IBROHIMOV NE’MAT

IBROHIMOV NE’MAT (1925, Toshkent) — yog’och o’ymakori, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1969). Otasi usta Ibrohimjon Zokirovdan hunar o’rgangan. Ibrohimov ijodida an’anaviy naqsh san’ati (islimiy naqshlar) ni keng qo’llab, uni yangi ohanglar bilan boyitgan, mahobatli o’ymakorlik san’atini rivojlantirdi. Juftlama eshiklar, devoriy namoyonlar va boshqalar yaratgan, ularning bezak mujassamotida yirik yo’llar hosil qiluvchi ohanglar qatorida mayda nafis naqsh tasvirlarini ham qo’llagan, 2-3 qavatli tabaqa pardoz usulidan keng foydalangan. 1950 yildan Ibrohimov yaratgan ishlari (kitob javoni, stol va boshqa buyumlar) bilan ko’rgazmalarda qatnashadi. 1966 yil Toshkent zilzilasidan keyin shaharni qayta qurish ishlarida faol ishtirok etdi. Vazirlar Mahkamasi binosi kinolektsiya zaliga 10 ta namoyon (1967), «Rossiya» mehmonxonasi uchun namoyon, Navoiy nomidagi adabiyot muzeyi uchun ikki eshik (1968; Hamza mukofoti, 1968) hamda namoyonlar (1974, 1978), hozirgi O’zbekiston xalqlari tarixi muzeyi binosining ichki bezaklari (1970), «O’zbekistan» mehmonxonasi uchun eshiklar (1980), o’quvchilar va bolalar saroyi uchun eshik va panjara (1982), «Shirin» qahvaxonasi uchun eshik (1984) va boshqalar yaratdi. Ishlaridan namunalar Respublika muzeylarida saqlanadi.