Huquq manbalari

Huquq manbalari — huquqiy normalarning ifoda etilish shakllari. Huquqning birlamchi manbai xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalari va qoidalari hisoblanadi. Bularga BMT Ustavi, inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi (1948) va boshqalar kiradi. Normativ-huquqiy hujjatlar huquqning asosiy manbalari qatoriga kiradi. O’zbekiston Respublikasida normativ-huquqiy hujjatlarning quyidagi turlarini ko’rsatish mumkin: O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi; O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonunlari; O’zbekiston Respublikasining qonunlari; O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qarorlari; O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari; O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari; vazirliklar, davlat qo’mitalari va idoralarning huquqiy hujjatlari; mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari. Huquqning eng qadimgi manbalaridan biri huquqiy odatdir. Huquqiy odat uzoq davr mobaynida amalda bo’lishi natijasida shakllangan, jamiyatda ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishda muhim ahamiyatga ega bo’lgan va davlat tomonidan umummajburiy qoida sifatida tan olingan xulq-atvor qoidasi. Huquqiy presedent ham huquq manbai hisoblanadi. Huquqiy presedent sud yoki ma’muriy organning yozma yoxud og’zaki qarori bo’lib, bu qaror kelgusida barcha shunga o’xshash ishlarni qo’rib chiqish va hal qilish uchun asos bo’ladigan namuna normadir. Huquqiy presedentning sud va ma’muriy pretsedent shakllari mavjud. Sud Presedenti AQSh, Avstraliya, Buyuk Britaniya, Kanada va yangi Zelandiya kabi umumiy huquq amalda bo’lgan davlatlarda huquqning manbai sifatida keng qo’llanadi. Normativ shartnomalar ham huquq manbai hisoblanadi. Ikki yoki undan ortiq mustaqil huquq sub’yektlari o’rtasida tuziladigan hamda ularning huquq va majburiyatlarini o’rnatadigan, o’zgartiradigan yoki bekor qiladigan bitimlarga normativ shartnomalar deyiladi. Normativ shartnomalar ayniqsa xalqaro huquqda katta ahamiyatga ega. Normativ shartnomalar qatoriga kiruvchi xalqaro shartnomalar sub’yektlariga ko’ra — ikki tomonlama va ko’p tomonlama, xususiyatiga ko’ra — norma o’rnatuvchi va ta’sis etuvchi shartnomalarga bo’linadi. Huquqning tarixiy rivojlanish davrida huquqiy aqida va g’oyalar huquqning manbai hisoblangan. Musulmon huquqipl Qur’on, sunna, ijmo va qiyos huquqning asosiy manbaini tashkil etadi. Olim Husanboyev.