Huqna, klizma

Huqna, klizma — to’g’ri ichakka yuborishdan maxsus asbob yordamida suyuqlik (ko’pincha suv) yuborishdan iborat tibbiy muolaja. Tozalovchi Huqna (ichakdagi narsalarni chiqarib tashlash uchun qo’llanadi), dori Huqna va oziq Huqna farq qiladi. Huqna faqat vrach ko’rsatmasiga muvofiq qilinadi, chunki ba’zi hollarda (appenditsit, ichak buralib qolishi va hokazolar) u og’ir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Huqna uchun maxsus noksimon rezina ballon (ba’zan maxsus qattiq uchlikli qisqichi yoki jo’mragi hamda uchligi bor rezina naychali voronka) qo’llanadi, shuningdek, Esmarx krujkasidan foydalaniladi, unga suyuqlik bir me’yorda borishi uchun jo’mrakcha, biriktirish naychasiga esa uchlik o’rnatilgan. Tozalovchi Huqna qabziyatda, oziq-ovqatdan zaharlanganda, me’da-ichak yo’lini va kichik chanoq a’zolarini rentgenologik tekshirishdan, operatsiyadan, tug’ishdan, dori va oziq Huqnadan oldin qo’llanadi. Ba’zi bir davo Huqnasi ayni vaqtda tozalovchi Huqna funktsiyasini ham o’taydi (masalan, moychechakli, gipertonik, yog’li va boshqalar). Huqnaning ta’siri suyuqlik miqdoriga, uning tezlik bilan bosim ostida yuborilishiga bog’liq. Katta yoshdagilar uchun o’rtacha 1 litrga yaqin toza iliq suv kerak bo’ladi. Suv yuborib qilinadigan tozalovchi Huqna qabziyatda ichak shil-liq pardasini ta’sirlab, ichakning to’lqinsimon harakati (peristaltikasi)ni kuchaytiradi, natijada bemorning ichi keladi. Agar bemorning qimirlashi mumkin bo’lmasa uni chalqancha yotqizib Huqna qilinadi, bemorning ostiga tuvak qo’yiladi. Qorip muskullari haddan tashqari tarang bo’lsa, Huqna qilinayotganda bemor tizza va tirsaklariga tayanib turishi kerak. Huqna qilishdan oldin uchlikka vazelin yoki gliserin surtiladi. bemorni kleyonka solingan o’rin chetiga chap yonboshi bilan yotqiziladi. Chap qo’lning birinchi va ikkinchi barmoqlari yordamida dumba kerilib, o’ng qo’l yordamida uchlik aylanma harakat bilan to’g’ri ichakka 10— 12 santimetr kirgiziladi. Huqnadan so’ng mumkin qadar 5-10 minut hojatga chiqmay turgan ma’qul. Yog’li Huqna uchun o’simlik moyini 200 ml (bolalarga 30 — 50 ml) hajmida kechqurun yuboriladi. Bunda noksimon rezina ballon ishlatiladi. Dori Huqna dori moddalarining ichak shilliq pardasiga ta’sir etishi va dorining organizmga ichak orqali so’rilishi maqsadida qo’llanadi. Dori moddalari 10 ml va undan oz miqdorda yuborilganda yaxshi so’riladi. Dori Huqna qilishdan oldin albatta tozalovchi Huqna o’tkazish kerak. Oziq Huqna — sun’iy ovqatlantirishning bir turi. U organizmning suyuqlikka, osh tuziga va oz miqdorda bo’lsa-da, oziq moddalarga bo’lgan ehtiyojini qondirish maqsadida qo’llanadi. Oziq Huqna uchun osh tuzining fiziologik (izotonik) eritmasi, 5% li glyukoza eritmasi va aminokislotalar eritmalaridan foydalaniladi. Bunday Huqna tozalovchi Huqnadan keyin qilinadi. Oziq Huqna faqat vrach ko’rsatmasiga binoan davolash muassasalarida qo’llanadi.