Jahon bozori

Jahon bozori — xalqaro mehnat taqsimotida ishtirok etish bilan o’zaro bog’langan mamlakatlar o’rtasidagi barqaror tovar-pul munosabatlari tizimi. Xalqaro savdo munosabatlari qadimda ham mavjud bo’lgan, mamlakatlar o’rtasida iqtisodiy va siyosiy aloqalar milliy davlatlarning paydo bo’lishi b-n yuzaga kelgan, ammo ko’pgina mamlakatlar, so’ngra jahondagi barcha mamlakatlar savdosini qamraydigan Jahon bozori (uning negizida jahon xo’jaligi) faqat yirik mashinalashgan industriyaga o’tish bilan shakllana boshladi va 20-asr boshiga kelib qaror topdi. Yirik mashinalashgan ishlab chiqarishga o’tish milliy bozor chegaralarini kengaytirdi, tashqi savdo u yoki bu mamlakatning ichki taraqqiyotini to’ldiradigan omildan mamlakat xo’jaligi taraqqiyotining zaruriy shartiga aylandi. Ixtisoslashuv bir mamlakatda muayyan tovarni arzon va sifatli ishlab chiqarish imkonini bersa, tovarlarni ishlab chiqarishda resurslardan samarali foydalanishni ta’minlasa, shu tovarlar ko’plab yaratiladi va Jahon bozoriiga yetkazib beriladi. Biror mamlakatda resurslarni sarflash qulay bo’lmagan yoki ishlab chiqarish imkoni bulmagan tovarlar Jahon bozoridan sotib olinadi. Jahon bozorida alohida narxlar — jahon narxlari amal qiladi; ayirboshlash ulgurji shaklda va xalqaro birjalar vositasida olib boriladi. Jahon bozori tovar, mehnat, kapital va valyuta bozorlari majmuidan tashkil topadi. Jahon bozorida barcha mamlakatlar tashqi savdosining majmuini ifoda etadigan xalqaro savdo amalga oshiriladi. Bu tarkiban jahon miqyosidagi eksport va importdan iborat, ularning qiymat bo’yicha nisbati savdo balansi deb yuritiladi. Jahon bozori xalqaro birjalar, savdo uylari, banklar, sug’urta kompaniyalaridan iborat bulgan o’z infratuzilmasiga ega. Jahon bozori to’lovlar va hisob-kitoblar xalqaro pul vazifasini o’tovchi barqaror, erkin almashtiriladigan valyutalar, Masalan, AQSh dollari, Yaponiya ienasi va Yevroda olib boriladi. Jahon bozori ixtisoslashgan xalqaro birjalardan iborat yirik segmentlariga ega. Masalan, Chikago don birjasi, Liverpul paxta birjasi va London rangli metallar birjasi va boshqalar. Jahon bozorida savdo-sotiq xalqaro birja bitimlari, ikki tomonlama yoki ko’p tomonlama birjadan tashqari bitimlar yo’nalishlarida boradi. Jahon bozoridagi savdo-sotiqni maxsus tashkilot — Jahon savdo tashqishyuti boshqarib boradi, davlatlararo savdo tartibi va qoidalarini belgilab beradi, unga a’zo bo’lganlar o’zlari uchun qulay savdo qilish huquqini oladilar. Jahon bozorida investitsiya harakati ham yuz beradi, bu chet elda yangi korxonalarni qurish, eski korxonalarni sotib olish yoki o’ziga birlashtirish shakllariga ega. Bu ishni asosan transmilliy xalqaro korporasiyalar olib boradi. 2000 yil jahondagi bevosita xorij investitsiyalari 865 milliard AQSh dollariga teng bo’ldi. Ular amalga oshirgan oldi-sotdi operatsiyalari 1999 yilda 14 trillion dollarni tashkil etdi. Jahon bozorining ulkan salohiyati milliy bozorlarga juda katta ta’sir o’tkazadi, bu ta’sir mamlakatlarning manfaatlari nuqtai nazaridan ijobiy yoki salbiy bo’lishi mumkin. Jahon bozori sig’imi jami mamlakatlar bozor talabining import hisobiga qondiriladigan qismlari yig’indisiga teng. Jahon bozorida sanoati rivojlangan mamla- katlar ishtiroki ustunlik qiladi va ular tayyor mahsulot bilan (jahon tovar eksportining 70% dan ko’prog’i) qatnashadilar, rivojlanayotgan mamlakatlar asosan xom ashyo va ishchi kuchi eksporti bilan ishtirok etadilar. Jahon bozorida ishtirok etadigan jami mamlakatlarning eksporti 6,48 trillion dollarni, importi 6,41 trillion dollarni tashkil qildi (1996; 1980 yilda tegishlicha 2,44 va 2,42 trillion dollar). O’zbekiston Jahon bozorida xom ashyo, energiya, rangli metall va boshqa eksporti bilan qatnashadi, aksariyat texnologiya, kimyo mahsulotlari, oziq-ovqat tovarlarini import qiladi. Ahmadjon O’lmasov.