Jangovar tartib

Jangovar tartib – qo’shinlarning jang qilish uchun joylanish tartibi. Bo’linma, qism va qo’shilmalar jangovar topshirini bajarish uchun taktik hamda texnik imkoniyatlar va qurollanish darajasiga qarab joylashtiriladi. Muayyan rayon (doira)da jangovar topshiriqni birgalikda ado etadigan qo’shinlar kuch va vositalari, qoidaga binoan, birgalikda harakat qiluvchi barcha bo’linma, qism, qo’shilmalarni o’z ichiga oladigan yagona Jangovar tartibga uyushadi. Jangovar harakatning har bir turi o’ziga mos Jangovar tartib qo’llashni talab etadi. Qo’shinlarning Jangovar tartibi bo’lajak jang talablarini kuch va vositalarning holati hamda jangovar imkoniyatlarini, dushman qo’shinlarining joylanishi va harakatini, joyning shart- sharoitlarini hisobga olgan holda tuziladi. Armiya maxsus harbiy tashkilot sifatida tarkib topmagan ibtidoiy jamoa tuzumida qabilalar orasidagi to’qnashuvlarda odamlar to’da-to’da bo’lib, mehnat va ov quroli bo’lgan tosh, so’yil va boshqalar bilan jang qilardilar. Ibtidoiy jamoa tuzumining yemirilishi va sinfiy jamiyat paydo bo’lishi bilan urug’ning qurollangan hamma a’zolari qatorida urug’zodagon (aslzoda)larining drujinalari ham vujudga kelib, keyinchalik ular doimiy armiyaning negizi bo’lib qoldi. Kurash qurollari ham birmuncha takomillashib, nayza, qilich, kamon va boshqalar paydo bo’ldi. Bu qurollardan samarali foydalanish uchun jangchilarni safga tizish zarurati tug’ildi. Shu yo’sinda qo’shinlarni jangovar safga tizishning dastlabki shakllari paydo bo’ldi. Keyin tig’li va o’t otuvchi, 20-asrning 40-50-yillaridan boshlab esa yadro qurollari yuzaga kela boshladi. Qadimgi Sharq quldorlik davlatlari (Qadimgi Misr, Ossuriya, Eron, Qadimgi Xitoy, Hindiston va boshqalar)ning qo’shini piyoda askarlar, otliqdar hamda jang aravalari, tuya va fil mingan jangchi qismlarga bo’lingan. Ular nayza, oybolta, qilich, kamon va boshqalar bilan qurollangan. Bu urush vositalarining dushmanga ta’sir etish darajasi jangchilarning jismoniy jihatdan baquvvatligiga va ularning miqporiga bog’liq bo’lgan. Qo’shinlarni safga tizish ham shunga qarab belgilangan. Masalan, Misrning og’ir qurollangan piyoda askarlari dastlab ko’p qatorli zich ustun tarzida saflantirilgan. Keyinchalik qurollarning takomillashuvi va jangovar tajribalarning ortishi, jang aravalarining paydo bo’lishi bilan ularning harakat tezligidan samarali foydalanish ko’zda tutilgan; jang aravalari birinchi qatorga joylashtirilgan. Yunoniston, Qadimgi Rim va Karfagenning harbiy san’ati Jangovar tartibning yanada takomillashgan shakllarini yaratdi. Yunonistonning quldorlik davlatlari Afina va Spartada (miloddan avvalgi 6-4- asrlar) qo’shinning asosiy turi og’ir qurolli piyoda askarlar hisoblangan. Ular nayza va qilich bilan qurollangan hamda himoya sifatida sovut, dubulg’a kiyib, qalqon tutishgan. Miloddan avvalgi 6-asrdan boshlab yunon qo’shinlari falangalar (piyoda askarlarning jips saf tortib turgan bir necha qatori) va qanotlardan tashkil etilgan. Oldinda va o’ng-so’l qanotlarda yengil qurollangan piyoda va otliq askarlar joylashtirilgan. Pekin falangalar epchil harakat qilish imkoniga ega bo’lmagani sababli faqat tekis joylardagina jang qilolgan. Shunday bo’lsada, u dushmanga dastlabki kuchli zarba berish qudratiga ega bo’lgan. Falangalarning bu imkoniyatidan yunon lashkarboshilari mohirona foydalangan. Masalan, Levktra yonida bo’lgan jangda (miloddan avvalgi 371 yil) Epaminond yangicha Jangovar tartib qo’lladi. U chap qanotga saralangan jangchilardan 50 qator joylashtirgan va bu bilan dushmanning kuchli o’ng qanotiga og’ir zarba berish uchun qo’shinlarni front bo’ylab notekis taqsimlash taktik usuli maydonga keldi. Keyinchalik bu usul Iskandar Zulqarnayn armiyasida yanada takomillashdi (miloddan avvalgi 4-asr). Iskander Zulqarnayn qo’shinlari Jangovar tartibi asosini og’ir va o’rta qurolli piyoda falangalar tashkil etgan. Qanotlarga esa otliq askarlar joylashtirilgan, ular falangalarning to’g’ridan berajak zarbalari bilan birgalikda dushmanga asosiy zarba bergan. O’rta piyoda askarlar yorib kirish ehtimoli bo’lgan dushmanga qarshi orqaroqqa — ikkinchi chiziqqa joylashtirilgan. Zaxira qism saqlash g’oyasi shu tariqa kelib chiqqan. Bunday Jangovar tartib miloddan avvalgi 331 yilda Gavgamela yonidagi jangda bo’lgan. O’rta Osiyoda qo’shinlar Jangovar tartibining eng yaxshi shakllari Amir Temur armiyasida mavjud edi. Temur sharoitga qarab Jangovar tartib belgilagan. Dushman kuchlarining xususiyati va vaziyatiga qarab Jangovar tartibga tuzilishning maxsus 12 qoidasi qo’llangan hamda bu qoidalarni har bir askar yaxshi bilishi talab qilingan. Amir Temur dushman kuchi qancha bo’lsa, unga shuncha kuch tashlagan. Masalan, o’n ikki ming otliq askardan iborat qo’shin to’qqiz bo’lukka, bu bo’luklarning har biri yana bo’luklarga bo’linib, saf tortishgan. G’o’l (markaz) — bir bo’luk, barang’ar (o’ng qanot) — bir bo’luk, juvang’ar (so’l qanot) — uch bo’luk, hirovul (qo’shinning ilg’or qismi) — bir bo’luk, qorovul (ilg’or soqchilar) — bir bo’luk. Har bir qanotning bir bo’lugi — hirovul, ikkinchi bo’lugi chopovul, uchinchi bo’lugi shoqovul (ehtiyot to’da). Qo’shinning soni ko’payishi bilan bu Jangovar tartib ham shu asosda murakkablasha borgan. Jangovar tartib shakllarining rivojlanishiga G’arbiy Yevropa va Rossiyaga porox va o’tochar qurollarning tarqalishi (14-asr) katta ta’sir ko’rsatdi. 15-16-asrlarda Rossiyada bo’lgan urushlarda Jangovar tartib, asosan, 3 qator 1-avangard polk, 2-katta polk (piyoda askarlar) 3-zaxira polkdan iborat bo’lgan. Piyoda askarlar 4-5 qatordan, ikki chiziq bo’lib saflanishardi. Keyinchalik 18-asrdagi rus sarkardalari — P. A. Rumyantsev, A. V. Suvorovlar rus jangchilarining jangovar fazilatlarini o’rganib, chiziqli Jangovar tartibni birmuncha takomillashtirdilar. 18-asr oxirlaridagi inqilobiy urushlar Jangovar tartib shakllarining taraqqiy etishida yangi bosqich bo’ldi. Shimoliy Amerikadagi mustaqillik uchun olib borilgan urush davrida (1775-83) olomon tarzidagi inqilobiy qo’shinlar uchun jangchidan katta malaka talab qiladigan chiziqli Jangovar tartib mos kelmay qoldi va yoyilib jangovar safda turish tartibi vujudga keldi. Bu yoyilgan saf Buyuk Fransuz inqilobi (1789-94) va Napoleon urushlari (19-asr boshlari) davrida ustun tarzida uyg’unlashtirilib, birmuncha taraqqiy topdi. Birinchi va ikkinchi jahon urushlarida jahonning hamma armiyalarida Jangovar tartib shakllarining o’zgarishi yangicha Jangovar texnikaartilleriya, tank, Avtomat qurollar va boshqa qirg’in qurollarning qo’llanishi va ularning bundan keyingi taraqqiyoti zaminida ro’y berdi. 1941-45 yillar urushi davrida sobiq Ittifoq armiyasining Jangovar tartibi yanada rivojlandi. 1942 yil kuzida qo’shilma, qism va bo’linmalarda kuch va vositalarni haddan tashqari eshelonlashtirish bekor qilindi. Rota, batalon, polk va diviziyalarning Jangovar tartibi 1-eshelonli qilib tuzildi, o’qchi vzvod va bo’linmalar esa zanjirsimon yoyildi. Bu — birinchi eshelonda piyoda askarlar o’t ochish vositalarining ko’p bo’lishiga va talafotlarning kamayishiga imkon berdi. 1943 yil nemis-fashist armiyasining mudofaaga o’tib, transheyali chuqur mudofaa doirasidan foydalanish qo’shilma va qismlar Jangovar tartibining yanada takomillashtirish zaruratini tug’dirdi. Urushdan keyingi davrda yadro qurollarining paydo bo’lishi, raketa, tovushdan tez uchadigan samolyot va hokazo qurollarning paydo bo’lishi, zirhli mashina, tanklar miqdorining ortishi, qurol-yarog’larning jangovar xususiyati o’sganligi, aloqa vositalari, muhandislik texnikasi va boshqalarning rivojlanganligi qo’shinlarning Jangovar tartibiga yangicha zamonaviy tus berdi. Quruqlikdagi qo’shinlardan farqli o’laroq aviatsiya Jangovar tartibi 3 o’lchamda bo’ladi: oraliq (distantsiya), o’rtadagi masofa (interval), balandlik. Mana shu o’lchamlarga qarab, har xil turdagi aviasiya qism va bo’linmalarining Jangovar tartibi zich, yoyiq xamda tarqoq bo’lishi mumkin. Zich Jangovar tartibda — ekipajlar (bo’linmalar) jangovar uchishni aniq masofa va oraliqda aviatsiya xavfsizligini saqlagan holda; yoyiq Jangovar tartibda — uzun oraliq va o’rta masofada, ko’z bilan ko’ra oladigan uzoqlikda; tarqoq Jangovar tartibda esa ko’z bilan ilg’ab bo’lmas uzoqlikda bajaradi. Samolyotlar zvenosi (har zvenoda 3 ta samolyot bo’ladi) yoki jufti jangovar topshiriqni bajarish vaqtida, odatda, zich yoki yoyiq Jangovar tartibda harakat qiladi. Eskadrilyalar — yoyiq va tarqoq Jangovar tartib bilan devorsimon, ustunsimon, ilon izi, pona, doira, singari shakllarda harakat qiladigan samolyotlar zvenosi (jufti) sifatida jangovar topshiriqni ado etadi. Harbiy dengiz floti kemalarining Jangovar tartibi, avvalo, kemalarning va ulardagi qurol-yarog’ning rivojlanishi bilan bog’liq suratda o’zgarib kelmoqda. Eshkakli kemalar yoki ikki qator tizilgan, yoki yon tomonlari olg’a turtib chiqqan yarim doira shakldagi Jangovar tartiblardan foydalanishgan. Jangovar yelkanli kemalar 17-asrda o’zlari uchun Jangovar tartib sifatida kilvater («Qulfkalit») shaklini tanladilar. Bug’ bilan yuradigan kemalar vujudga kelishi, keyinroq suv osti kemalarining yaratilishi bilan (19-asr oxiri) flotning Jangovar tartibi ham o’zgardi. Bu sohadagi yanada katta o’zgarishlar aloqaning texnik vositalari, ayniqsa, radio aloqaning paydo bo’lishi, dengiz aviasiyasi va ularni olib yuradigan aviatashuvchilar maydonga kelishi bilan ro’y berdi. Hozirgi zamon sharoitida harbiy dengiz floti qo’shilmalari Zarbdor guruxlar tarkibida yoki alohida ilg’or kemalar guruhi sifatida hamda yolg’iz o’zi jangovar harakatlar qiladi. Ad.: Strokov A. A., Istoriya voennogo iskusstva, t. 1-3, M., 1955-1967; tak- tika, M» 1966.