«Hayrat ul-Abror»

«Hayrat ul-Abror» («yaxshi kishilarning hayratlanishi») — Alisher Navoiy «Xamsa»sining birinchi dostoni (1483). Pand-nasihat ruhidagi ta’limiy-axloqiy, falsafiy doston. 3988 baytdan iborat bo’lib, 64 bob, 29 maqolatdan tashkil topgan. Aruzning sare’bahrida yozilgan. Asar an’anaviy muqaddima — hamd va na’t bilan boshlanadi. Navoiyning dunyo haqidagi qarashlari mana shu muqaddimada o’z aksini topgan. Uningcha, dunyoning boshi ham, oxiri ham, yaratuvchi ham, kuzatuvchi ham Allohdir: Avval o’zung, mobayn o’zung, Barchaga Xoliq, boriga Ayn o’zung. Asarda shoir Alloh, borliq, inson haqida shunday fikrlaydi: bir vaqtlar bu jahon pinhon (yashirin) edi. Na yer, na ko’k, na kun, na tun — hech narsa yo’q edi. Sendan boshqa hech kim, hech narsa yo’q edi. Nozir ham, manzur ham o’zing eding. Ishqingdan mast, husningdan masrur eding, husning jilvasiga cheku chegara yo’q edi. Senga ko’zgu kerak bo’ldi va shu maqsad bilan dunyo maydonga keldi. Demak, dunyo sening jamolingga oynadir. Sen dunyoni g’oyat go’zal (latif) qilib yaratding, lekin hammasidan insonni ulug’ (sharif) aylading. Binobarin, Alloh har narsadan ulug’va yaqin tutgan inson ham tabiatning, ham jamiyatning gultojidir. Navoiy dunyoni Allohning namoyon bo’lishidir, deb biladi. Inson esa uning Markaziy siymosi. 2 bob ustozlar ta’rifiga bag’ishlangan, 2 bob so’z va undagi ma’no haqida. So’ng Husayn Boyqaroga, ulug’pirlar: Bahouddin Naqshband, Xoja Ahrorga bag’ishlovlar keladi. Nihoyat, 22-bobdan maqolatlar boshlanadi. 1-maqolat iymon, 2-maqolat Islom, 3-maqolat shohlar haqida. Unda shoir bevosita shohga murojaat qiladi: «Ey, dabdabasi olamni tutgan Sulton, senga haq hukmfarmolik berdi, qo’lingni baland qilib, el-xalqni, ne-ne buyuklarni qoshingda past etdi. Lekin shuni bilki, sen ham ularning ko’pidan ojizroq bir bandasan… Haq senga vazifa topshirgan. Birinchi vazifa — bergan ne’matiga shukr qilmoq, ikkinchisi — xalqni xurram tutmoq, haqini haqlab bermoq, asramoq. U senga omonat berilgan. Agar sen elning bir siniq ignasini tortib olsang, oxiratda olmos xanjar bo’lib, bag’ringga qadaladi. Ingichka bir ip kabi zarar yetkazgan bo’lsang, uni seni halok qiluvchi ilon deb bilaver… Beayb Parvardigor, lekin ayb qildingmi, tavba qil. Adolatsizlik qildingmi, adolat qil». Shu tariqa har bir maqolat bir mavzuga bag’ishlangan. Shoir dastlab mavzu bilan tanishtiradi. Unga munosabat bildiradi, ya’ni tasdiq yo inkor etadi, ayni mavzuga munosib biror ibratli hikoya keltiradi. Navoiy dostonda umr, uning mazmuni, tabiat, jamiyat va inson munosabatlariga doir savollar qo’yadi va keyingi dostonlarda muayyan taqdirlar, voqealar misolida ularga javob beradi. Dostonda o’sha davr ijtimoiy turmushi, xalq hayoti, urf-odatlari, din-diyonat, axloq-odob haqidagi qarashlar o’z ifodasini topgan. Begali Qosimov.