Iqlimshunoslik

Iqlimshunoslik — iqlim haqidagi fan. Iqlimshunoslik Yer sharida yoki uning ayrim qismlarida iqlimlarning paydo bo`lish sabablari, iqlim tiplari va ularning tarqalishi, iqlimlarning xalq xo`jaligidagi ahamiyatini o`rganadi. Iqlimshunoslikning geologik va tarixiy davrlardagi iqlimiy sharoitini o`rganuvchi tarmog`i paleoiqlimshunoslik deyiladi. Iqlimshunoslikning amaliy bo`limlari agroiqlimshunoslik, bioiqlimshunoslik, tibbiyot iqlimshunosligi va industrial iqlimshunoslikdir. Kichik joylar iqlimining ichki tafovutlarini mikroiqlimshunoslik o`rganadi. Masalan, so`nggi yillarda shahar mikroiqlimshunosligi jadal rivojlanmoqda. Iqlimshunoslik xulosalari meteorologik ma’lumotlarni o`rganish va tahlil qilishga asoslanadi.