Iudaizm, yahudiylik
Iudaizm, yahudiylik-asosan, yahudiylar o’rtasida tarqalgan eng qadimgi dinlardan biri. Miloddan avvalgi 1-mingyillik boshlarida Quddus (Falastin)da vujudga kelgan. Arabiston yarimorolining shimolida ko’chib yurgan yahudiy qabilalari miloddan avvalgi XIII asrda Falastinni bosib oldilar va miloddan avvalgi X asrda Isroil-Yahudiya davlatini tuzdilar. Iudaizm ana shu qabilalarning diniy urf-odatlari va Falastin xalqlarining ayrim e’tiqodlarini o’zida mujassamlashtirgan. Iudaizm nomi Yahudo (Iuda) qabilasining nomidan olingan. Dastlab Iudaizm ko’pxudolik (politeistik) dini bo’lgan. Miloddan avvalgi X-VI asrlarda Iudaizm yakkaxudolik (monoteistik) dinga aylangan. Olamni yaratuvchi xudo. Yaxvega e’tiqod qilish, Yaxve va yahudiylar o’rtasida ahd (shartnoma)ga shakl keltirmaslik, yahudiylar xudoning mumtoz bandalari ekaniga, Muso (Moisey)ning payg’ambarligiga va unga ilohiy kitob-Tavrot yuborilganiga, narigi dunyoga, mahdiy (messiya)ning kelishiga, oxirat kuni barchaning tirilishiga, jannat va do’zaxga, gunohkorlarning jazolanishi va savob ish qilganlarning rag’batlantirilishiga ishonish Iudaizmning asosiy aqidalaridir. Iudaizm dinida xilma-xil ibodatlar, duolar, urf-odatlar, ro’za-tutish, xatna qilish, oziq-ovqat sohasidagi taqiqlar, shanba kuni hech qanday ish bilan shug’ullanmaslik, diniy soliqlar va yig’imlar kabi talablar juda qatiy qilib qo’yilgan.