Hunlar, hunnular

Hunlar, hunnular — qadimda Markaziy Osiyoda shakllangan ko’chmanchi xalq. Hunlar bundan 4 ming yil muqaddam mavjud bo’lgandilar tarkibiga kirgan. Xitoy manbalarida Hunlar turli davrlarda 32 xil nomda (Kvey, kuy, kuyfan, kuyrung, Xunyi, hu, Shyu-Nyun, syunnu va boshqalar) keltirilgan. Ba’zan ular beydi (shimoliy turk) deb ham atalgan. Olimlar o’rtasida Hunlar etnonimi kun (quyosh) so’zidan kelib chiqqan, degan fikr mavjud. Yaponiya olimlarining fikricha, «shyunnu» — «kun» so’zining xitoycha transkripsiyasi bo’lib, u Tangri farzandi, kunga (quyoshga) topingan odam, xalq kabi ma’nolarga ega bo’lgan. Ammo xitoylar shyunnu atamasini yozishda «dahshatli qul» ma’nosini anglatadigan 2 ieroglifni qo’llashgan. Xitoy manbalarida Hun xoqonligi ham Shyunnu deb nomlanadi. Hunlar Syalar (qadimgi xitoylar) ning shimoldagi g’arbiy qo’shnilari bo’lib, miloddan avvalgi 2-1-ming yillikda hozirgi Xesi yo’lagi, Ordos yaylovlarida yashaganlar. Miloddan avvalgi 3-asr oxirida Hunlar Modexoqon boshchiligida dunxu, yuechji, gyangun (qirg’iz), usunlarni tor-mor qilib Xitoyga bostirib kirganlar va imperator Lyu Banni o’lpon to’lashga majbur qilganlar. Miloddan avvalgi 1-asrda Hunlar orasida o’zaro nizolar kelib chiqqan, natijada tobe ettirilgan barcha qabilalar ulardan ajrab chiqqan va Xuxane Tangriqut Xitoyga nomiga vassal bo’lib qolgan (miloddan avvalgi 51 yil). Milodiy 1-asr boshida Xitoyning zaiflashuvi Hunlarga mustaqillikni qaytarib olish imkonini bergan, ammo 48 yil sakkizta hun urug’lari qaytadan Xitoyga tobe bo’lib qolgan; Janubiy Hunlar ulardan tarqalgan. Shimoliy Hunlar 87-93 yillarda xitoylar, Syanbilar va dinlinlar Ittifoqidan mag’lubiyatga uchraganlar, lekin 93 yildan keyin ham ularning bir qismi Mo’g’uliston cho’llarida ko’chmanchilik qilib yurishgan. Shimoliy Hunlarning boshqa qismi G’arbga chekinib, mahalliy xalqlar bilan chatishib Yevropada gunnlar nomini olgan yangi xalqqa asos solgan. Shimoliy Hunlarning yana bir qismi Yueban (Yaypan) nomi bilan Yettisuv va Tarbag’atayda o’troqlashgan. Ularning davlati 5-asr oxirida tele qabilalari tomonidan vayron etilgan. O’rta Osiyo Hunlarining qoldiqlari — Chuyue, chumi, chumugun va chubanlar 6-asrda G’arbiy turk xoqonligi turkiylariga tobe bo’lishgan. Chuyue va chumilarning tarmog’i — Shato qabilasining tarixiy taqdiri alohida kechgan. Milodiy 3-asr boshida saflarini o’z qabiladoshlari bilan to’ldirgan Janubiy Hunlar 304 yil qo’zg’olon ko’tarib Lyu-Xan imperiyasiga (304— 318) asos solganlar; bu davlat katta Chjao va kichik Chjaoga parchalanib ketgan. Kichik Chjao 329 yil Katta Chjaoni tobe etib, butun shimoliy Xitoyni o’ziga bo’ysundirgan, biroq yoshligida Hunlar xoqoni tomonidan o’g’il qilib olingan xitoylik Jan Min hokimiyatni egallab olib, Kichik Chjao saltanatidagi barcha Hunlarni qatliom etishga buyruq bergan. Faqat Ordos va Nanshan tog’yon bag’irlarida (hozirgi Gansu viloyati) yashayotgan Hunlar omon qolishgan. Ordoslik hun Xelyan bobo Sya podsholigiga asos solgan (401-431), nanshanlik qabila sardori men Sun — Bey Lyan xonligini tuzgan (397-439). Bu har ikki davlat Tabg’ach (toba) xalqi tomonidan tugatilgan. Hunlarning qoldiqlari Turfonga chekinib, u yerda 460 yilgacha, ya’ni jujanlar tomonidan tor-mor etilmagunlarigacha yashaganlar. Hunlar yevropeoid irqqa mansub bo’lib, tarixchilar orasida Hunlarning tili mo’g’ul tili guruhiga kiradi degan fikr ham mavjud. Xitoy manbalaridagi ma’lumotlar bunday fikrning noto’g’riligini ko’rsatadi. Hunlar teriga xat yozib kitob qilishgan. Hunlarning urf-odatlariga ko’ra, bir urug’ doirasida qiz olish va qiz berish qat’iyan man etilgan. Uzatilgan qiz kelin qilgan urug’ning a’zosi hisoblanishi bilan birga, u merosxo’rlik huquqiga ham ega bo’lgan. Shuning uchun mabodo kelin beva qolsa, u qaynota va qaynona urug’i doirasidan chiqib, boshqa uruqqa kelin bo’la olmagan. Meros bo’lib qolgan mulkni urug’ doirasida saqlab qolish maqsadida bunday bevalar marhum erning aka-ukalariga xotin bo’lishi odatga kirgan. Odatda ular o’zaro va o’zgalar bilan bo’lgan kelishuvlarni og’zaki bitim qilishgan va berilgan va’daga xiyonat qilishmagan. O’likni sarqofaga solib tepalikka dafn etishgan. Qasddan odam o’ldirganlarga o’lim jazosi berishgan, mayda o’g’irlik qilganlarni qo’lini kesishgan, katta o’g’irlik qilganlarni o’limga mahkum etishgan. Qamoq jazosi 10 kundan ortmagan. Hunlar tangrichilikka e’tiqod qilganlar, Tangrini Xudo deb bilganlar. Va’daga vafo qilishmaganlar Tangrining qahriga uchraydi deb bilishgan. Tangrining ne’mati sifatida quyosh va oyga sajda qilganlar. Hunlar qo’shiq aytish va o’yinga tushishni yaxshi ko’rishgan. Cholg’u asboblari ichida nay, surnay, qubus, pipa (gitaraga o’xshagan), chang kabilar bo’lgan. Rassomchilik va haykaltaroshlik san’ati ham Hunlarda yaxshi rivojlangan. Nefrit, oltin, temir va misdan hayvonlarning haykallarini hamda turli idish-tovoqlar yasash san’ati keng rivojlangan. Egar-jabduq yasash va ularga naqsh berish san’ati yuksak darajada bo’lgan. Po’latdan yasalgan qilich va xanjarlar Xitoyga eltib sotilgan. Hunlar hayotida chorvachilik bilan birga dehqonchilik, hunarmandchilik va savdogarlik muhim o’rin egallaydi. Hunarmandchilik sohasida temirchilik, misgarlik, zargarlik, ko’nchilik, kulolchilik, duradgorlik, to’qimachilik, ayniqsa, gilam to’qish umumiy ishlab chiqarishning muhim yo’nalishlari bo’lgan. Ishlab chiqarilgan mahsulotlar xorijiy mamlakatlarga, jumladan, Xitoyga ham olib ketilgan. Ad.: Gumilev L.N., Xunnu, M., 1960; Rudenko S.I., Kultura xunnov i noinu- linskie kurgann, M.-L., 1962. Abdulahad Xo’jayev.