Jahonoro Begim
Jahonoro Begim (1614 – Dehli — 1681) — boburiylardan bo’lgan malika, shoira. Shoh jahonning katta qizi. Onasi — Mumtoz Mahalbegim. Onasi vafot etganda Jahonoro Begim 17 yoshda bo’lib, onasining vasiyatiga ko’ra shoh oilasini boshqarish uning zimmasiga tushgan. Husn-latofatda, aql-idrokda va ilmu odobda benazir bo’lgan. Jahonoro Begim oilada aka- ukalar o’rtasidagi kelishmovchiliklar, hatto otasi bilan ukasi Avrangzeb oralarida kelib chiqadigan mojarolarni ustalik bilan bartaraf qilgan. Jahonoro Begim saltanat ishlarini boshqarish, ichki va tashqi siyosat hamda diplomatiya masalalarida otasiga o’zining oqilona maslahatlari bilan yordamlashgan. Me’morlik, obodonlashtirish ishlariga rahnamolik qilgan. Agrada qurilgan jome masjidining tarhini Jahonoro Begim chizgan. Shuningdek, Dehli, Surat, Ambola, Behal va Panipat shaharlarida karvonsaroylar qurdirgan. Loxurda katta bog’, Kashmirda «Pari mahal» (parilar saroyi) bunyod ettirgan. Shaxdxonobodda Alimardonxon arig’ini qazdirib, naqshinkor hovuz qurdirgan. Jahonoro Begim g’azallar, ilm-fan bobida esa «Risolayi Sohibiya» («Do’stlik haqida risola») nomli asar yozgan. 1658 yil Avrangzeb taxt uchun kurashda g’olib chiqib, xasta otasini hibsga olgan. Aka-ukalarning, ota-bolaning va do’stlarning orasiga tushgan nizo hamda ularning fojiali qismati Jahonoro Begimni qattiq iztirobga solgan. Dilxasta Malika dunyo ishlaridan qo’l yuvib, mahbuslikda kun kechirayotgan xasta otasiga xizmat qilish bilan o’ziga taskin bergan. Dehlidagi Zarzari baxsh qabristoniga dafn etilgan. Turg’un Fayziyev.