Ilk feodalizm davrida Samarqand. Ijtimoiy va siyosiy vaziyat.

Kushan davlatini zaiflashuvi va halokatga uchrashining asosiy sababi uning ichki ijtimoiy-siyosiy ahvolidadir. X asrda tarixchisi Muhammad Jarir at-Tabariy dehqonlar (katta siyosiy qudratga ega bo’lgan qadimgi avlodga mansub oqsuyak dehqonlar) ning ijtimoiy-siyosiy tabiatini xarakterlab, bir rivoyat keltiradi. Uning yozishicha, go’yo juda qadim zamonda afsonaviy shoh Manuchehr mamlakat qishloqlarini dehqonlarga biriktirib qo’ygan va barchaga ularning qishloq mehnatkashlari amri-farmonlarini bajo keltirish vazifasi yuklangan emish. Shohning nomi afsonaviy bo’lishiga qaramay, rivoyat tarixiy haqiqatga mosdir.

Zodagon dehqonarning jamoa yerlarini egallash va sobiq erkin jamoa dehqonlari ustidan – hokimiyat o’rnatish uchun olib borgan kurashi butun bir davrni o’z ichiga oladi. Yangi sharoitda, sug’oriladigan dehqonchilik, hunarmandchilikning yuksak darajada rivojlanishi, yerni sun’iy o’g’itlash keng joriy qilingan, paxtachilik madaniyati, qishloq xo’jalik mahsulotlari va hunarmandchilik buyumlariga jahon bozoridagi talabning o’sishi, shaharlarning savdo-hunarmandchilik va madaniy markazlar sifatida ravnaq topishi va eng muhimi – dehqonlar iqtisodiy va siyosiy ahvolining yaxshilanishi ularni qullar ham, korandalar ham endi qanoatlantirmaydi. Dehqonlar kam unumli qul mehnatidan (qul mehnati ayniqsa uy xo’jaligida yo’qolmagan bo’lsa ham) voz kechib, qishloq jamoalarini o’zlariga bo’ysundirishga erishadilar.

Qishloq jamoasining a’zolari, quldor dehqonlar va qullardan iborat bo’lgan jamiyat antagonistic sinflarga asoslangan boshqa jamiyatga o’z o’rnini bo’shatib berishi lozim edi. Bu jamiyatda yangi dehqonlar qishloqlar, jamoa va dehqonning shaxsiy qaramog’idagi kadivorlarni egallab olgan edi. Oliy hokimiyat avvalgi qudratidan mahrum bo’ladi. Dehqonlar bilan eski tartib tarafdorlari o’rtasidagi to’qnashuvlar kuchayadi, dehqonlar bilan ularni asoratga soluvchi jamoa dehqonchiligi o’rtasidagi kurash tobora qizg’in tus oladi. Ana shunday murakkab vaziyatda quldorlik tuzumining negizlari zaiflashib qoladi va yangi feudal tuzumning shakllanishi uchun shart-sharoit vujudga keladi.

Antik jamiyatning yangi feudal tuzumi bilan bunday ulkan o’rin almashinishi qariyb ikki asr davom etdi va erksevar jamoa dehqonlari bilan yer egasi bilan oqsuyak dehqonlar o’rtasida katta kurash ketdi. Bu qadimiy termin eski dehqonlar tarix maydonidan tushgan, rivoj topgan feodalizm davridagina dehqonlarning barcha tabaqalari uchun umumiy bo’lib qoladi.

Voqealarga boy bo’lgan bu davr tarixiy ma’lumotlarda deyarli aks ettirilmagan. Arxeologik materiallarda milodiy IV-V asrlar tushkunlik davri, eski shaharlar deyarli bo’shab qolgan, xalqaro savdo, hunarmandchilik susaygan, qaynoq hayot qishloq joylariga o’tgan, sug’oriladigan yerlar kamayib ketgan davr sifatida ifodalanadi.

Keyingi tarixiy axborotlarda aslzoda dehqonlar bilan ular tomonidan asoratga solingan jamoat a’zolari – qadimvorlar o’rtasida sinfiy janglarning aftidan so’nggi ikki epizodi to’g’risidagi ma’lumotlar saqlangan. Ana shu qurolli qo’zg’olonlardan birinchisi VI asrda Eronda Mazdak boshchiligida ko’tarildi. Qo’zg’olonchilar dehqonlarni mag’lub etib, ularning yerlarini tortib oldilar, g’alla omborlarini egallab uylariga o’t qo’ydilar, o’ldirdilar yoki ularning Erondan chiqib ketishga majbur qildilar. Hukmdorlar kibr-havoli aslzoda dehqonlar bilan munosabatni yaxshi yo’lga qo’ymagan bo’lmasa ham, lekin harakatning bundan keying rivojlanishidan cho’chib, qo’zg’olon rahbarlarini xiyonatkorlik bilan o’ldirib, so’ngra esa qo’zg’olonni kuch bilan bostirdi.

VI asrning ikkinchi yarmida Buxoroda Abro’ yo’lboshchiligida ana shunday harakat boshlandi. Bu yerda ham dehqonlarni talab, ularni o’ldirdilar va mol-mulkini tortib oldilar. Dehqonlarning bir qismi Yettisuvga – turklar mamlakatiga qochib qutuldi. Qochoq dehqonlar Buxoroda qo’ldan boy berib qo’yilgan hokimiyatni qaytarib olish uchun yordam so’rab turk xoqoniga murojaat qildilar. U bu voqealardan foydalanib, Movarounnahrni bosib oldi va Abro’ni o’ldirdi. Dehqonlar yana hokimiyat tepasiga chiqdilar.

Bularning hammasi dehqonlarning feudal yer egaligi uzil-kesil qaror topganligini va sobiq qishloq jamoa a’zolarining qaram kadivorlarga aylanganligi bildirar edi.

Afrosiyobda shahar hayoti milodning taxminan V va VI asri boshlarida qayta tiklanadi. Bu davrda ham bir voha martabasi baland dehqonlardan iborat o’z shohlari bilan mustaqil siyosiy hayot kechirar edi. Shohliklar turlicha nomlarda yuritilardi. Buxoro vohasida – buxor xudotlar va vardan xudotlar, Miyonqal’ada – dabushohlar, Samarqandda – ixshidlar, Usrushonda – afshinlar, Shoh (Toshkentda) esa xudonlar deb atalardi.

Shoh atrofiga qishloqlar, asoratga solingan dehqonlar – kadivorlar, qullar va chaqirlar (shaxsiy qurolli drujinalar)ga ega bo’lgan badavlar dehqonlar to’plangan edi.

Sosoniylar Eronning tajovuziga qarshi kurashda Samarqnad ixshidlar va boshqa shohliklar VI-VIII asrlarda eftalitlar va G’arbiy turk xoqonligi bilan siyosiy, harbiy savdo-iqtisodiy aloqalar o’rnatdi. Ular shohliklarning ichki ishlariga aralashmay, o’zlarining ustunliklarining e’tirof qilinishiga erishib, har yili sovg’alar olib turishgan. Shohlar Eron chegarasida lashkari bo’lgan Turk xoqonligi qarorgohi borib turar edilar. Ular O’rta Osiyoda yashab kelayotgan turk qabilalarining turli sulolalariga mansub kishilar bo’lgan.

Shohliklar orasida Samarqand ixshidlari eng qudratli bo’lib, ularning ustunligi boshqalari ham tan olar edi. So’g’d savdogarlari va hunarmandlari azaldan, ehtimol. Kushan podsholigi davridan buyon Toshkent-Isfijob (Sayram yaqinida), Chu daryosi vodiysidagi Taraz (Jambul yaqinida) va Sharqiy Turkiston shaharlari orqali o’tadigan yo’llar orqali Xitoy bilan savdo-sotiq ishlarini yaxshi yo’lga qo’yishgan. Bu yo’llardagi shaharlarda asosan ko’chib borgan so’g’dlar joylashgan. O’tmishda bu shaharlar “So’g’d koloniyalari” deb atalar edi.

Mol ortgan so’g’d karvonlari Xitoy, Mongoliya, Hindiston, Eron, Suriya, Misr va Vizantiya imperiya shaharlariga borar edi. So’g’d savdogari Maniyax VI asrda turk xoqonligi bilan Vizantiya imperiyasi o’rtasidagi xalqaro ipak savdosining asosiy tashabbuskori bo’lgan.

So’g’d ixshidlarining markazi Samarqandda joylashgan edi. VI-VII asrlarda shohlar shaharni g’oyat mustahkamlaganlar, uning ichki qismida hashamatli saroylar, ibodatxonalar va boshqa binolar qurdirganlar. Afrosiyobda topilgan va devorlarida ko’plab rasmlari bo’lgan mustasham binolarning qoldiqlari, shubhasiz ixshidlar tomonidan shahar ichida barpo etilgan saroylardan birining varyonlaridir.

Samarqandlik ixshidlarning ham buxor xudotlar va boshqa hokimlar singari shahar tashqarisida o’z turar-joylari – rezidentsiyalari bor edi. Bunday joylar ba’zan shahardan ancha uzoqda joylashgan bo’lardi. A.Yu.Yakubovskiy rahbarligida Samarqanddan 60-70 km janubi-sharqda joylashgan Panjikentda o’tkazilgan qazishmalar vaqtida ibodatxonalar, boylar va katta amaldorlarning uy-joylari qoldiqlaridan iborat shahar kvartallari topildi. Panjikent qoldiqlariga ko’ra, Samarqand ixshidlarining shahar tashqarisidagi rezidentsiyasi xuddi shu yerda bo’lgan. Chunki shahar tog’lardan Zarafshon daryosi bo’ylab Samarqandga boriladigan strategik jihatdan eng qulay yerda joylashganligi va uning iqtisodiy jihatdan Samarqandga bog’liqligi tufayli Revdoddagi kabi bu yer ham rezidentsiya bo’lgan bo’lishi mumkin.

Fikr bildirish