Haydar Ali

Haydar Ali (1722-1782.7.12) -Hindistondagi Maysur davlatining hukmdori (1761 yildan); ingliz bosqinchilariga qarshi harakat tashkilotchisi. Dastlab harbiy otryad boshlig’i bo’lgan. Mulkdorlar o’rtasidagi o’zaro urushlar (1758-60 yillar)dan foydalanib hokimiyatni egallagan. Roja nomigagina hukumat boshlig’i hisoblangan. Soliqlarni ko’paytirish hisobiga armiyani qaytadan Yevropacha tuzgan, jogir tizimini bekor qilgan, askarlarga maosh belgilagan hamda artilleriyani kuchaytirgan. 1761-64 yillarda Maysur hududini qo’shni davlatlar hisobiga kengaytirgan. 1-ingliz-Maysur urushi davri (1767- 69)da inglizlar bilan sulh tuzgan. Marathalar va Haydarobod Sultonligining hujumlarini muvaffaqiyat bilan qaytargan. 1780 yilda ular bilan Hindistonda inglizlar hukmronligiga qarshi kurashish maqsadida ittifoq tuzgan. 2-maysur-ingliz urushi davri (1780-84)da Haydar Ali dastlab butun karnatikni inglizlardan tozalagan, ammo ittifoqchilarining xiyonati tufayli yengilgan.