit, Lukresiy) Haqiqatni bilimlarimizning narsa va hodisalar mohiyatini ifodalashga mos kelishi sifatida tushunganlar. Bunday tushunish yangi davr faylasuflariga (F.Bekon, B.Spinoza, K.Gelvesiy, D.Didro, P.Golbax, M.V.Lomonosov, L.Feyerbax) ham xosdir. Haqiqatning ob’yektiv, mutlaq, nisbiy shakllari bor. Amaliyot tasdiklagan har qanday bilim ob’yektiv Haqiqatdir. Bunda olamdagi narsa va hodisalar mohiyati inson ongiga bog’liq emas (Haqiqat mazmunan ob’yektiv, lekin shaklan inson tafakkuri faoliyatining natijasi sifatida sub’yektivdir). Borliqdagi narsa va hodisalar haqidagi to’liq, aniq, mukammal bilimlar mutlaq Haqiqatdir. Nisbiy Haqiqat ob’yektiv Haqiqatning ba’zi tomonini, bo’lagini, qismini aks ettiruvchi bilimdir, u ob’yektni to’la, mukammal aks ettira olmaydi. Bilish nisbiy Haqiqatlardan mutlaq Haqiqatlar tomon rivojlanib boradi. Har qanday mutlaq Haqiqat nisbiy Haqiqatlarning cheksiz rivojlanib borishidan vujudga keladi, har bir nisbiy Haqiqatda esa mutlaq Haqiqatning zarrasi mavjud bo’ladi. Ilm-fan taraqqiyotida har bir yangi bosqich nisbiy Haqiqatlar sifatida mutlaq Haqiqatning mazmuniga yangi-yangi zarralar qo’shib boradi. Borliq bepoyon va cheksiz bo’lgani kabi, insonning uni bilishi ham cheksiz davom etadi. Haqiqat hamisha konkretdir, mavhum Haqiqat yo’q. Har bir bilimning haqiqatligi ma’lum joyga, vaqt va vaziyatga, kishi bilishining imkoniyatiga va darajasiga bog’liq. Bilish jarayonida nisbiy va mutlaq Haqiqatlar nisbatini to’g’ri tushunmaslik, Haqiqatning konkretligini hisobga olmaslik bilish nazariyasida 2 ta yanglish qarash — dogmatizm va relyativizmga olib keladi. Haqiqat tushunchasi faqat gnoseologik masala emas, balki aksiologik jihatga ega. U «adolat», «yaxshilik», «go’zallik» tushunchalari kabi umuminsoniy qadriyat hisoblanadi. Abdulla Ayupov.