Homiladorlik, og’ir oyoqlik
Homiladorlik, og’ir oyoqlik — urug’langan tuxumhujayraning ona organizmida rivojlanib, yetuk homilaga aylanishidan iborat fiziologik jarayon. Ayol tuxumdonida yetilib chiqqan tuxumhujayraning erkak jinsiy hujayrasi bilan qo’shilishi (urug’lanishi)dan boshlanadi va o’rta hisobda 280 kun, ya’ni 10 qamariy oy davom etadi. Urug’lanish bachadon nayida ro’y beradi. Urug’langan tuxumhujayra bachadon nayining chuvalchangsimon qisqarishi tufayli bachadon bo’shlig’iga qarab surilib boradi, shu vaqtda u mayin tuklar (vorsinkalar) bilan qoplanib, ko’p hujayrali embrionga aylanadi, o’sha tuklar yordamida bachadon shilliq pardasiga payvandlanib oladi. Shu vaqtdan boshlab homila shakllana boshlaydi va ayol organizmidagi ba’zi sistemalar funktsiyasi tegishlicha o’zgarib boradi. Embrionning bachadonga payvandlangan joyida tuklar juda o’sib ketadi va ulardan plasenta, ya’ni yo’ldoshning tarkibiy qismi — bola o’rni hosil bo’ladi, u kindik orqali homila bilan tutashadi. Kindik qon tomirlari bo’ylab plasenta orqali ona organizmidan homilaga oziq moddalar, kislorod kelib turadi va homiladan keladigan almashinuv mahsulotlari chiqib ketadi. Bachadon naylarining turli kasalliklarida tuxumhujayraning bachadonga qarab surilib kelishiga to’sqinlik qiladigan o’zgarishlar oqibatida tuxumhujayra bachadon nayiga payvandlanib qolishi mumkin. Homiladorlik davrida ayol organizmida har xil funktsional o’zgarishlar ro’y berib, homilaning yaxshi rivojlanib borishi uchun qulay sharoitlar yuzaga keladi. Bu davrda Markaziy nerv sistemasi funktsiyasi bir qadar o’zgarib, natijada orqa miyaning qo’zg’aluvchanligi pasayadi, bu — bachadon muskullarining bo’shashishi va uning tinch holatda bo’lishiga olib keladi. Homiladorlik paytida hosil bo’ladigan sariq tana va plasenta homilaning oy-kuni yetib tugilishi uchun zarur gormonlar ishlab chiqaradi; plasentadan ishlanib chiqadigan va boshqa gormonlar ta’sirida sut bezlari kattalashib, Homiladorlik oxiriga borganda, undan og’iz suti, chilla davrida esa sut kela boshlaydi. Bachadonda ham talaygina o’zgarishlar ro’y beradi: u ham bo’yiga, ham eniga qarab o’sib, plasentaga qon olib keladigan yirik va mayda qon tomirlari nihoyatda ko’payadi. Ayol chuqurroq nafas oladigan bo’lib qoladi, bu — qonning kislorod bilan ko’proq to’yinishini ta’minlaydi. Yurakning qisqarish xususiyati sezilarli darajada kuchayadi, natijada kislorod bilan to’yingan qon ayolning hayot uchun muhim a’zolariga, jumladan bachadoniga tezroq yetkazib beriladi. Buyraklar ham zo’r berib ishlab, ona organizmidagina emas, balki homilada ham paydo bo’lgan almashinuv mahsulotlarini ajratib chiqarib turadi. Ko’mikda eritrositlar hosil bo’lishi tezlashadi, ya’ni qon miqdori ko’payadi, qon tomirlari kengayib, gaz almashinuvi kuchayadi. Shu bois homilador organizmidagi a’zo va sistemalarning normal ishlab turishini ta’minlash hamda homila rivojlanadigan qulay sharoit vujudga keltirish uchun oziq moddalar va kislorod ko’p bo’lishi kerak. Homiladorning ahvoli va o’zini qanday tutishi ko’p jihatdan Homiladorlikning normal kechishi, homilaning keyin qanday rivojlanib borishi va bo’lg’usi bolaning sog’lig’ini belgilab beradi. Homilador ayolning biror kasallik (gripp, sil, Revmatizm, angina, qandli diabet, kamqonlik, jigar, buyrak, yurak kasalliklari va boshqalar) bilan og’rishi, noto’g’ri ovqatlanish, kun tartibini buzishi, vrach buyurmagan dorilarni ichishi homila taraqqiyotiga yomon ta’sir qilishi mumkin. Homiladorlik chog’ida turli asoratlar bo’lmasligi uchun mumkin qadar barvaqt (hayz to’xtashi bilan) ayollar maslahatxonasiga borib, tekshiruvdan o’tish va kerakli maslahatlar, zarur bo’lsa, tegishli davo olish lozim. Homiladorlik davrida ayol o’z badani va kiyim-kechaklari tozaligiga alohida e’tibor berishi kerak. Homiladorlik normal o’tayotgan bo’lsa, ayol odatdagi turmush tarzini o’zgartirishi shart emas, u o’z yumushlarini dam olib, dam olib bajaraverishi mumkin. Faqat og’ir narsa ko’tarmaslik, qaltis, keskin harakatlar qilmaslik maqsadga muvofiq. Tiniqib uxlashning ahamiyati bor, ayol kamida 8 soat uxlashi, kechqurun yotishdan oldin ochiq havoda bir oz sayr qilishi va xonani shamollatishi tavsiya etiladi. Sog’lom homiladorlarning vrach tavsiyasiga ko’ra havo va quyosh vannalari qabul qilishiga ruxsat etiladi. Homiladorlik normal o’tayotgan bo’lsagina ayol daryo va anhorlarda cho’milishi mumkin. Homiladorlikning birinchi kunlaridan boshlaboq ochiq havoda imkoni boricha ko’proq bo’lishga harakat qilish lozim, chunki odam uy ichida o’tiraversa kislorodga yolchimay qolishi, natijada har xil asoratlar yuz berishi mumkin. Homiladorlikning eson-omon o’tishi va homilaning yaxshi rivojlanib borishi uchun asosiy shartlardan biri yaxshi ovqatlanishdir; ovqat to’yimli, xilma-xil, oqsillar va vitaminlar (ayniqsa S vitamini) ga boy bo’lishi kerak. Homiladorlikning oxirgi oylarida yog’liq va xamir ovqatlarni ko’p tanovul qilish yaramaydi, chunki bunday ovqat homilaning ancha kattalashib ketishi va tug’ishning qiyinlashib qolishiga sabab bo’lishi mumkin. Sog’liq o’zgargan ba’zi hollarda, masalan, badanga shish kelganida vrach odatda tuzsiz parhez buyuradi. Homilador ayol yengil badan tarbiya mashqlarini qilib turishi lozim. Homiladorlik davrlariga qarab maxsus gimnastika mashqlari kompleksi tavsiya etiladi (buni faqat vrach buyuradi). Muntazam badan tarbiya mashqlarini qilib turuvchi ayollarning tez va eson- omon ko’zi yoriydi.