Ilk o’rta asrlarda Samarqandning suv bilan ta’minlanishi

Avvalgi davrlardagidek, ilk o’rta asrda ham Samarqandni suv bilan ta’minlash milodning boshlarida Zarafshondan chiqarilgan Darg’om irrigatsiya sistemasiga asoslangan edi. Darg’om sug’orish sistemasi Samarqand vohasining chap qirg’ogídagina emas, balki butun Zarafshon vodiysidagi eng yirik irrigatsiya inshootlaridan biri edi. U daryodan suv bog’lab oluvchi bosh to’g’on va ko’pgina darg’otlar bilan ta’minlangan edi.

Darg’omning bosh to’g’oni Samarqanddan janubi-sharqda Zarafshonning chap qirg’og’iga joylashgan edi. X-XII asr manbalarida bu joy Varqsar, ya’ni “To’g’onboshi” nomi bilan tilga olinadi. “Qandiya” asari muallifining tasvirlashiga ko’ra, Varqsardan Darg’omga bog’lab olingan suv to’rt shoxobchaga: Chokardiza, Muzaxim yoki Mazdahim, Iskandarg’om yoki Eskidarg’om hamda birga qo’shilgan Sangin va Sangrason kanallariga bo’lingan.

“Qandiya” asarida keltirilgan ma’lumotlarga ko’ra, Chokardiza kanalining uzunliigi 17 240 gaz bo’lib, unda 59 ta to’g’on qurilgan va u 1067 ta yer uchastkasini sug’organ. Ikkinchi Muzaxim yoki Mazdaxim kanali 45 ta ariqqa taralgan bo’lib, 2900 yoki 2750 ta yer uchastkasini sug’organ. Sangin va Sangrason kanallarini, aftidan, kichik ariqlardan iborat bo’lsa kerak, chunki ular atigi 275 ta yer uchastkasini suv bilan ta’minlagan. Tarmoqlar ichida eng yirigi Ikskandarg’om kanali bo’lib, bu kanaldan 10 900 ta yer uchastasi sug’orilgan. Nasafiyning so’zlariga qaraganda, Samarqand yaqinida har bir shoxobcha o’z navbatida yana ikkita tarmoqchaga bo’lingan. Shunday qilib, o’sha davrda Samarqandni va uning tevarak-atrofni sug’organ irrigatsiya sistemasi 8 ta kanaldan iborat bo’lib, bularda 680 ta to’g’on qurilgan; bu kanallar orqali jami 14 800 yer uchastkasini sug’orilgan. “Qandiya” tarixiy asarida tasvirlarngan Samarqandning qadimiy irrigatsiya kanallari shaharda mavjud hozirgi sug’orish tarmoqlariga mos keladimi va ularni qaysi kanallarga qiyoshlash mumkin? V.L.Vyatkin va V.V.Bartold o’z vaqtida shu savollarga javob berishga urinib ko’rgan. V.L.Vyatkinning fikricha, Chokardiza kanali hozirgi Shaharariq kanaliga to’g’ri keladi. Bu kanal Darg’omdan chiqarilgan Mazaxim yoki Maxdaxim kanali “23 chaqirimga cho’zilgan bo’lib, bundan taxminan 12 chaqirimi ‘”Devori qiyomat” nomi bilan mashhur bo’lgan Samarqandning tashqi devoir ichkarisidan o’tgan”. Bu kanaldan suv ichgan Mazdaxim mahallasi hozirgi shaharning g’arbiy qismida joylashgan. XIX asrning oxirgi va XX asrning boshlarida Mazdaxim kanali Navbaxchiyon nomi bilan mashhur bo’lgan. Hozirgi vaqtda esa bu kanal Jorariq deb ataladi va Samarqandning g’arbiy qismini sug’oradi.

Fikr bildirish