Huquqiy munosabatlar
Huquqiy munosabatlar -huquq normalari bilan tartibga solinadigan ijtimoiy munosabatlar. Bunday munosabatlar ishtirokchilari tegishli yuridik huquq va majburiyatlarga ega bo’ladilar. Masalan, ishga kirish bilan bog’liq huquqiy munosabatda ishga qabul qilingan xodimda muayyan mehnat faoliyatini amalga oshirish majburiyati, korxona ma’muriyatida esa tegishli ish haqi to’lash majburiyati paydo bo’ladi. Ayni paytda, ikkala tomon ham qonunda belgilangan qator huquqlardan foydalanadi. Huquqiy munosabatlar yuzaga kelishi uchun moddiy asoslar (tomonlarning xohish-istagi, manfaati) va yuridik asoslar (shu ijtimoiy munosabatni tartibga soladigan tegishli huquq normasinnng mavjudligi, tomonlarning huquq va muomala layoqatiga ega bo’lishligi, yuridik faktning mavjudligi) bo’lishi lozim. Huquqiy munosabatlarning mazmunini tashkil etuvchi, ularning vujudga kelishi uchun zarur bo’lgan tarkibiy qismlari bor. Bular Huquqiy munosabatlarning sub’yekti, ob’yekti, sub’yektiv huquq va yuridik majburiyatlardir. Sub’yektiv huquq huquqdor shaxsning huquq normalari doirasida hamda konkret yuridik faktlar asosida vujudga keluvchi xatti-harakati, fe’l-atvorining me’yoridir. Sub’yektiv huquq huquqiy munosabat ishtirokchilarining tegishli huquq normasiga asosan unda ko’zda tutilgan harakatni sodir qilishga haqli ekanliklarini yoki ma’lum harakatlarni amalga oshirilishini talab qilish vakolatiga ega ekanliklarini bildiradi. Yuridik majburiyat — huquqiy munosabat ishtirokchilarning tegishli huquqiy normaga asosan o’zlarining burchi (majburiyati) bo’lgan harakatni amalga oshirishlari yoki muayyan harakatni sodir etishdan o’zlarini tiyishlaridir. Yuridik majburiyatni bajarmaslik yuridik javobgarlikka olib keladi. Sub’yektiv huquq va yuridik majburiyat o’zaro bog’liqdir. Huquq majburiyatsiz mavjud bo’lmaydi. Aytaylik, ish vaqtidan tashqari ishlaganlik tufayli oshirilgan haq to’lash — ma’muriyat uchun majburiyat, xodim uchun — huquqdir. Huquqiy munosabatlar huquq tarmoqlariga ko’ra konstitutsiyaviy, ma’muriy, fuqarolik-huquqiy, jinoiy-huquqiy, mehnat, oilaviy va boshqa turlarga bo’linadi. O’zining vazifasi, mazmuniga ko’ra, umumiy tartibga soluvchi (regulyativ) va qo’riqlovchi (negativ) Huquqiy munosabatlarga ajratiladi. Huquqiy munosabatlar umumiy va konkret, mutlaq va nisbiy turlarga ham bo’linadi. Umumiy Huquqiy munosabatlar deganda, avvalo, fuqarolarning asosiy huquq, erkinlik va majburiyatlarini mustahkamlovchi konstitusiyaviy normalar asosida vujudga keluvchi munosabatlar tushuniladi. Fuqarolar qonunda nazarda tutilgan vakolatlarga ega bo’lgach, barcha Huquq sub’yektlari bilan huquqiy aloqadorlikka hisoblanadilar. Mazkur huquq va erkinliklar amalga oshirilsa konkret Huquqiy munosabatlar vujudga keladi. Mutlaq Huquqiy munosabatlarda bir taraf aniq ma’lum bo’ladi — bu sub’yektiv huquq egasidir. Qolgan barcha sub’yektlar majburiyat o’tovchi maqomida bo’ladilar. Bunday Huquqiy munosabatlarga misol tarzida mulkchilik munosabatlarini ko’rsatish mumkin. Nisbiy Huquqiy munosabatlarda barcha ishtirokchilar aniq belgilanadi, ya’ni huquq egasi ham, majburiyat o’tovchi tomon ham (masalan, sotuvchi va xaridor, buyurtmachi va pudratchi, korxona rahbari va xodim) ma’lum bo’ladi. Mahmud Najimov.