Hayotiy tsikl

Hayotiy tsikl, rivojlanish tsikli — barcha rivojlanish davrlari majmui. Hayotiy tsikl, odatda, zigotadan boshlanadi va o’zidan nasl qoldirish qobiliyatiga ega bo’ladi. Hayotiy tsiklning davomiyligi yil davomida rivojlanadigan nasl (generatsiya) soni yoki bir Hayotiy tsikl davom etadigan yillar soni, shuningdek, Hayotiy tsikl davomida sodir bo’ladigan tinim, ya’ni diapauza davrining davomiyligiga bog’liq. Hayvonlarda Hayotiy tsikl oddiy va murakkab bo’ladi: oddiy Hayotiy tsikl bevosita (o’zgarishsiz) rivojlanadigan (masalan, o’rgimchaksimonlar, kam tukli chuvalchanglar, quruqlikda yashovchi umurtqasizlar), murakkab Hayotiy tsikl — metamorfoz orqali rivojlanadigan hayvonlar (ko’pchilik hasharotlar, bo’shliqichlilar, yassi chuvalchanglar, dengiz halqalilari va mollyuskalari) uchun xos. Metamorfoz rivojlanishida Hayotiy tsikl 1 individning rivojlanishi bilan belgilanadi (masalan, kapalaklarda: tuxum— qurt—g’umbak — voyaga yetgan kapalak; baqada: tuxum— itbaliq—voyaga yetgan baqa). Nasl gallanib rivojlanishida yoki gallanib ko’payishida Hayotiy tsikl har xil avlodlarga mansub bir necha individlarda dastlabki forma paydo bo’lguncha davom etadi. Masalan, stsifoid meduzalar (bo’shliqichlilar) t: tuxum—planula—efira—Meduza; o’simlik shiralarida: tuxum—asos qo’yuvchi urg’ochilar—migrantlar—jins hosil qiluvchilar—erkaklar va tuxum qo’yadigan urg’ochilar. Shunday qilib, Hayotiy tsiklni o’rganish birligi bitta ontogenez yoki birin-ketin boradigan bir necha ontogenez bo’lishi mumkin. Bir hujayrali hayvonlardan sporalilar (masalan, qon sporalilari, koktsidiyalar) Hayotiy tsikli ayniqsa murakkab bo’ladi. O’simliklarda yopiq urug’lilar uchun bir yillik, 2 yillik va ko’p yillik Hayotiy tsikl xos tuban va sporali yuksak o’simliklar Hayotiy tsiklida gametofit va sporofit bo’timlari almashinib turadi. Parazit zamburug’lar Hayotiy tsikli murakkabligi jihatidan xo’jayin almashinish orqali rivojlanadigan parazit yassi chuvalchanglarnikiga o’xshaydi. Masalan, zang zamburug’lar Hayotiy tsiklda etsidiosporalar, uredosporalar, teleytosporalar, shuningdek, bazidial bosqich hosil qiladigan davrlari bo’ladi.