IBTIDOIY G’O’ZALAR

IBTIDOIY G’O’ZALAR, g’o’zaning primitiv shakllari, g’o’zaning qadimgi yovvoyi shakllari — ko’saklari va chigitlari mayda ko’p yillik monopodial buta; madaniylashtirilgan g’o’zaning birinchi evolyutsion shakli. Ular asosan qisqa kunda o’sib rivojlanadi, qurg’oqchilikka chidamli, chigitining nihoyatda sekin va bir tekisda unib chiqmasligi bilan farq qiladi. Tolasi siyrak va qisqa, yashil- qo’ng’ir, qo’ng’ir yoki qoramtir-kulrang bo’lib, ko’pincha chigitga qattiq yopishib turadi. Uzunligi 15— 20 millimetr. Ibtidoiy g’o’zalar tabiiy sharoitda mustaqil o’sadi va ko’payadi. Ba’zan ular manzarali o’simlik sifatida ham o’stiriladi. Ibtidoiy g’o’zalar endemik bo’lib, birlamchi tog’qoyalarida, Toshloq yoki qumloq yerlarning o’zlashtirilmagan zonalarida kserofit butalar bilan birga o’sadi. Ularning tarqalish areali cheklangan. Ibtidoiy g’o’zalar g’o’zaning madaniy shakllari tarqalgan boshqa tropik mamlakatlar va hududlarda uchramaydi. Har bir madaniylashtirilgan g’o’zaning o’z ibtidoiy shakllari mavjud. Masalan, Meksika g’o’zasida — ssp. mexicanum Tod. tipining 2 ta kenja turi — var. nervosum Watt., var. microcarpum Tod. bor; Peru g’o’zasining ssp. darwini Watt, tipi, Afrika-Osiyo g’o’zasining ssp. africanum Watt., Hindixitoy g’o’zasining ssp. obtusifolium Roxb. tiplari mavjud. Ibtidoiy g’o’zalar ayrimlari qimmatli belgi va xususiyatlarga ega bo’lib, ulardan amaliy selektsiyada foydalanish mumkin. Masalan, var. nervosum kenja turi serhosil, viltga chidamli Toshkent guruhi navlarini yaratishda asos bo’lib xizmat qildi. Ibtidoiy g’o’zalar — ruderal g’uzalariint avlodboshisi hisoblanadi. Abdumavlon Abdullayev.