INTERPOL
INTERPOL (interpol) — xalqaro jinoiy politsiya tashkilotining barcha tillar uchun qisqartirilgan umumiy nomi. 1923-yil Vena shahar (Avstriya)da asos solingan. Hozirgi nomi manzilni qisqa qilib ifodalash tarzida 1-marta 1947-yil paydo bo’lgan. 1949-yil BMT unga rasmiy ravishda xalqaro hukumatga qarashli bo’lmagan tashkilot maqomini berdi. «Interpol»ning amaldagi ustavi 1956-yil 13-iyunda kuchga kirdi. «Interpol» jinoyatchilarni ro’yxatga olish xalqaro markazi sifatida ish ko’radi, shuningdek, jinoyatchilarni (jinoyatlarda gumon qilinuvchilarni; bedarak yo’qolganlarni; o’g’irlangan boyliklarni) xalqaro miqyosda qidirish ishlarini muvofiqlashtiradi. 190 davlat (2014-yil), shu jumladan, O’zbekiston Respublikasi 1994-yildan «Interpol»ning a‘zosidir. «Interpol»ning oliy organlari – bosh assambleya, uning sessiyalari har-yili chaqirib turiladi; ijrochi qo’mita, unga «Interpol» prezidenti boshchilik qiladi; bosh kotibiyat, unga bosh kotib rahbarlik qiladi. «Interpol» 1946- yildan «Xalqaro jinoiy politsiya umumlashtiruvchi ma‘lumoti» jurnalni nashr etadi. «Interpol»ning doimiy qarorgohi Fransiya qilib belgilangan.