Hayvonlarni o’rgatish, Dressirovka

Hayvonlarni o’rgatish, Dressirovka — hayvonlarning ma’lum bir uslub va muntazam ravishdagi mashqlar natijasida hamda shartli refleks yordamida o’rgatuvchining muayyan signaliga javoban har xil harakatlar bajarishiga asoslangan usul; tsirk san’atining qadimgi janrlaridan biri. O’rgatilgan hayvonlar tomoshasi tsirk maydoni yoki sahnada namoyish etiladi. Hayvonlarni o’rgatish qadimdan ma’lum bo’lib, Xitoy, Hindiston, Qadimgi Misr, Yunoniston, Qadimgi Rim, Vizantiyada keng tarqalgan. Masalan, Qadimgi Rimdagi «Kolizey» singari tsirklarda yirtqich hayvonlar ishtirokida o’yinlar uyushtirilgan. O’rta asrlarda Yevropa mamlakatlarida sayyoh aktyorlar — gistrion, jonglyor, buffon, skomoroxlar o’rgatilgan yovvoyi va uy hayvonlari bilan yarmarkalardagi maydonlarda hamda ko’chma tomoshaxona — balaganlarda o’yin ko’rsatishgan. 12-asrda avval Italiya, so’ng Yevropaning boshqa mamlakatlarida ot o’rgatish maktablari ochilib, chavandozlik va ot ustida akrobatika mashklari bajarish yo’lga qo’yildi. 18-asrning 2-yarmidan boshlab yirtqich hayvonlar tomoshasi maxsus qafas — vagonlarda namoyish etiladigan bo’ldi. 19-asrning o’rtalaridan o’rgatilgan hayvonlar tsirk maydonidan o’rin oldi, tsirk san’atining tarkibiy qismiga aylandi. 20-asrning o’rtalaridan hayvonlar ijrosidagi tomoshalar ko’chma zoosirklarda ham ko’rsatila boshladi. Bu janrning rivojlaiishiga F.Astley (Angliya), L. Frankoni (Frantsiya), K.Gagenbenk (Germaniya), kni sulolasi (Shveytsariya), V. va A.Durovlar, N.Gladilshikov, I.Bugrimova, V.Filatov (Rossiya), S.Isaakyan (Armaniston) va boshqa salmoqli hissa qo’shishgan. Hayvonlarni o’rgatish bir necha usulga bo’linadi. Og’riq sezgilarini aks ettiruvchi usul tsirkda yirik hayvon va yirtqichlarni o’rgatishda qo’llanadi. Mexanik usulda og’riq sezgilarini aks ettirmay, qo’zg’ovchilardan foydalaniladi. Bu usul qishloq xo’jalik hayvonlariga nisbatan qo’llanadi. Taqlid usuli yosh hayvonning boshqa hayvonga taqlididan, ya’ni instinktga asoslanadi. Hayvonlarni o’rgatishning rag’batlantiruvchi usulida zarur malakalar (ko’proq natural reflekslar) rag’batlantirish (oziq-ovqat berish, erkalash, instinktlarni qondirish) bilan amalga oshiriladi. Hosil bo’lgan reflekslarni mustahkamlash uchun o’rgatilgan hayvonlar muntazam ravishda mashq qildirib turiladi. Turli uy hayvonlaridan tortib yovvoyi hayvonlargacha o’rgatiladi. Hayvonlarni o’rgatish o’zbek tsirkida ham qadimdan mavjud bo’lgan. Xalq sayillari va bayramlarida o’rgatilgan ayiq, maymun, echki, ilon va boshqa hayvonlar hamda qushlar bilan tomoshalar ko’rsatilgan. Yozma manbalarga ko’ra, Amir Temur saroyida turli ranglarga bo’yalgan fil, tuya, otlar ishtirokida tomoshalar ko’rsatilgan. 15-asrda tuya, echki va qushlar bilan Bobo Jamol ismli hayvon o’rgatuvchi shuhrat qozongan. 1828 yilda Buxorolik hayvon o’rgatuvchi Shokir Moskvada 11 tuya va 2 eshak ishtirokida tomosha ko’rsatgani ma’lum. 19-asrning 2-yarmida buxorolik Ikrom bobo o’rgatilgan ayiq va 2 maymun bilan ko’rsatgan tomoshalari bilan shuhrat qozongan. 20-asrda Hayvonlarni o’rgatish bo’yicha Rahmonovlar, Xo’jayevlar, Zarifovlar sulolalari, Akrom Yusupov, Roman Belley, Alisher Toshkanboyev va boshqalar tanilgan. Hozirgi kunda yirtqich va ekzotik hayvonlar bilan Furqat Yunusov, Rustam Matchonov, Farhod Rajabov, Foziljon Egamberdiev, To’lqin Galimovlar chiqishlar qilmoqdalar. 2002 yil Toshkentdagi «sahnadagi tsirk» birlashmasi qoshida «Zoosirk» o’z faoliyatini boshladi. Unda dunyoning turli qitalaridan keltirilgan 20 dan ortiq hayvon va qushlar ishtirokida teatrlashtirilgan tomoshalar namoyish etilmoqda. 2002 yil Toshkent tsirki qoshida 1-xalqaro kuchuklar teatri faoliyat qo’rsata boshlab, «Zolushka» spektaklini sahnalashtirdi. O’rgatilgan ayiq, maymun, ilon va boshqa hayvonlar ishtirokidagi o’yinlar tsirk guruhlarining dasturiga ham kiritilgan. Po’lat Toshkanboyev.