Hirot

Hirot — Afg’onistonning shimoliy- g’arbiy qismidagi shahar, Herirud daryosidan sug’oriladigan vohada joylashgan. Aholisi 167 ming kishi (2003). Avtomobil yo’llari chorrahasi. Mamlakat g’arbiy qismidagi muhim iqtisodiy markaz. Paxta tozalash, to’qimachilik, oziq-ovqat sanoati korxonalari mavjud. Hunarmandchilik rivojlangan, qo’lda turli matolar, gilam to’qiladi. Qorako’l teri va boshqa qishloq xo’jalik mahsulotlari bilan savdo qilinadi. Shahar nomi miloddan avvalgi ham ma’lum bo’lgan. Sosoniylar davrida yirik shaharga aylangan. 7-asrdan arablar qo’l ostida. Bu davrda Hirot yanada rivojlandi. Somoniylar davrida esa Xurosonning asosiy shahri. 10-asr boshlarida G’uriylar davlati tarkibiga kirdi. 1020 yildan Hirotni G’aznaviylar noibi Sulton Mas’ud boshqargan. 1221 yilda shaharni Chingizxonning o’g’li Tuluy qo’shinlari egallab, uni vayron qilgan. 1234 yilda shahar O’qtoyxon tomonidan qayta tiklangan. Mo’g’ullar bosqinchiligi davridagi vayronagarchiliklar natijasida karvon yo’llari O’rta Osiyodan Hindiston va Xitoyga Hirot orqali o’tgan. Kurtlar hukmronligi vaqtida shahar Xurosonning asosiy shahri sifatida tez o’sdi. 1383 yildan Hirot Amir Temur davlati tarkibiga kirdi. Dastlab Mironshoh (1366-1408), keyinchalik Shohrux (1377-1447), Abu Sa’id (1424-69), Sulton Husayn Mirzo (1438 — 1506) va boshqalar. Temuriylar davlatining poytaxti bo’lgan. O’sha davrda Hirot juda taraqqiy etgan. O’rta Sharqning yirik savdo, hunarmandchilik va madaniy markaziga aylangan. Hindiston, Xitoy va Yevropa bilan keng savdo va madaniy aloqalar olib borilgan. Hirot va uning atrofida yirik madrasa, masjid, ko’priklar va boshqa jamoat binolari qurilgan. 16-asrdan Hirot Safaviylar davlati tarkibiga kiritildi. 1716 yilda mustaqil Hirot hokimligi tuzilgan. 1732 yilda shaharni Eron shohi — Nodirshoh egallagan. 1747 yildan durroniylar davlati tarkibida. 19-asr boshida yarim beklik markazi bo’lib qolgan. 1863 yildan Afg’oniston davlati tarkibida. Hirotda Alisher Navoiy, Jomiy, Hofizi Abru, Mirxond, Behzod kabi olim va fuzalolar yashab, ijod qilganlar. Hirot — o’rta asr miniatyura va amaliy bezak san’atining markazi. Me’moriy yodgorliklardan qal’a (15-asr), Jome masjidi (13-14-asrlar), Musallo ansambli tarkibidagi Gavharshodbegim masjidi minoralari, Abdullo Ansoriy maqbarasi (15-asr) va boshqalar saqlangan.