Ishonuvchanlik

Ishonuvchanlik (psixologiyada) — ishontirishta beriluvchanlik. Beriluvchanlik darajasi ishontiruvchining ta’siriga berilishga va bo’ysunishga ichki tayyorgarligi bilan belgilanadi. Ishonuvchanlik individning sharoitga va shaxsiy omillarga qay darajada bog’liq ekanini ko’rsatib turadi. Shaxsning yuqori Ishonuvchanlik xususiyatlariga o’z-o’ziga ishonmaslik, o’zining norasoligini his qilish, itoatkorlik, jur’atsizlik, tortinchoklik, xavotirlanish, ta’sirlanuvchanlik, mantiqiy tafakkurning sustligi, psixik faoliyat jarayonining sekinligi kiradi. Sub’yektning psixofizik holati, muhokama qilinayotgan masalada yoki bajarilayotgan faoliyat turida xabardorlik, kompetentlilik darajasining pastligi, qaror qabul qilish uchun vaqtning kamligi shaxsda Ishonuvchanlikning oshishiga ta’sir ko’rsatadi. Har bir odam ma’lum sharoitlarda kandaydir darajada ishonuvchan bo’lishi mumkin. Ishonuvchanlikning ikki turi aniqlangan. Birinchisi, o’z-o’zini ishontirishga, gipnozga nisbatan sezgirlik, ikkinchisi esa bo’ysunish munosabatlari, sub’yektning o’ziga beradigan bahosining pastligi bilan bog’liq. Ishonuvchanlik shaxs psixikasining normal xususiyati, ammo haddan ziyod Ishonuvchanlik xulq-atvorni izdan chikarishi mumkin va u salbiy sifat deb baholanadi.