Harbiy san’at

Harbiy san’at — quruqlik, dengiz, havoda harbiy harakatlar olib borishga tayyorgarlik ko’rish va uni olib borish nazariyasi va amaliyoti; Harbiy san’at — harbiy fanning bir qismi. Zamonaviy Harbiy san’atning tarkibiy qismi o’zaro uzviy bog’liq bo’lgan harbiy strategiya, operativlik san’ati va taktikadan iborat. Harbiy san’at ishlab chiqarishning taraqqiyot darajasi va ijtimoiy tuzum xarakteri bilan belgilanib, mamlakatning rivojlanish tarixi xususiyatlari, milliy xususiyatlar va an’analar, geografik sharoit va boshqa omillarga bog’liq suratda rivojlanadi. Qadimda qullar mehnatiga asoslangan iqtisodiyot sharoitida bir necha o’n ming jangchidan iborat armiya tuzish imkoni bo’lgan. Aksariyat mamlakatlarda qo’shinning asosiy turini piyoda askarlar tashkil qilgan. Qadimgi Sharq davlatlarida piyoda askarlar va otliq qo’shindan tashqari jang aravalari, fillar va tuyalarda jang qiluvchi qismlardan ham foydalanilgan. Qurolli kuchlar tarkibi, ularning qurol-yarog’i strategiya va taktikasini belgilagan. Qadimgi Sharq davlatlari, Hindiston va Xitoyda strategiya dastlab nisbatan qisqa masofalarga qilingan , qisqa muddatli harbiy yurishlar bilan cheklangan. Yunoniston va qadimgi Rimgaxos bo’lgan qo’shinlar ta’minoti yaxshilanishi, zabt etilgan davlatlarning moddiy resurslaridan foydalanishni yo’lga qo’yish bilan harbiy yurishlarning muddati uzaya boshlagan. Antik davr strategiyasi, asosan, urushga tayyorgarlik ko’rish, jang maydoni va vaqtini tanlash, asosiy zarba beriladigan yerni belgilash, qo’shinlarga rahbarlik qilishda namoyon bo’lgan. Taktikaning taraqqiyoti jangovar tartibning eng sodda shakllaridan qushinlarni yuzma-yuz to’qnashuvigacha, jang maydonida qo’shinlarni murakkab manyovrlarni amalga oshirishlari bilan belgilangan. Yunoniston boshqa qadimgi Sharq mamlakatlariga nisbatan yaxshi qurollangan va ta’lim olgan qo’shinga ega edi; yunonlarning asosiy harbiy kuchini og’ir qurollangan piyodalar (goplitlar) tashkil etgan, ular shamshir, nayza bilan qurollanib, temir sovutlar kiyishgan. Jangdan oldin qo’shinlar falanga bo’lib saf tortganlar. Markazda og’ir qurollangan piyodalar to’g’ri to’rtburchak shaklida jips bo’lib saf tortgan, qanotlarda otliqlar, oldingi qatorda bo’lsa yoyma saf bo’lib engil piyodalar joylashgan. Falanganing bir qancha ustunliklari bo’lgan. Uning kuchi safning jipsligida bo’lib, qarshi tomondan unga deyarli shikast yetkazishning imkoni bo’lmagan. Shu bilan bir qatorda unga epchillik yetishmagan. U ta’qib etishga mutlaqo yaroqsiz bo’lib, zarba kuchini oshirishi uchun qo’shimcha kuchi yo’q edi. Yunon falangasi faqatgina Sharq mamlakatlarining (masalan, Axomaniylar davlati) qo’pol, yomon ta’lim olgan qo’shinlari bilan bo’lgan urushlardagina g’alaba qilgan. Ammo ularga o’nqir-cho’nqir yerlarda jang qilishga moslashgan Rim qo’shini bilan to’qnashishga to’g’ri kelganda ular mag’lubiyat alamini tortganlar. Rim imperiyasi qo’shinining (miloddan avvalgi 4-2-asrlar) tashkiliy shakli legion edi, u manipulalarga bo’lingan (har bir manipulada 10 qator, har qatorda 12 tadan jangchi), 3 manipula kogortani tashkil qilgan. Kogorta bir, keyinchalik 3 qator bo’lib saf tortgan. Legion qanotlarida yengil qurollangan piyoda askarlar va otliq qo’shin turgan; bu Rim qo’shinining manyovr qilish imkoniyatlarini oshirgan. Karfagen davlatining sarkardasi gannibal miloddan avvalgi 216 yildagi Kanna jangit bir paytning o’zida har 2 qanotdan zarba berish usulini qo’llab oz sonli kuchlar bilan rimliklarning yirik qo’shinini to’liq qurshovga olib tor-mor keltirishga erishgan. Miloddan avvalgi 1-asrda Rim sarkardasi Yuliy Tsezar shtab tuzgan, jang maydonida qo’shinlar manyovrini mohirona amalga oshirgan, raqib qo’shini qanoti va old tomoniga qarshi hal qiluvchi zarba berish uchun kogortaning 3-qatoridan foydalangan, bu bilan zaxira barpo etilishini boshlab bergan. Qadimgi Misrliklar, ossuriyaliklar, xitoylar va boshqa xalqlar mustahkam istehkomlar, yo’llar va ko’priklar qurishga mohir bo’lishgan. Qadimgi dunyoning ayrim mamlakatlari olib borgan urushlarda dengiz floti muhim rol o’ynagan, u quruqlikdagi qo’shinga yordam berib, ba’zan mustaqil harakat qilgan. Qadimgi Sharq, Yunoniston, Rim davlatlarida asta-sekin harbiy nazariya vujudga kela boshlagan. chunonchi, Xitoy sarkardasi va mutafakkiri Sun szi «harbiy san’at haqida risola»sida harbiy kuchlarni davlatning mustahkamligiga bog’liq ekanligini, vaqt va geografik sharoit omillarning harbiy harakatlar olib borishga ta’siri, sarkardaning roli, urushga puxta tayyorgarlik ko’rish va raqibning zaif va kuchli tomonlarini o’rganishning ahamiyati va boshqalarni keltirib o’tgan. Yunon tarixchilari Fukidid, Ksenofont va boshqalar o’z asarlarida urushning borishini bayon qilib, uni tahlil etishga harakat qilganlar. Qadimgi Rimda Yuliy Tsezar «Galliya urushi haqida xotiralar» va «grajdanlar urushi haqida xotiralar» asarlarida urush va jang olib borish usullarini bayon etgan. Rim imperiyasi 5-asrda qulagach, Vizantiyada Osiyo va Afrikaning ko’pgina mamlakatlarida ilk o’rta asr davlatlari vujudga kelgan. Ular qo’shinining asosiy kuchini xalq lashkarlari, uning negizini esa zodagon drujinasi tashkil etgan. 8-9-asrlarda G’arbiy Yevropada (Frank davlati) asosiy harbiy kuch og’ir qurollangan otliq qo’shin (risarlar) dan iborat edi; piyodalar qushinning yordamchi turiga ailangan. G’arbiy Yevropada 11 —15-asrlarda Harbiy san’at nihoyatda sekin rivojlangan. Harbiy harakatlar nisbatan oz sonli qo’shin bilan aniq rejasiz va ma’lum bir jangovar safga tizilmay olib borilgan. Faqat diniy-ritsarlik ordenlari qo’shinlari «pona» va boshqa jangovar saf turlarini qo’llab ancha tartibli ravishda jang qilganlar. Bu davrda qal’a-qasrlar, mustahkamlangan shaharlar va monastirlar katta harbiy ahamiyat kasb etgan. Mo’g’ullar qo’shini (13-14-asrlar) yengil va og’ir qurollangan otliq askarlardan iborat bo’lib, uzoq masofaga harbiy yurish qilib, jang maydonida ko’pchilik bo’lib harakat qilgan. Qo’shin ilg’or qism, so’l va o’ng qanot va zaxiradan tashkil topgan. Markazlashgan ilk yirik davlatlarning barpo etilishi, hunarmandchilik va manufakturalarning rivojtanishi armiyaning tashkil etilishi va qurollanishida tubdan o’zgarishlarga olib keldi. Armiya tarkibi endilikda urush paitida to’planadigan yollanma askarlar hisobiga to’ldiriladigan bo’lgan. 16-asrning 2-yarmidan mutlaq monarxiya davlatlari muntazam yollanma armiyalar tuza boshlashgan. Armiyalarni o’tsochar qurollarga, jumladan, artilleriyaga ega bo’lishi tufayli jang olib borishning yangi usuli — liniyali taktikani paydo bo’lishiga olib keldi. Unda qo’shinlar front bo’ylab bir tekisda taqsimlanib, uzun qatorlarda saf tortib urushganlar. Liniyalardagi qatorlar (sherenga) miqdori miltiqlarning tez otarligi bilan belgilangan. Jangning taqdirini piyodalarning o’q otish quvvati hal qilgan. 17-asrdagi armiyalarning strategiyasi xususiyati monarxik davlatlar tomonidan olib borilayotgan urushlarning cheklangan maqsadlarini ko’zlashida edi. 18-asr oxiri — 19-asr boshlaridagi Buyuk frantsuz inqilobi va milliy ozodlik urushlari natijasida harbiy harakatlar olib borish usullarida chuqur o’zgarishlar ro’y bergan. 19-asrda G’arbiy Evropaning aksariyat mamlakatlarida armiyalar tarkibi umumiy harbiy majburiyat asosida to’ldirila boshlagan. Armiyalarning tashkiliy tuzilmasi ham jiddiy o’zgarishlarga uchragan: doimiy qo’shin birlashmalarda — murakkab jangovar vazifalarni mustaqil hal eta oladigan diviziyalar va korpuslar barpo etilgan. qurolli kuchlarning soni bir necha marta oshgan. Urush olib borish usullari va xarakteriga qarashlar ham o’zgargan; jangovar harakatlarning asosiy maqsadi dushman hududi, aloqa iullari va qal’alarini bosib olish emas, balki uning armiyasini tor-mor keltirish bo’lgan. Chunki dushmanning asosiy kuchlari ustidan hal qiluvchi jangda g’alaba qozonish g’alaba qilgan tomonga o’zi uchun manfaatli sulh tuzish imkonini bergan. Taktikada ham tub o’zgarishlar bo’lgan. Jangovar tartibda batalonlar kolonnasi hal qiluvchi ahamiyat kasb etgan, batalonlar oldida sochma saf tortgan piyodalar qismi (egerlar) borgan. Piyodalar hujumini artilleriya va otliq qo’shin qo’llab-quvvatlab turgan. 18-asr oxiri — 19-asr boshidagi harbiy harakatlar olib borishning yangi usullarini takomillashtirishda frantsuz sarkardasi Napoleon I va rus sarkardasi M.I. Kutuzovparining xizmati katta bo’lgan. Masalan, Napoleon I artilleriya va otliq qo’shinni yalpisiga qo’llashni joriy etgan va jang taqdirini hal etishda zaxiralardan mohirona foydalangan. 19-asrda temir yo’llar qurilishi, elektr telegrafi, tutunsiz porox, qirqma to’p, qirqma miltiqlarning kashf etilishi va bu vositalarni harbiy ishda keng qo’llanishi (19-asrning 2-yarmi) strategiya va taktikada muhim o’zgarishlarga olib kelgan. Qirqma qurollarning paydo bo’lishi o’t ochish tezligi, uzoq masofadagi nishonni aniq olish imkonini bergan, bu qo’shinlarni katta talafotlar berayotgan kolonna bo’lib safga tizishdan voz kechib, piyodalarni zanjir safda harakat qilishiga olib kelgan. Biroq, Birinchi jahon urushigacha zanjir saf juda qalin bo’lib, bu holat og’ir talafotlarga sababchi bo’lgan. 20-asr boshida armiyalarning soni keskin oshgan, ularni katta miqdordagi tez otar to’p-zambaraklar, pulemyotlar, miltiqlar bilan qurollantirish imkoni tug’ilgan. Qo’shinlarni boshqarishda texnik vositalardan foydalanila boshlangan, aloqa yo’llari rivojlangan va manyovr qilish imkoniyatlari kengaygan. Jangovar harakatlarning yangi shakli — operasiya shakllana boshlagan. Operatsiya — qo’mondonlikning yagona maqsadi yo’lida Birlashgan bir yoxud bir necha armiyalar tomonidan olib borilgan janglar majmui. birinchi jahon urushi davrida harbiy operatsiya tushunchasi amaliy va nazariy jihatdan shakllangan. Yangi strategik birlashmalar — frontlar paydo bo’ldi; front operatsiyalari o’tkazila boshlangan. Artilleriyaning tez sur’atlar bilan rivojlanishi, aviasiya, tanklar va zaharlovchi moddalarning paydo bo’lishi natijasida taktika sohasida ham muhim o’zgarishlar yuz bergan. Taktik vazifalar piyodalar, artilleriya, tanklar va muhandislik qo’shinlarining birgalikda, umumiy harakatlari bilan hal etilgan. Ikkinchi jahon urushi yillarida Harbiy san’at yanada taraqqiy etgan. Germaniya urush boshida tank va mexanizatsiyalashgan qo’shinlardan unumli foydalangan, ularni aviatsiya quvvatlab turgan; qo’shinlarni boshqarish yaxshi yo’lga qo’yilgan, bu dastlabki davrda fashistlar armiyalarining yirik g’alabalariga sabab bo’lgan. Biroq Moskva ostonalarida fashistlar sovet qo’shinlaridan birinchi bor yirik mag’lubiyatga uchraganlar. Urushdan keyingi iqtisodiy rivojlanish, fan va texnika yutuqlari harbiy texnika sohasida yangi kashfiyotlarga olib keldi. 1953 yildan yadro quroli va raketalar bir qancha mamlakatlarning qurolli kuchlariga keng joriy etila boshlandi; qo’shinlar elektron va boshqa texnika bilan jihozlanadigan bo’ldi. Harbiy-desant kuchlari yanada rivojlandi. Havo hujumidan mudofaa qo’shinlari qurol-aslahalari va tashkiliy tuzilishi keskin o’zgargan. Harbiy-havo kuchlarida porshenli samolyotlar, reaktiv samolyotlar bilan almashtirilgan. Bular Harbiy san’atning barcha sohalari: strategiya, operativlik san’ati va taktikasida tub o’zgarishlarga olib kelgan. Yadro qurolidan foydalanish ehtimoli urush xarakteriga qarashlarni qayta ko’rib chiqishni taqozo etdi. Turkiy qavmlar jahondagi eng qadimgi xalqlardan sanalib, ular yashagan hudud faqat hozirgi O’rta Osiyoni qamrab olmasdan balki Sharqda tinch okeani, g’arbda Dnepr va don daryolariga qadar bo’lgan ulkan hududni qamrab olgan. Ular o’zaro madaniy, iqtisodiy va ba’zan harbiy-siyosiy aloqada bo’lganlar. Turon zaminida yaratilgan kashfiyotlar, jang qilishning yangi usullari barcha turkiy xalqlar tomonidan tezda o’zlashtirib olinib, yangi bosqichga ko’tarilgan. Miloddan avvalgi 3-ming yillik oxiri — 2-ming yillikda Sharqdagi ko’chmanchi xalqlarda otliq qo’shin paydo bo’lgan. Dastlab undan aloqa, razvedka va qo’riqlash ishlarida foydalanilgan. Ammo chavandozlik mahoratining o’sishi bilan otliq qo’shinning ahamiyati oshib borgan. U jang aravalarini siqib chiqarib qo’shinning Zarbdor va harakatchan kuchi bo’lib qolgan. Turkiy xalqlar Harbiy san’at tarixida birinchi bo’lib suvoriylar safini joriy etganlar (har bir otliq askar orasidagi masofa 20 metr, jangovar qatorlar soni 10 ta) va bu bilan dushman qo’shini ustidan yaqqol ustunlikka erishganlar. Turon farzandlari 2 — 3 yoshidan ot minib, ov qilib, kichik kamondan o’q uzishni, parranda, kichik hayvonlarni ov qilishni, ulg’aya borishlari bilan qilich, nayza va boshqa jang qurollari bilan muomala qilishni o’rganganlar. Urushlar dastlab qo’shni yerlarga chopqun qilish va asir olish xarakterida bo’lgan. Biroq davlatning kuchayishi, qo’shin miqdorining o’sishi, tajribaning oshishi va chopqun qilishdan qo’shni mamlakat va xalqlarni bosib olishga o’tilishi bilan oddiy urush olib borish san’atga aylana boshlagan. Strategiya urush olib borish san’ati sifatida, asosan, Sharqda vujudga kelgan. Qadimgi Sharq qo’shinlarining urush olib borish san’ati, asosan, son jihatdan ortiq qo’shin bilan dushmanni tor-mor etishga qaratilgan. Ko’chmanchi xalqlar (skiflar, saklar, massagetlar va boshqalar) kuchli dushman hujum qilganda ko’pincha mamlakat ichkarisi tomon atayin chekinganlar. Ular yo’llarida uchragan joylarni vayron qilib, kichik otliq qismlar bilan dushmanga beto’xtov hamla qilib uni holdan toydirganlar, so’ngra qarshi hujumga o’tganlar. Strategik mudofaa (chekinish) va strategik hujum (qarshi hujumga o’tish)ning shunday turini birinchi bo’lib qora dengiz bo’yi skiflari miloddan avvalgi 512 yilda Doro I bosqini davrida qo’llaganlar. Saklar ham Doro I ga qarshi raqibni cho’l-biyobonlarga hiyla bilan boshlab borish taktikasini qo’llashgan. Ulardan o’rnak olib miloddan avvalgi 53 yilda parfiyaliklar rimliklarning M.Krass boshchiligidagi qo’shinini karri jangida yakson qilganlar. Jahon Harbiy san’ati taraqqiyotida turkey xalqlar mumtoz o’rinni egallaganlar. Mashhur Arab adibi Johiz (775-868) ning «manoqib al-atrok» («turkey xalqlarning xislatlari») asarida «sosoniy forslar barcha xalqlardan davlatni boshqarish san’atida, xitoyliklar — hunarmandlikda, yunonlar — ilm-fanda va turkiylar harbiy ishda ustundir», deb yozadi. Qadimda sak jangchilarining qalin kigizdan tikilgan, cho’qqi qalpoqlari bo’lgan. Ular o’zlari tayyorlagan kamon va xanjar(akinak) bilan, shuningdek, oyboltalar (sagarislar) bilan qurollanganlar. Saklar mohir tirandoz edilar. Sak suvoriylarining dovruti butun Sharqda mashhur bo’lgan. Yunon-fors urushida, xususan, marafon jangida (miloddan avvalgi 490 yil) sak otliq jangchilari alohida jasorat ko’rsatganlar. Qo’shinning markazida forslar bilan yonma-yon turib urushgan saklar afinaliklarning qatorini yorib o’tib, ularni mamlakat ichkarisiga qadar ta’qib etib borganlar. Biroq fors qo’shinining qanotlari zaifligi tufayli qurshovga tushib qolish xavfi tug’ilgan. Shu sababli orqaga chekinilgan. Sak suvoriylari jang paytida orqaga o’girilib ham bexato otar edilar. Miloddan avvalgi 329-327 yillarda Spitamen Aleksandr (Iskandar)ga qarshi partizan urushi taktikasini qo’llagan. Miloddan avvalgi 3-asr oxirida hunlar hukmdori Mode xoqon harbiy islohot o’tkazgan. U an’anaviy yengil otliq qo’shinni og’ir qurollangan otliq qo’shinga aylantiradi. Gerodot massagetlar qo’shinidagi otliq jangchilarning og’ir qurol-aslahalari bo’lganini qayd etgan. Shunisi xarakterliki, keyinchalik bunday qurollanish odati Orol bo’ylaridan sarmat-alanlar orqali Sharqiy Yevropaga tarqalgan. Parfyanlar Rimliklarga qarshi Karri jangida uni ilk bor keng qo’llashgan. Massagetlar yurtidan Mo’g’uliston, Xitoy va Sibir (Ol-toy)ga og’ir qurollangan suvoriyga mo’ljallangan baland bo’yli ajoyib jangovar otlar tarqalgan. Hunlarning harbiy tartibiga binoan har bir ming kishidan iborat bo’lgan qo’shinga mingboshi, 100 kishidan iborat qo’shinga yuzboshi, 10 jangchiga — o’nboshi boshchilik qilgan. Qo’shin, asosan, otliq askarlardan iborat bo’lgan. Hunlar qo’shini 4 qismga bo’linib, har bir qism jangchilari ma’lum rangdagi otlarni mingan suvoriylardan iborat bo’lgan. Qo’shinning G’arb tomonida saf tortgan suvoriylar oq ot, Sharqiy qismida — bo’z ot, shimolda — qora ot va Janubda sariq (saman) ot minib safda turganlar. Hunlarning otliq qo’shini, asosan, kamon bilan qurollangani uchun harbiy taktika va manyovrlarni ustalik bilan olib borgan. Dushmanga o’zlarini chekinayotgan qilib ko’rsatib, ularni aldab, uzoq masofagacha orqalaridan ergashtirib borganlar. Dushman ularni ta’qib etib charchagan paytda hunlar raqiblariga qo’qqisdan hamla qilib ularni tor-mor etganlar. Mabodo yengilib qolsalar, hunlar har tomonga tarqalib ketganlar. Hunlarni ta’qib etuvchilar qochayotganlarning qaysi birini orqasidan quvishni bilmay sarosimaga tushib qolgan paytlar ko’p bo’lgan. Aynan hunlar davrida Osiyo cho’l mintaqalarida Harbiy san’atning harbiy-texnikaviy va tashkiliy sohalarida bir qator muhim yangiliklar tarqalgan: suyak qoplagichli murakkab tarkibli kamon, hushtak tovushini beruvchi ko’p parrakli paykonlar, qo’shin tuzilishining markazlashgan tizimi, masofa jangi olib borishning samarali taktikasi, mudofaa inshootlari (harbiy istehkomlar) qurish an’analari vujudga keldi. O’rta Osiyoda Kushon podsholigi davrida saltanat sarhadlarida mustahkam qal’alar (jumladan, Xorazmdagi Ayoz qal’a, Tuproqqal’a va boshqalar) qurilishi keng rivojlangan. Shaharlar burjli qalin devorlar bilan o’rab olingan. Qang’ davlati qo’shinining asosini yengil otliqlar tashkil etgan, qo’shin safarda ekanligida razvedka maqsadida oldinga ilg’or qism jo’natilgan. O’tmishda har bir qabilaning o’ziga xos o’roni bo’lgan. Bir necha qabilalar birlashib, dushmanga qarshi kurashayotgan paytda qabila sarkardasi o’ziga tegishli qabila jangchilarini chaqirmoqchi bo’lsa qabila o’ronining nomini aytib chaqirgan. O’rta asrlarda o’ronlardan juda keng foydalanilgan. Eftaliylar davrida jang qilishning asosiy usullaridan biri, kuchli raqib bilan yuzma-yuz jang qilmasdan uning 2 qanotiga beto’xtov zarbalar berish yo’li bilan uni holdan toydirish bo’lgan. Turk xoqonligi davrida Harbiy san’at yanada rivojlangan. Jang taqdirini og’ir qurollangan suvoriylarning yoyma holda galalashib qilgan hujumi hal etgan. Suvoriylar orasidagi masofa shu qadar sezilarli bo’lganki, amalda har bir jangchi o’z holiga tashlab qo’yilgan. Demak, jangning muvaffaqiyatli bo’lishi Haru bir jangchining shaxsiy tayyorgarligiga bog’liq. Yakkama-yakka olishuv jangning muhim qismi bo’lgan. Bahodirlar qo’shinning Zarbdor qismi bo’lib ularning o’limi odatda qo’shin orasida sarosimalik tug’dirib, mag’lubiyatga olib kelgan. Biroq jang qilishning bunday sodda usullaridan boshqa, manyovr qilish — yonboshdan aylanib o’tish usuli ham bo’lgan (masalan, To’nyuquq boshchiligidagi qo’shinning qirgizlarga qarshi nayza balandligidagi qor qoplagan tog’dan oshib to’satdan qilgan hujumi va qora irtishdan o’tib turgashlar uxlab yotganda qo’qqisdin hujum qilib ularning tor- mor qilinganligi). Turk sarkardalari raqibni gaflatda qoldirish usulidan keng foydalanganlar. Arablar istilosi davrida Sug’dga yordamga kelgan turkashlar kichik urush taktikasini qo’llaganlar. Ularning yengil otliq qo’shini arablarga qo’qqisdan hamla qilib ularga tinchlik bermagan. Bunday taktika Arab garnizonlarini doimo o’ta hushyor holatda turishga majbur qilgan. Arablarga faqat jang bilan olingan shaharlar va vodiylardagi himoyasiz qishloqlar bo’ysungan. Turk xoqonligida qo’shin Zarbdor qismlardan — kamon bilan qurollangan yengil otliqlar va og’ir qurollangan otliqlardan, shuningdek, ko’p sonli yordamchi qismlardan: piyodalar, ug’ruq, xizmatkorlar, ta’minot xizmati va boshqalardan iborat edi. Ibn Xaldunning yozishicha, insoniyat vujudga kelgandan beri yer yuzida urushlar 2 yo’l bilan olib borilgan: biri — saf tortib hujum qilish (bi-l-zaxf sufufa), ikkinchisi — al-Karr va-l-Farr(aynan, «hujum va chekinish») usuli, ya’ni shiddatli hujum qilish va raqibini tuzoqqa tushirish maqsadida yolg’ondakam chekinish taktikasi. Bu usullarning birinchisiga «sosoniylar usuli», ikkinchisiga «turkiylar usuli» deb nom berilgan. Urushga turkiy qabilalar tinchlik paytida turli sport o’yinlari va ayniqsa ov qilish kabilardan foydalanib tayyorgarlik ko’rishgan. Tabariyning ta’kidlashicha, «xoqonga tegishli o’tloq va’tog’qo’rug’lari bo’lib, ularga hech kim yaqinlasha olmagan, hech kim ov qilishga jur’at etmagan, zero ular urush qilish uchun xoli qoldirilgan. Bu o’tloq egallagan yer uch kunlik yo’l edi». Biror mamlakatga bostirib kirishda va ayniqsa jangga tayyorgarlik ko’rishda turkiylar ayg’oqchilik va razvedkaga katta e’tibor berganlar, buning uchun josuslar yoxud turli miqdordagi maxsus harbiy qismlar (talia) oldinga yuborilgan. Xoqon safarda o’zining shaxsiy qo’riqchilari (shurta), bir xil kiyimdagi gvardiyasi (Xaris), turkiy qabilalardan tashkil topgan lashkarlar, ba’zan yollanma qo’shin bilan chiqqan. Jang boshlanishidan oldin xoqon 2-3 sarkarda bilan birgalikda qo’shindan ajrab tevarak-atrofni tekshirib chiqqan, agarda himoyalanmagan yerni ko’rsa, o’sha yerdan hujum qilishni buyurgan. Jang paytida xoqon tepalikka o’rnatilgan oltin taxtda o’tirib jangni kuzatgan. Jangni raqib jangchilari bilan yakkama-yakka olishuvchi bahodirlar boshlab bergan. Turkiylar o’z shahar-qal’alarini ham tadbirkorlik bilan mudofaa etganlar. 722 yil arablar Balanjar qal’asini qamal qilganida xazarlar 300 dan ortiq arava (a’jala) to’plab, ularni bir-biriga bog’lab qal’alarning atrofida mudofaa xalqasi sifatida qo’yib chiqib, bu bilan raqibning qal’aga kirishiga to’sqinlik qilganlar. Turkiy xalqlarda 9-10-asrlarda Harbiy san’at yanada yuqori bosqichga ko’tarilgan. Jahonda bu davrda otliq qo’shinning roli oshgan. Yaqin va uzoq Sharq hukmdorlari turkiylarni o’z xizmatlariga olishga harakat qilishgan. Ular orasida turkey Gulomlar (qullar) muhim o’rin tutgan. Turkiylarning jangovarlik sifatlari Sharqda munosib baholangan. Chunonchi, 10-asr boshida Vizantiya imperatorlarining va Abbosiy xalifalarning shaxsiy gvardiyasi turkiylardan iborat bo’lgan. Turkiy xalqlarning Harbiy san’ati, ayniqsa, Achir Temur va Temuriylar davrida o’zining yuksak bosqichiga yetgan. 15 — 16-asrlardan e’tiboran Yevropa mamlakatlaridagi iqtisodiy yuksalish, Buyuk geografik kashfiyotlar, o’t sochar qurollar, artilleriyaning keng tarqalishi bilan Harbiy san’atda tub o’zgarishlar sodir bo’lgan. Lekin shu bilan birga O’rta Osiyo mintaqasining turli ijtimoiy-siyosiy vaziyatlarga ko’ra karvon yo’llaridan, Yevropa mamlakatlaridan uzilib qolganligi, o’zaro ichki nizolar Harbiy san’at taraqqiyotiga salbiy ta’sir qilgan. O’zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgach, harbiy sohaga alohida e’tibor berildi. 1995 yil avgustda O’zbekiston Respublikasining harbiy doktrinasi qabul qilindi, u mamlakatning harbiy sohadagi siyosatini belgilab berdi. Mintaqadagi harbiy siyosiy vaziyatdan kelib chiqqan holda 2000 yil 3 Fevralda O’zbekiston Respublikasining Mudofaa doktrinasi qabul qilindi. Bugungi kunda Qurolli kuchlarimiz oldidagi muhim vazifalardan biri son jihatidan uncha katta bo’lmagan, zamonaviy qurol-yarog’va texnika bilan qurollangan armiyani, jangovar harakatlar olib borishning eng samarali usullarini egallagan va har qanday bosqinchi kuchlarga qarshi kurashga hamda zarba berishga qodir bo’lgan tezkor harbiy qismlarni yaratishdan iborat. Ad.: Qarimov I., Milliy armiyamiz — mustaqilligimizning, tinch va osoyishta hayotimizning mustahkam kafolatidir, T.. 2003; Karimov I ., Armiya — davlattayanchi va tinchlik kafolati, T., 2005; Razin E.A., Istoriya voennogo iskusstva, t.1-3, N4., 1955-61; D el bryuk S , Istoriya voennogo iskusstva, t.Z. M., 1983; voennoe delo drevnego i srednevekovogo naseleniya Severnoy i Tsentralnoy Azii (SB. Nauch. trudov), Novosibirsk, 1990; Abulg’oziy, Shajarayi turk, T., 1992; D adaboe v H., Amir Temurning harbiy maqorati, T., 1996. Faxriddin Hasanov.