Hisor tizmasi

Hisor tizmasi – O’rta Osiyodagi tog’ tizmasi. Pomir-olay tog’larining g’arbiy qismida (O’zbekiston va Tojikiston Respublikalarida), Zarafshon, Qashqadaryo va Amudaryo havzalarining suvayirg’ichi. Uzunligi 200 kilometr. O’rtacha balandligi 3600 metr. Eng baland joyi 4643 metr (Duk-don tog’i). Asosan, Paleozoy va mezozoy davri granit intruziyalari yorib chiqqan kristalli jinslar, granodiorit, slanes va qumtoshlar, gips, konglomerat, dolomit va boshqalardan tashkil topgan. Hisor tizmasining Markaziy qismida (2195 metr balandlikda) xushmanzara Iskandarko’l joylashgan. Shimoliy yon bag’ri ancha tik va qoyali, Janubiy yon bag’ri esa qiya bo’lib, keng platolar va unumdor vodiylar bor. Hisor tizmasining tuzilishi juda murakkab bo’lib, unda bir qancha baland tog’ massivlari, dovonlar mavjud. Relefi murakkab, qoyali. ko’p joylari parchalangan. Suvayirg’ich qismi va yon bag’irlarida tekislangan yuzalar tarqalgan, zich va dara shaklidagi daryolar bilan chuqur kesilgan. Gips va ohaktoshlar tarqalgan joylarida karst relef shakllari (karrlar, karst voronkalari, botiqlari, quduqlari, g’orlari) uchraydi. Bunday joylarni mahalliy aholi «ming chuqur» deb ataydi. Ohaktoshlarda tik va qoyali kuestalar hosil bo’lgan. Hisor tizmasining shimoliy va g’arbiy yon bag’irlarini Zarafshon, Qashqadaryo, Janubiy yon bag’rini Yarxin, Sarbog’, Kofarnihon, Varzob, Xonaka, Lyubach, Qoratog’daryo, Shirkent, To’polondaryo va boshqa daryolar chuqur daralar hosil qilib kesib o’tadi. Hisor tizmasida kelib chiqishi har xil (morena, to’g’on, karst) ko’llar (Iskandarko’l, Hazor-chashma, Ko’likalon, Alovuddin, Ziyorat va boshqalar) mavjud. 180 ga yaqin muzlik bo’lib, maydoni 148,4 km2 dan ortiq. Hisor tizmasida surma, volfram, simob, qalay, flyuorit, dolomit konlari va issiq buloqlar bor. Yozi salqin, qisqa, qishi sovuq, sernam, 2000 metr balandlikda iyulning o’rtacha temperaturasi 20° bo’lsa, 3600 metr balandlikda 0° ga tushib qoladi. Yanvarning o’rtacha temperaturasi 3300 metr balandlikda -15°. Yillik yog’in Janubiy-g’arbiy yon bag’rida 600-1200 mm, shimoliy-Sharqiy yon bag’rida 300-400 mm. 1200 metr balandiklarda tipik va to’q bo’z tuproqlar tarqalgan. Bahorda efemer va efemeroidlar, bug’doyiq, shuvoq o’sadi. Butalardan achchiqbodom, qarag’at, do’lana va boshqalar uchraydi. Yaylovlarda chorva boqiladi. 1200-2500 metr balandliklar orasidagi tog’jigarrang, tog’-o’rmon- qora tuproqlar, tog’-o’rmon-qo’ng’ir tuproqlarda archazorlar bor. 2500 metrdan yuqorida Alp o’tloqlari boshlanadi. Yovvoyi sut emizuvchi hayvonlardan tog’ echkisi, tog’ qo’yi, ayiq, tulki, suvsar, bo’rsiq, qor qoploni, silovsin, qizil sug’ur, qushlardan tog’ kurkasi (ular), tasqara, kaklik va boshqalar yashaydi. Tizma hududidagi noyob o’simlik va hayvonlar hamda noyob geologik yodgorliklarni o’rganish va ularni muhofaza qilish maqsadida Hisor, Ko’qitang, kitob Paleontologik-stratigrafik qo’riqxonalari tashkil etilgan. Murod Mamatqulov.