Havoni tozalash

Havoni tozalash – uy-joy, jamoat va sanoat binolaridagi havoni texnik vositalar yordamida chang va boshqa zararli moddalardan tozalash; havo ventilyatsiya va havoni kondisirlash tizimlari yordamida tozalanadi. sanoat korxonalarida texnologik jarayonlar vaqtida ajralib chiqadigan va ifloslangan havo atmosferaga chiqarishdan oldin tozalanadi. Havoni tozalash vositalari havoning ifloslik darajasiga va tozalashga qo’yiladigan talabga qarab tanlanadi. Binolarga beriladigan havoni tozalashda ko’plab qo’llanadigan qurilmalardan biri — havo filtrlaridir. Bunday qurilmalar ventilyatsiya va kondisirlash tizimlari tarkibiga kiradi. Ular yordamida binolardan atmosferaga chiqarib yuboriladigan (resirkulyatsion) havoni ham tozalash mumkin. Resirkulyatsion havo tarkibida chang ko’p bo’lsa, u avval chang yutkichlarda tozalanadi. Sanoat binolarida texnologik jarayonlar natijasida ifloslangan havoni tozalash va zararsizlantirish uchun turli filtrlar, chang va gaz tutkichlar, chang cho’ktirgich kameralar, tsiklonlar va boshqa uskunalar qo’llanadi. Ifloslangan havo tarkibidagi qattiq zarralar (masalan, uchuvchi kullar)ni tutish uchun mexanik kul tutkichlar — tsiklonlar, multitsiklonlar hamda nam kul tutkichlardan foydalaniladi. Tsiklonlarning foydali ish koeffisienti (f.i.k.) 40-70%, qarshiligi 70— 80 mm suv ustuniga teng, tuzilishi sodda, ishlatishi qulay, biroq biroz qo’polroq. Multisiklonlar ancha ixcham, ishi ham samarali. Nam kul tutkichlar xavoni yaxshi tozalaydi, ammo ish jarayonida ko’p suv talab qiladi.