IBROHIM RAHIM

IBROHIM RAHIM (taxallusi; to’liq ism-sharifi Rahimov Ibrohim Abdurahimovich) (1916.15.10, Farg’ona viloyati Quva tumani — 2001.22.11, Toshkent) — O’zbekiston xalq yozuvchisi (1976), O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1966). 2-jahon urushi qatnashchisi. Respublika radiosida siyosiy eshittirishlar bo’limi bosh muharriri (1946-47), «qizil O’zbekiston» gazetasida bo’lim mudiri (1950), muharrir (1950-61), O’zbekiston jurnalistlar uyushmasi boshqaruvi raisi (1957-63). «O’zbekfilm» kinostudiyasi direktori (1962 -66), O’zbekiston Davlat Kinematofafiya qo’mitasi raisining birinchi o’rinbosari (1963-64). «Guliston» (1966-69), «Mushtum» (1971 — 84) jurnallarida bosh muharrir. Ilk dostoni — «Bahodir» (1939) chegarachilar hayotidan yozilgan. «Sen tug’ilgan kun» (1967), «Mangulik qo’shig’i» (1970) qissalarida, «Fidoyilar» (1972), «General Ravshanov» (1985) romanlarida 2-jahon urushi qahramonlarining hayotini, o’zbek xalqining urush yillaridagi mehnat jasoratini aks ettirgan. «Ixlos» (1958), «Taqdir» (1964), «Tinimsiz shahar» (1968), «oqibat» (1992) kabi romanlari yangi yerlarni o’zlashtirish, yoshlar o’rtasidagi do’stlik va muhabbat, Toshkent zilzilasida o’zbek xalqining sabrmatonati hamda qahramonliklariga bag’ishlagan. Ibrohim Rahimning mustaqillik yillarida yozgan qissa, hikoya va ocherklari «Qurboningman» (1996), «hayotni asrang, odamlar» (1997) kitoblariga jamlangan. «Jonim fido» va «chaqmoq» dramalari (1974), «zangori olov kishilari» (1961), «Qalbingda quyosh» (1963), «Farhodning jasorati» (1969), «Ahmad Farg’oniy» (2000) kinossenariylari muallifi. Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1983). «Do’stlik» (1996), «el-yurt hurmati» (1998) ordenlari bilan mukofotlangan.