Hayvonlarni tasvirlash uslubi

Hayvonlarni tasvirlash uslubi — ibtidoiy davr san’at namunalaridagi uslub. Osiyo va Yevropaning qadimgi amaliy bezak san’atida keng tarqalgan. Ayrim hayvonlar (bug’u, ot, ayiq va boshqalar), ularning tana qismlari (ko’z, bosh, shox va boshqalar) tasviri, shuningdek, bir necha hayvonlar tasviridan iborat murakkab kompozitsiyalar yaratish san’ati jez davrida yuzaga kelgan, temir davrida keng tarqalgan. Uslubning kelib chiqishi hayvonlarni muqaddaslashtirish bilan bog’liq bo’lib, keyinchalik bu tasvirlar shartli bezakkagina aylangan. Ibtidoiy san’at namunalari —mayda va mahobatli haykallar ushbu uslubning ilk namunalaridir. Hayvonlarni tasvirlash uslubi dastlab qurollar va ot abzallari bezagida, keyinchalik zargarlik san’atida ko’p uchraydi. Eng qadimgi namunalari mesopotamiya (miloddan avvalgi 3-ming yillik), G’arbiy Osiyo (miloddan avvalgi 2-ming yillik)da ma’lum; O’rta Osiyoda miloddan avvalgi 1-ming yillikda yuzaga kelgan. Ayrim tadqiqotchilar fikriga ko’ra, eng rivojlangan holati skiflar, saklar, frakiyaliklar va boshqalar san’atidir. Jumladan, Eron va G’arbiy Osiyo san’ati (qora dengiz bo’ylarida yunon san’ati) ta’sirida shakllangan skif madaniyatiga tabiatni nozik his etish, hayvon shakli va harakatlarini aniq berish xos: ularda o’simlikxo’rlar, vahshiy hayvonlar va qushlar, afsonaviy maxluqlar (grifonlar) tasviri ko’p uchraydi. Metallarni o’yib, quyib ishlash, yog’och va suyak o’ymakorligi, teri va kigizlardan quroq (applikatsiya) qilish usullari qo’llanilgan. Milodiy 1-ming yillikda ushbu uslub o’z ahamiyatini yo’qota bordi, bunga ayniqsa G’arbda xristian dini, Sharqda Islom dinining tarqalishi kuchli ta’sir ko’rsatdi. O’rta asrlar amaliy san’atidagina hayvonlarni tasvirlash davom etdi. O’zbekiston hududida, ayniqsa amaliy san’atda ushbu uslub ta’sirini, zargarlik va kandakorlik buyumlari bezaklarida, ro’zg’or idishlari bezaklari (ayrim qismlari)da hayvonlar shakllari ishlanganini ko’rish mumkin.