Hujayra devori

Hujayra devori, o’simliklar hujayrasi po’sti (tetgapa se11i1ae) — hujayra membranasi sirtidagi tuzilma; hujayrani mustahkam qilib turadi; unga shakl beradi; Protoplastni himoya qiladi. Ko’pchilik o’simliklarning Hujayra devori yog’ochlanib, tayanch funktsiyasini bajaradigan o’ziga xos o’simlik skeletini hosil qiladi. Yuqori molekulali uglevodlar — tsellyuloza molekulalari Hujayra devorining asosini tashkil etadi. Bu molekulalar murakkab boylam (fibrillalar) ga to’planib, Hujayra devori uchun sinch vazifasini bajaradi. Hujayra devori tarkibida gemisellyuloza, pyoktin bo’ladi. To’qimaning xiliga qarab, uning hujayrasi devori tarkibida boshqa organik (lignin, kutin, suberin, mum oqsil) va anorganik moddalar (kaltsiy tuzlari, qum) bo’lishi mumkin. Hujayra devorining barcha moddalari, odatda, protoplastda sintez qilinadi. Uglevodlarni, asosan, Golji apparati sintezlaydi. Hujayra devori birlamchi va ikkilamchi bo’ladi. Birlamchi Hujayra devori yupqa, gemisellyuloza va Pektinga boy bo’lib, meristema va o’sayotgan, ba’zan doimiy hujayralar uchun xos. Birlamchi Hujayra devori matriksida tsellyuloza fibrillari tartibsiz o’rnashgan. Birlamchi Hujayra devorining ayrim qismlari juda yupqa bo’lib, ularda naychalar joylashgan. Naychalar orqali plazmodesmalar (qo’shni hujayralar protoplastlarini tutashtirib turuvchi tsitoplazmatik ipchalar) o’tadi. Ikkilamchi Hujayra devori, odatda, hujayraning o’sishi davri oxirida hosil bo’ladi va qavat-qavat bo’lib protoplast tomondan birlamchi Hujayra devori ustida taxlanib turadi. Ikkilamchi Hujayra devorida tsellyuloza ko’p; uning fibrillalari kuchli va tartib bilan birmuncha parallel joylashadi. Har bir qavatda fibrillalarning turli yo’nalishda joylashganligi Hujayra devori mustahkamligini oshiradi. Ikkilamchi Hujayra devorida poralar deb ataladigan tutash bo’lmagan joylar bo’ladi. Bir hujayrali va ko’p hujayrali hayvonlar hujayralarida Hujayra devori bo’lmasligi mumkin. Hayvonlar Hujayra devori xilma-xil bo’lib, tashqi hujayra skeleti (bir hujayralilar pellikulasi, bo’g’imoyoqlilarning xitin kutikulasi), himoya (tuxumhujayraning ko’p qavatli po’sti, tsista qobig’i) vazifasini bajaradi. Hayvonlar Hujayra devori, asosan, uglevodlar va ularning oqsillar bilan birikmasidan, shuningdek, lipidlar va anorganik moddalardan iborat.