Iblis nima?

Islom asotiriyasining nasroniylik shaytoniga o’xshash bo’lgan personaji Iblis deb ataladi. Biroq xuddi shuningdek shayton deb ham yuritiladigan Iblis, Allohning qarg’ishiga uchragan qanchalik ojiz maxluqi bo’lsa, kishilarning shunchalik kuchli dushmani sanaladi. Asotiriy rivoyatlarga qaraganda, Iblis Alloh tomonidan ko’klardan quvib yuborilgan va endilikda insonlar orasida yashashga mahkumdir. U uylarning vayronalarida, qabristonlarda yoki kimsasiz joylarda kun kechiradi. Albatta, Iblis kulti juda qadim-qadim zamonlarga, ya’ni kishilar bir talay yovuz va ezgu xudolar mavjudligiga e’tiqod qilgan pallalarga borib taqaladi. Bunday tasavvurlarning aks-sadolari Iblisga taom qurbonlik qilish, shuningdek uning sharafiga shodiyona uyushtirish — musiqa sadolari ostida raqsga tushish odatlarida saqlanib qolgan. Ummondagi kimsasiz orolda qoyaga kishanlangan va jinlar qo’riqlab turgan Dajjol degan maxluqot Iblisga yordam beradi. Rivoyatlarga ko’ra, Dajjol qachondir zanjirlarini uzadi va butun jahonni zabt etadi. Bu tasavvurda biz zanjirband Prometey haqidagi asotir bilan aynan o’xshashlikni kuzatishimiz mumkin. Bu narsa ancha keyinroq paydo bo’lgan asotiriya tizimlari har doim mavjud va allaqachon kishilar ko’nikib qolgan syujetlar va timsollardan foydalanib kelganligini ko’rsatadi. Mana shuning uchun ham turli zamonlarga oid bir talay syujetlar birgina Iblis timsoli bilan o’zaro birlashtiriladi.