Harakat

Harakat — borliqning ajralmas xususiyati bo’lgan o’zgaruvchanlikni ifodalovchi falsafiy kategoriya. Harakat tushunchasi imkoniyatlarning voqelikka aylanishini, ro’y berayotgan hodisalarni, olamning beto’xtov yangilanib borishini aks ettiradi. Olamdagi har qanday jarayon Harakat tufayli sodir bo’ladi. Har qanday o’zgarish — Harakatdir. O’zgarishlar faqat moddiy ob’yektlarga emas, balki ma’naviy, g’oyaviy ob’yektlarga ham xosdir. Har qanday (moddiy yoki g’oyaviy) ob’yektning mavjudligi undagi Harakat va o’zgarishlar tufayli namoyon bo’ladi. Shu sababli Harakat borliqning asosiy mavjudlik shaklidir. Falsafiy adabiyotlarda moddiy borliqning quyidagi Harakat shakllari ajratib ko’rsatiladi: 1) mexanik Harakat — jismlarning fazodagi o’rni vaqt o’tishi bilan boshqa jismlarga nisbatan o’zgarishi. Barcha jismlarning Harakati nisbiydir, chunki Harakat Yerga nisbatan (keng ma’noda) va atrofdagi jismlarga (mas, yo’l chetidagi daraxtga) nisbatan qaraladi. Kuzatilayotgan jismning Harakati qaysi jismga nisbatan o’rganilayotgan bo’lsa, o’sha jism sanoq jism deb ataladi, agar Harakat Yerga nisbatan bo’lsa, u holda Yer — sanoq jism, agar yerning Quyosh atrofidagi Harakati haqida gapirilsa, Quyosh sanoq jism bo’ladi. Harakatning aylanma, ilgarilama, ilgarilama-qaytma (masalan, porshenning Harakati), to’g’ri chiziqli, egri chiziqli, uyurma, to’lqinsimon va boshqa turlari farqlanadi. 2) fizik Harakat (elementar zarralar, atom yadrosi va atomning Harakatdan tortib, olamning fundamental kuchlari, issiqlik, elektr va maydon Harakatigacha, yorug’likdan tortib koinotning gravitatsiya kuchigacha barchasi shu Harakat shakliga mansubdir); 3) kimyoviy Harakat (bunga molekulalarning assotsiatsiyasi va dissotsiatsiyasi, ionlar Harakati, moddaning muzlashi va kristallanish jarayonlari, kimyoviy reaktsiyalar, kimyoviy sintez va parchalanish, yonish va oksidlanish va boshqa kimyoviy jarayonlar kiradi); 4) biologik Harakat (hayotiy jarayonlar). Ayrim manbalarda kimyoviy Harakatdan keyin moddiy ob’yektlarning progressiv va regressiv yo’nalishda rivojlanishiga qarab, yuksaklikka — biologik Harakatga va quyi yo’nalishiga, inqiroziga qarab — geologik Harakat ham ko’rsatiladi, chunki, yer yuzida jonli organizmlarning halok bo’lishi oqibatida katta-katta materiklar, marjon orollar vujudga keladi. Ular geologiyaning tadqiqot ob’yektiga kiradi; 5) ijtimoiy Harakat (jamiyatdagi ijtimoiy jarayonlarning namoyon bo’lishi). Bulardan tashqari, inson aql-zakovati hamda axborot jarayonlari bilan bog’liq bo’lgan goyaviy, ma’naviy ko’rinishdagi Harakat shakllari ham mavjud. Tafakkur — fikrning Harakati, Informatsion Harakat, g’oyaning Harakati, ma’naviy Harakat, xayoliy Harakat va boi|qalar shular jumlasiga kiradi. Harakatning eng sodda shakli mexanik Harakat bo’lib, uning manbai tashqi ta’sirda, Harakat murakkab shakllarining mayabai esa ichki aloqadorliklarda, Qadimdan Harakat va uning manbalari haqida turli kontsepsiyalar ilgari surilgan. Harakatni olamning asosiy mohiyati deb qarash Avestoda ta’kidlangan. Qadimgi Misr, Bobil, Xitoy, Hindiston, Yunoniston olimlari Harakatning mohiyatiga oid maxsus asarlar yozishgan. Ular Harakatning xususiyatlari, shakllari, manbai haqidagi ilk g’oyalarni ishlab chiqishgan. Ayrim faylasuflar esa Harakatning mavjudligini ham inkor etgan. Eleylik Zenon Harakatning yo’qligini o’zining «Axill va toshbaqa», «Dixatomiya», «uchayotgan kamon o’qi» kabi mashhur aporiyalarnda isbotlashga uringan. Sharq falsafasida esa Forobiyning falsafiy risolalarida bu muammo mukammal asoslab berilgan. Yangi davr falsafasida Gegel Harakatning mohiyatini formal mantiq vositasida ifodalash mumkin emasligi, uni faqatgina dialektik mantiq doirasidagina izohlash mumkinligini ta’kidlagan. Harakatni tushuntirishda Harakatning moddiy tashuvchisi, manbai haqidagi g’oyalar muhim ahamiyatga ega. Ingliz olimi J. Toland (1670-1722) Harakatni materiya bilan bog’lab tushuntiradi. Uning fikricha, Harakatsiz materiya bo’lmaganidek, materiya ham Harakatsiz bo’lishi mumkin emas. Bu fikr materialistik falsafaning asosiy tamoyiliga aylandi. Harakatning moddiy tashuvchisi tushunchasi Harakat o’z-o’zicha mavjud emas, u har doim «nimaningdir» Harakati, «nimaningdir» o’zgarishi degan ma’noni bildiradi. O’sha «nima» Harakatning moddiy tashuvchisi bo’ladi (u Harakat shakllarini ajratib ko’rsatishda ta’kidlab o’tildi). G’oyaviy shakldagi Harakatlar to’g’risida gap borganda «Harakatning moddiy tashuvchisi» tushunchasi o’z ma’nosini yo’qotadi. Uning o’rnini «harakatlanuvchi sistema» tushunchasi egallaydi. Bunday sistema moddiy yoki ma’naviy shaklda bo’lishi mumkin. Inson tafakkuri, axborotlar sistemasi, ma’naviy sistema, g’oyaviy sistema va shu kabilar ma’naviy shakldagi harakatlanuvchi sistemaga misol bo’lishi mumkin. Harakatning manbai haqida gapirganda mutafakkirlar qadimdan ziddiyatlarni nazarda tutishadi. Ichki ziddiyatlar Harakatning ichki manbaidir. Ayrim olimlar tashqi turtkini yoki dastlabki turtkini Harakat manbai deb bilishadi. Ularning fikricha, olamda abadiy sokinlik hukmron bo’lib, keyin dastlabki turtki tufayli u Harakatga kelgan. Aslida. voqelik Harakatsiz bo’lishi mumkin emas, u doimo Harakatda, o’zgarishda. Bu o’zgarishlar ichki va tashqi ziddiyatlar tufayli amalga oshadi. Ibn Sino jism bir joyda va bir paytning o’zida Harakatda ham, sukunatda ham bo’lmaydi, Harakat ziddiyatlidir va uning natijasidir, deb ko’rsatgan edi. Ziddiyatlar jismni Harakatga keltiradi, shu ma’noda har qanday Harakatning manbai ziddiyatdadir. Harakat shakllari borliqsagi o’zaro aloqadorliklarning namoyon bo’lishidir. O’zaro aloqadorlik moddiy va ma’naviy shakllarda bo’ladi va olamning yaxlitligini ta’minlaydi. Moddiy dunyoning asosida 4 xil — gravitasion, elektromagnit, kuchli va kuchsiz yadroviy o’zaro aloqadorliklar yotadi. Aloqadorliklar esa qo’shilib fazo va vaqt strukturasini tashkil etadi. Harakat yoki harakatlanuvchi sistema xoh moddiy ko’rinishda, xoh ma’naviy ko’rinishda bo’lishidan qat’i nazar, olamning o’zgarishi va rivojlanishi asosida yotadi. Harakat — mavjudlik bo’lsa, harakatsizlik-sokinlik — yo’qlikka mos keladi. Shu sababli Harakat borliqning adabiy va mutlaq xususiyati, sokinlik esa o’tkinchi va nisbiy xususiyati deb hisoblanadi. Quyidan yuqoriga bo’ladigan Harakat rivojlanish deyiladi, aksi regressiv Harakatdir. Ad.: Avesto. Tarixiy-adabiy yodgorlik, T., 2001; Ibn Sina, Izbrannme Filosofskie proizvedeniya, M., 1980; Fayzullayev A.F., Printsip ustoychivosti i izmenchivosti v prirode, T., 2000. Baxtiyor To’rayev.