Izzat Sulton (1910-2001)
Yirik adabiyotshunos, iste’dodli dramaturg Izzat Sulton 1910 yil 21 noyabrda O‘sh shahrida hunarmand oilasida tug‘ildi. Otasi vafotidan keyin bolalar uyida tarbiyalandi. 1924 yilda u Toshkentga o‘qishga keladi. Avval «Namuna» ish maktabi, so‘ngra ta’lim-tarbiya texnikumida o‘qiydi. Texnikumni tamomlagach, maktablarda o‘qituvchilik qiladi.
Izzat Sulton 1930 yilda O‘rta Osiyo Davlat universitetining ijtimoiy fanlar fakultetida o‘qiydi. Samarqand shahrida chiqadigan «Batrak» gazetasi muharririyatida mas’ul kotib bo‘lib ishlaydi. 1934 yili Til va adabiyot instituti aspiran-turasiga kirib, uni 1937 yilda tamomlaydi. 1943—1948 yillarda davlat rahbarlik lavozimlarida xizmat qiladi. 1948 yildan buyon O‘zbekiston Fanlar akademiyasi A. S. Pushkin nomli Til va adabiyot instituti (hozirgi Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti)da ishlagan.
Izzat Sulton 1932 yildan boshlab vaqtli matbuotda adabiyotshunoslikka oid maqolalarini e’lon qilib kelgan. U «Adabiyot nazariyasi» (1939, 1979) darsligini yaratgan. Tadqiqotchining ulug‘ o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy merosini o‘rganishga bag‘ishlangan qator asarlari alohida ahamiyatga ega. U keng qamrovli olim, adabiyotshunos sifatida xalq og‘zaki ijodi, mumtoz adabiyot, zamonaviy adabiy jarayon, qardosh va jahon adabiyoti, adabiyot nazariyasiga oid o‘nlab yetuk asarlarning muallifidir.
Izzat Sulton badiiy adabiyot sohasida ham barakali ijod qilgan. Ilk dramatik asari «Burgutning parvozi» (1939) zamondoshlarini Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash jihatidan muhimdir. Uyg‘un bilan hamkorlikda yozgan «Alisher Navoiy» (1940) asari o‘zbek dramaturgiyasining yutuqlaridan biri bo‘ldi. «Noma’lum kishi» (1963), «Imon» (1960) dramalarida axloq normalari, zamonamiz kishilarining fazilatlari ulug‘langan. Yozuvchining yangi dunyo bilan xurofot olami o‘rtasidagi kurashni, yangilikning bu kurashda qudratli kuch ekanini ko‘rsatgan asari «Fidoyi»dir (1966). «Ko‘rmayin bosdim tikanni», «Ibn Sinoning bolaligi», «Abdulla Qodiriyning «O‘tgan kunlari» asarlari uning ijodida muhim o‘rinni egalladi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi (1995), O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi (1964), O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi (1981) Beruniy nomidagi Davlat mukofotining laureati (1970), «Shuhrat» medali sohibi (1992) Izzat Sulton 2001 yil 29 iyul kuni Toshkent shahrida vafot etgan.