Hiqichoq tutishi

Hiqichoq tutishi – odam nafas olganda, diafragma reflektor qisqarib nafas yo’lidan o’ziga xos tovush chiqishi, bu diafragmaning tortishib qisqarishi natijasida ro’y beradi. Hiqichoq tutishi mutlaqo sog’lom kishilarda hech qanday sababsiz paydo bo’lib, odatda, bezarar va tez o’tib ketadi. Chuqur nafas olganda, bir oz vaqt nafas olmay turganda, bir-ikki qultum sovuq suv ichganda Hiqichoq tutishi birmuncha yengillashadi yoki to’xtaydi. Hiqichoq tutishi ayrim kasalliklar belgisi bo’lishi ham mumkin. Zamonaviy tibbiyot bu kasallikning kelib chiqishini qorin bo’shlig’idagi ba’zi bir kasalliklar, xususan yallig’lanish, shuningdek, bosh va orqa miyaning shikastlanishi, asabning buzilishi bilan bog’laydi. Sharq xalq tabobati Hiqichoq tutishining asosida shamollash yotadi deb ta’kidlaydi. tabiatan bu dard ho’l-sovuq mizojli odamlarda paydo bo’ladi. Hiqichoq tutishining nafas yo’llari, qizilo’ngach, me’da devorlarining shamollashi bilan bog’liqligi bor, uning kelib chiqishiga shamollashdan tashqari, pala-partish ovqatlanish, uzoq vaqt hammomga tushmaslik va hokazolar ham sabab bo’ladi. Hiqichoq tutishi, ayniqsa, uning xuruji yurakka, me’daga noxush ta’sir qiladi, bu boshqa ichki a’zolarning o’zaro muntazam ish faoliyatini izdan chiqaradi. Hiqichoq tutishi to’xtamasdan uzoq davom etsa, uning sababini aniqlash uchun vrachga murojaat etish va zarur bo’lganda tegishli davolanish kursini olish kerak. Davo Hiqichoq tutishiga sabab bo’lgan omilni bartaraf etishdan iborat; oftobda toblanish, hammomga tushib terlash, har kuni yotishdan oldin oyoq tagiga asal surtish (oyoqqa asal surkalgach tsellofan yopishtirib, ustidan oddiy paypoq kiyib yotish), isiriq jom qilish kabi xalq tabobati usullarini qo’llash yaxshi naf beradi.