Havo bilan isitish
Havo bilan isitish – xonalar ni qizigan havo yordamida isitish. Havo qizdirgich, havo aylanadigan quvurlar, havo haydovchi va so’ruvchi qurilmalar, havoni ochib-yopish klapanlaridan tashkil topgan. Havo issiq suv, bug’, yoqilg’i va elektr quvvati yordamida qizdiriladi. Qizigan havo polga, shipga yoki devorga o’rnatiladigan agregatlar yordamida xonalarga yuboriladi. Havo bilan isitishning resirkulyatsion (foydalanilgan issiq havodan yana foydalaniladigan) va ventilyatsiya bilan qo’shilgan xillari mavjud. Birinchi usulda qizdiriladigan havo istilayotgan xonaning o’zidan olinadi. Ikkinchi usulda esa havoning bir qismi tashqaridan, qolgan qismi xonaning o’zidan olinadi. Tashqi va ichki havoning hajmini istalgan nisbatda o’zgartirish mumkin. Qizdiriladigan havoni faqat tashqaridan oladigan tizimlar ham bor. Bunday tizimlar, masalan, bitta havo qizdirgich bilan bir necha xonadonni isitishda qo’llaniladi (bunday holda tsirkulyasiya orqali havoning bir xonadondan ikkinchi xonadonga o’tishi maqsadga muvofiq emas). Ish jarayonida zararli gaz yoki chang chiqadigan sanoat binolarida ham tsirkulyasiyadan foydalanilmaydi. Havo bilan isitish tizimlarida havoning harakati havo qizdirgichdan oldingi va keyingi temperaturalar hamda havo zichligi farqi evaziga tabiiy holatda yoki mexanik haydash tufayli sodir bo’ladi. Keyingi holda elektr ventilyatorlardan foydalaniladi. Havo bilan isitishning boshqa markaziy isitish tizimlaridan afzalligi shundaki, bunda metall kam sarflanadi (chunki suv yoki bug’bilan isitish tizimlaridagi singari metall isitish jihozlari va quvurlaridan foydalanilmaydi). Havo bilan isitish ventilyatsiya bilan qo’shilganda bir yo’la xonadagi havoni mo’tadillashtiradi (kondisirlaydi). Sanoat binolari tsexlarida, jamoat binolarida, xonalari ko’p bo’lgan binolarda (agar qurilish konstruktsiyalari bo’shliqlaridan havo kanali sifatida foydalanishning imkoni bo’lsa) Havo bilan isitish ko’proq samara beradi. Havo bilan isitish, asosan, jamoat va sanoat binolarini isitishda qo’llanadi. Rossiya, AQSh va boshqa rivojlangan davlatlarda Havo bilan isitish tizimi turar joy binolarida ham qo’llana boshladi.