Iskandar

Iskandar — Bo’stonliq tumanidagi shaharcha (1937 yildan). Chirchiq daryosi bo’yida, 667 metr balandlikda. Iskandar hududidan Chirchiq GESining kanali oqib o’tadi. Toshkentdan 48 kilometr. Yaqin temir yo’l stantsiyasi Barraj — 4 kilometr. Shaharcha yaqinidan elektrlashtirilgan Toshkent — Xo’jakent temir yo’l o’tgan. Aholisi 19 ming kishi (2001). Yer maydoni 204 gektar. Iskandarning etimologiyasi haqida ilmiy asosga ega bo’lmagan rivoyatlar mavjud. Iskandarda «Iskander — FUDS» o’zbek — Amerika qo’shma korxonasi, «Tovoqsoykabel» korxonasi, Tovoqsoy GES, Toshkent viloyat pillachilik ishlab chiqarish birlashmasi, 2 fermer xo’jaligi bor. 3 maktabda 2,4 ming o’quvchi ta’lim oladi. Klub, 5 kutubxona, 3 vrachlik punkti, 2 shifokorlik ambulatoriyasi mavjud.