Jalilovlar

Jalilovlar — o’zbek san’atkorlar oilasi. Jalilov To’xtasin (1895, Andijon — 1966.10.5, Toshkent) — ardoqli sozanda (g’ijjakchi) va bastakor, o’zbek musiqali drama janri asoschilaridan. O’zbekiston xalq artisti (1937). Usta Ofoq Oxun va Muhammad Usmon tanburchidan ta’lim olgan. 1918-20 yillarda tashviqot brigadasida xonanda va sozanda. Milliy musiqa to’garagi (1923-26), Andijon musiqali drama teatri (1929— 34), Toshkentdagi O’zbek davlat musiqali teatri (1934-36), O’zbek davlat filarmoniyasining ashula va raqs ansambli (1937-40), Muqimiy teatrida badiiy rahbar (1940-52), musiqa rahbari (1952-66). 1927-29 yillarda F. Zafariyning «Halima», K. Yashinning «Urtoqlar», S. Abdullaning «Oyxon», 1935 yilda K. Yashin va M. Muhamedovning «Gulsara» pyesalariga, o’zbek san’ati dekadasi (Moskva, 1937)da ko’rsatilgan «sayil» va «kolxoz to’yi» tomoshalariga o’zbek musiqa merosi namunalarini moslashtirgan va mustaqil musiqa nomerlari yaratgan. «Tohir va Zuhra» (S. Abdulla librettosi, 1940), «Nurxon» (K. Yashin, 1942) kabi asarlari musiqali drama janrining yuksak namunalariga aylangan. A. S. Pushkinning «Ruslan va Lyudmila» dostonidagi «bag’ishlov» matniga Jalilovlar yaratgan romans bastakorlik ijodiyotidagi kamyob asardir. 2-jahon urushi yillarida T. Sodiqov, M. Burhonov va boshqa kompozitorlar hamda bastakor N. Hasanov bilan birgalikda » O’zbekiston qilichi» (1942,29 aprel) kontsert-spektakliga musiqa yaratgan. Urushdan keyingi yillarda «Muqimiy» (S. Abdulla, 1949), «Ravshan va Zulxumor» (K. Yashin, 1957) musiqali dramalarini G. Mushel, «Alpomish»ni (S. Abdulla, 1949) B. Nadejdin, «G’unchalar»ni (3. Fatxullin, 1945) B. Brovsin, so’nggi musiqali dramasi — «Farg’ona hikoyasi»ni (H. G’ulom, 1962) B. Zeydman bilan hamkorlikda yaratgan. B. Brovsin bilan «Tohir va Zuhra» musiqali dramasi asosida yaratilgan shu nomdagi opera (1949, 2-tahriri 1955) va operabalet ham muallifi. Jalilovlar jami 40 dan ortiq musiqaviy sahna asarlari yaratishda qatnashgan. «Oyxon», «Tohir va Zuxra», «Alpomish» musiqali dramalari qator respublikalarda va chet ellarda sahnalashtirilgan. O’zbek mumtoz shoirlaridan Navoiy, Furqat («Bahor ayyomida»), Muqimiy («Gulistonim mening») va boshqa g’azallariga bastalagan ashulalari, «signal» (xalq so’zi), «dovruq» (K. Ahmadiy she’ri), «Aziz Vatanim» (Habibiy), «Kokiling» (S. Zunnunova), «Yalla» va «uynasin» (uyg’un) kabi qo’shiqlari ommaviylashib ketgan. S. Abdulla she’riga bastalagan «To’ylar muborak!»qo’shig’i nikoh to’ylarining albat asariga aylangan. 1925-27 yillarda O’zbek kontsert-etnografik ansamblining Qozon, Moskva, Leningrad, Boku shaharlari bo’ylab va chet el (Parij, Berlin)da bergan kontsertlarida faol qatnashgan. Xalq raqslari jahon festivali (London, 1935)da ishtirok etib, Oltin medalga sazovor bo’lgan. Eronga gastrolga borgan kontsert brigadasining o’zbek gruppasiga rahbarlik qilgan (1942). Shogirdlari: S. Kalonov, K. Jabborov, F. Toshmatov, M. Mirzayev, D. Zokirov va boshqalar. Katta qizi E’tibor Jalilova — O’zbekiston xalq artisti, o’g’illari dehqon Jalilov — O’zbekistonda xizmat kursatgan san’at arbobi, ommaviylashgan — «aylagach» (Navoiy) kabi ashulalar muallifi Xolxo’ja (1919-71) va mohir sozanda Salohiddin To’xtasinovlar — O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artistlar, kichik qizi Xolida Jalilova — xonanda-pedagog. O’zbek davlat filarmoniyasining o’zbek xalq cholg’u asboblari orkestriga To’xtasin Jalilov nomi berilgan (1967). E’tibor Jalilova Oftobxon rolida («Oftobxon»). As: muzikali dramalardan parchalar, T., 1958; tanlangan asarlar, T., 1968; Qo’shiqlar guldastasi, T., 1989. Ad.: Akbarov I., To’xtasin Jalilov, T., 1978.