Havoning turbulentligi

Havoning turbulentligi -atmosferasagi havoning tartibsiz, girdob tarzida harakatlanishi. Turli tezlikda harakat qiluvchi havo qatlamlari orasidagi ichki ishqalanish tufayli vujudga keladi. Atmosferada namlik va issiqlikni vertikal hamda gorizontal bo’yicha tekis taqsimlaydi va ma’lum qatlamlarda atmosfera tarkibining bir xil bo’lishiga olib keladi. Havo qatlamining harakat tezligi o’rtacha 4 m/sekund bo’ladi. Havoning turbulentligi erkin atmosferada (2-3 kilometr) katta o’lchamdagi tsiklon yoki antisiklon vujudga kslgan vaqtlarda avj oladi. Bunda, asosan, havo va undagi suv bug’i, har xil qattiq va suyuq zarrachalar harakatlanadi. Havoning turbulentligi intensivligini qor uchqunlarining tartibsiz harakatida, trubalardan havoga ko’tarilayotgan tutunlarda, bulut turlarida, xususan yashin va do’l hosil qiladigan qora bulutlarda hamda o’qtin-o’qtin esib turuvchi kuchli shamollarda kuzatish mumkin. Havoning turbulentligi hosil bo’lishida, asosan, dinamik va termik omillar muhim rol o’ynaydi. Dinamik turbulentlikning paydo bo’lishiga havo oqimi bilan yer yuzasi orasidagi hamda havo qatlamlari orasidagi ichki ishqalanish sabab bo’ladi. Tog’ tizmalari, qirlar, vodiylar, o’rmonlar, har xil inshootlar ustidagi Havoning turbulentligi dinamik turbulentlikka kiradi. Termik turbulentlikning paydo bo’lishida yer yuzasi va havoning ayrim qismlarining Quyosh nuri tasirida turlicha isishi sabab bo’ladi. Yilning iliq faslida, kunduzi, havo ochiq bo’lgan kunlarda shunday bo’ladi. Havoning turbulentligida havo massasi juda katga tezlikka ega bo’ladi va natijada havoda uyurmalar hosil bo’lib, yer yuzasidagi changlarni havoga uchirib chiqaradi va erkin atmosferadagi kuchli oqimga qo’shadi. Shu yo’l bilan havoning ifloslanishi ro’y beradi. Atmosferada sodir bo’lgan dinamik va termik turbulentlik yer yuzasiga yutilgan issiqdikni atmosferaga o’tishida muhim omil hisoblanadi.