Hoshimov Nasim
Hoshimov Nasim (1920.12.3, Samarqand — 2000.4.11, Toshkent) — ashulachi, opera xonandasi (lirik bariton), pedagog. O’zbekiston xalq artisti (1959). Moskva o’zbek opera studiyasi (1941) va Toshkent konservatoriyasi (1961)ni tugatgan. Milliy ijro uslublarini o’zlashtirishda Hojiabdulaziz, To’ychi hofizlar ta’sir ko’rsatgan. Samarqand teatrida xormeyster va artist (1941-44), 1944 yildan Navoiy teatrining yakkaxoni, 1959 yildan Toshkent konservatoriyasida pedagog, professor (1979), 1972-77 yillar xonandalik kafedrasi mudiri. O’zbek operalarida bo’ron (S.Vasilenko, M.Ashrafiy, «Bo’ron»), Ibrohim (T.Sodiqov, R.Glier, «Gulsara»), Nu’mon (M.Ashrafiy, «Dilorom»), chet el klassik operalarida Eskamilo (J.Bize, «Karmen»), Onegin, Eleskiy (P.Chaykovskiy, «Yevgeniy Onegin», «Qarg’a motkasi»), Figaro (J.Rossini, «Sevilya sartaroshi») kabi bosh rollarni ijro etgan. Kontsert repertuaridan, asosan, Hamza qo’shiqlari hamda boshqa o’zbek bastakor va kompozitorlarining asarlari (M.Levievning «Qahramon qizlar», T.Sodiqovning «Jonon ko’rinur», M.Burhonovning «Tabassum qilmading hech») o’rin olgan.