Homila

Homila — ona qornida 2-oyning oxiridan (9-hafta) boshlab tug’ilish vaqtigacha (40-hafta) rivojlanayotgan pusht (embrion). 9-haftada Homila inson qiyofasiga kiradi (bu davrda Homilaning boshi, ko’zi, burni, og’zi, tanasi, qo’l-oyoqlari aniq bo’ladi). Bir akusher oyi (28-kun)da homila tuxumidan pusht va uning pardasi rivojlanib, Homila shakllana boshlaydi. 2-oyning oxirida Homila bo’yi 3,5 santimetr, vazni 4 gramm; 3-oyning so’ngida Homila bo’yi 8-9 santimetr, vazni 40 grammcha bo’lib, boshi kattalashadi, jinsi shakllanadi, qo’l-oyoq harakatlari sust bo’ladi. 4-oy oxiriga kelib Homila bo’yi 16 santimetr, vazni 120 grammga yetadi, qo’l-oyoq harakatlari faollashadi (lekin hali onaga sezilmaydi), jinsi aniqlashadi. Homila 5 oylik bo’lganida bo’yi 24-26 santimetr, vazni 280-300 gramm, terisi nozik, qip-qizil badani mayin tuklar bilan qoplanadi; harakatlari onaga sezila boshlaydi. Ona qorpiga quloq tutilganda Homila yuragi urayotgani bilinadi. 6-oyning oxirida Homila serharakat bo’lib, bo’yi 30 santimetr, vazni 600-700 grammga yetadi. 7-oyning so’ngida Homila bo’yi 35 santimetr, vazni 1000— 1200 grammga yetadi; bu davrda Homila tirik tug’ilishi mumkin, lekin chala hisoblanadi, biroq maxsus parvarish qilinsa, yashab ketadi; 8 oylikda Homilaning bo’yi 40 santimetr, vazni 1500-1600 grammcha keladi. 9-oyning oxirida Homila bo’yi 45 santimetr, vazni 2400-2500 grammga yetadi, teri osti yog’ qavati qalinlashadi, badanidagi tuklar kamayadi, terisi silliqlashib, pushti rangga kiradi, sochlari uzayadi. 10-oy oxirida (9 kalendar oyiga to’g’ri keladi) Homila yetilib tug’iladi; bo’yi 50 santimetr, vazni 3200-3500 gramm bo’ladi. Homila taraqqiyotining o’ziga xosligi uning ona qornida bo’lishi bilan ifodalanadi; unda bosh miya po’stlog’i to’la-to’kis taraqqiy etmagan bo’lib, asosiy hayotiy funkiiyalar (oziqlanish, nafas olish, ajratish) platsenta bilan uzviy bog’langan orqa miya orqali boshqariladi; plasenta Homila bilan kindik orqali bog’lanadi. Homila ona organizmidan o’zining o’sishi va rivojlanishi uchun zarur oziq moddalar (oqsil, yog’, uglevodlar), tuz, suv, vitaminlar, shuningdek, kislorodni qon tomirlar orqali olib, moddalar almashinuvi natijasida hosil bo’lgan chiqindilarni chiqaradi va hokazolar. Shuning uchun ayrim kasalliklar (yurak poroklari, gipertoniya, qandli diabet, infektsion kasalliklar), noto’g’ri ovqatlanish, rejim buzilishi, atrof-muhitdagi zararli omillar (ishlab chiqarishdagi zaharli moddalar, vibrasiya, nurlanish), ichkilik ichish, chekish va boshqalar natijasida plasenta funktsiyasining buzilishi Homilaning o’sishiga, ayniqsa, homiladorlikning dastlabki 3-oyida, homila a’zolarining taraqqiyot davrida yomon ta’sir ko’rsatadi. Bu davrda Homilaning o’sishida qator o’zgarish va nuqsonlar paydo bo’lishi, jumladan, Homila to’la etilmasligi, u majruh bo’lishi, o’lik tug’ilishi yoki o’z-o’zidan tushishi, shuningdek, asfiksiya, kalla suyagining shikastlanib tug’ilish hollari uchrashi mumkin. Homiladorlikning 4-oyidan Homilaning turli ta’sirotlarga nisbatan sezgirligi bir qadar pasayadi. Gigiena qoidalariga rioya qilish — ovqatlanish, mehnat qilish va dam olishni to’g’ri uyushtirish Homilaning normal o’sishini ta’minlaydi, shuningdek, yuzaga kelishi mumkin bo’lgan noxushliklarni (o’lik tug’ish, chilla davrida o’lish va hokazolar) oldini oladi.