Isroil
Rasmiy nomi — Isroil davlati. Poytaxti — Tel-Aviv. Hududi – 20,8 ming km2. Aholisi – 7,1 mln kishidan ortiq (2012-yil). Tili — ivrit, shuningdek, arablar yashaydigan yerlarda arab tili. Dini — iudaizm (82%), islom (14%), xristian (2%). Pul birligi — shekel. Geografik joylashuvi va tabiati. Isroil davlati Janubi-g‘arbiy Osiyoda joylashgan. Sharqda Iordaniya, shimolda Livan, shimoli sharqda Suriya, janubi g‘arbda Misr, sharqda va janubi g‘arbda Falastin bilan chegaradosh. Bu davlatni bir necha qismga shartli ravishda ajratish mumkin. Galiley yassitog‘ligi, Meron tog‘i (1208 m), Esdraelon vodiysi, Samariy va Yahudiy tepaliklari (yassitog`), Negev cho‘li va qirg‘oq tekisliklari. Mamlakatning asosiy daryosi — Iordan. Foydali qazilmalaridan mis, fosfor, oltingugurt, marganes, kam miqdordagi neft va gaz zaxirasi ham bor. Ekin ekiladigan yer mamlakat maydonining 17%, yaylov maydoni esa 40% ni tashkil etadi. Davlat tuzilishi va siyosiy partiyalari. Davlat tuzilishi — parlamentar respublika. Mamlakat 6 ta okrugdan iborat: Markaziy Xayfa, Quddus, Shimoliy, Janubiy, Tel-Aviv. Ijroiya hokimiyat prezident (davlat boshlig‘i) va premyer-ministr rahbarligidagi hukumatga qarashlidir. Qonun chiqaruvchi oliy organ — Knesset (bir palatali). Asosiy siyosiy partiyalari — Likud, Avoda (mehnat). Iqtisodi, transport kommunikatsiyalari. Iqtisodni boshqarishda davlat asosiy rol o‘ynaydi. Tabiiy resurslarining chegaralanganligiga qaramasdan, keyingi o‘n yilliklarda Isroilda qishloq xo‘jaligi va sanoat jadal sur’atlar bilan rivojlanmoqda. Sanoat tarmoqlaridan olmoslarni qirralash, to‘qimachilik, oziq-ovqat, kimyo, harbiy va transport jihozlarini ishlab chiqarish, yuqori texnologiyali elektronika kabilar mavjud. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish yalpi ichki mahsulotning 3% ini tashkil etadi. Sitrus mevalar, sabzavotlar, paxta, chorva mahsulotlari yetishtiriladi. Eksportning asosiy qismini olmos tashkil etadi. Shuningdek, qishloq xo‘jalik mahsulotlari, yuqori texnologiyali jihozlar eksport qilinadi.
Temiryo‘llarining umumiy uzunligi 600 km. Avtomobil yo‘llari — 4750 km. Asosiy portlari — Eylat, Xayfa. Asosiy savdo hamkorlari: AQSH, YI mamlakatlari, Yaponiya. Tarixi. 1948-yil 18-mayda yahudiylar tomonidan hozirgi Isroil davlati tashkil etildi. Ushbu davlat jahonning ko‘pgina davlatlari tomonidan darhol tan olindi, lekin bu davlatning tashkil topishi qo‘shni davlatlarda norozilikni keltirib chiqardi. Oqibatda 1947-1948-yillardagi birinchi arab-isroil ziddiyati yuzaga keldi. Urushda Isroil yangi hududlarni qo‘lga kiritib, g‘olib chiqdi. 1956-yilda Suvaysh kanalining davlat tasarrufiga o‘tkazilishi va Misrning arab davlatlari bilan shartnoma tuzishi natijasida Isroil Misrga qarshi urush boshladi va bu urush Isroil qo‘shinlarining Sinay yarimorolidan chiqib ketishi bilan yakunlandi. 1967-yilning iyunida Isroil Misr, Suriya va Iordaniyaga qarshi urush boshlab, Sinay yarimoroli, G‘azo sektori, Iordan daryosining g‘arbiy qirg‘og‘idagi yerlar, Quddusning arablar yashaydigan qismi, Jo‘lan tepaliklarini qo‘lga kiritdi. 1973-yil oktabrda Misr va Suriya Isroilga qarshi harbiy harakatlar olib bordi. Isroil Sinay yarimorolidan ajraldi. 1979-yil martda Kemp-Devid bitimi (1978-yil sentabr, AQSH) asosida Misr va Isroil o‘rtasida tinchlik shartnomasi tuzildi. 1982-yilning iyunida Isroil Livanga bostirib kirdi va Bayrutni bombardimon qildi. 1982-yil Rabin boshchiligidagi leyboristlar hukumat tepasiga kelgach tinchlikni yo‘lga qo‘yish jarayoni boshlandi. 1993-yilda Isroil hukumati va Falastin Ozodlik tashkiloti o‘rtasida Falastin avtonomiyasini nazarda tutgan tinchlik shartnomasi imzolandi.