Huloku, Hulagu, Hulokuxon, Halokuxon
Huloku, Hulagu, Hulokuxon, Halokuxon (1217, Mo’g’uliston — 1265.8.2, Marog’a, Eron) — Hulokuiylar davlati va sulolasi asoschisi. Chingizxonning nabirasi, Tulixonning 4-o’g’li. Mo’g’ulistonda tug’ilgan. Yoshligidan harbiy yurishlarda qatnashgan. Huloku Ulug’ qurultoyning qarori bilan Amudaryodan kechib o’tib (1256), qisqa vaqt ichida hozirgi Afg’onistonning bir qismini, Eron, Iroq, Zakavkaze, kichik Osiyo yerlarini bosib olgan (1256— 58). 1256 yil o’zini mustaqil hukmdor deb e’lon qilgan; Huloku nomigagina ulug’qoonga bo’ysungan, undan Elxon unvonini olgan. Huloku shomoniylikka e’tiqod qilsada, boshqa dinlarni ta’qib etmagan. Ismoiliylar davlatini (1256) va Abbosiylar xalifaligini (1258) butunlay tor-mor qilgan. So’nggi xalifa — Musta’simni qatl etgan. 1260 yil mo’g’ul qo’shinlari Suriyaga bostirib kirgan, lekin Falastinda bo’lgan jangda Misr qo’shinlari (mamluklar) tarafidan yengilgan. 1262 yil Oltin O’rda bilan urush olib borgan.