Janubiy Amerika

Janubiy Amerika – G’arbiy yarim Sharqning Janub qismidagi materik, Amerika qit’asining Janubiy yarmi. Sharqdan Atlantika okeani, g’arbdan tinch okean o’rab turadi. 12°25′ sh. k. (Galinas burni) bilan 53°54′ j. k. (Frouerd burni) va 8G20′ G’. u. (Parinyas burni) bilan 34°46′ G’. u. (Kabu-Branku burni) oralig’ida. Shimolda Panama bo’yni orqali shimoliy Amerika bilan tutash, Janubda Dreyk bo’g’ozi orqali Antarktidadan ajralib turadi. Materikning eng uzun joyi 7150 kilometr, eng keng joyi 5100 kilometr. Janubiy Amerika tarkibiga Shamolsiz orollar, Trinidad oroli, Folklend, Olovli yer va Chili arxipelaglari, galapagos orollari kiradi. Maydoni (orollar bilan birga) 18,28 million km2. Tabiati. Janubiy Amerikaning qirg’oqlari kam parchalangan. Shimolda Venesuela qo’ltig’i, g’arbida Guayakil, Janubi-g’arbida Fordlar, Janubi-sharqida La-plata, San-Xorxe va boshqa qo’ltiqlari bor. Relefi va geologik tuzilishi . Janubiy Amerikaning sharqida o’rtacha balandlikdagi yassitog’liklar, baland tekisliklar, past tekisliklar, g’arbida materikni G’arb va shimol tomondan o’rab turgan And tog’lari (o’rtacha balandligi 5000-6000 metr, eng baland joyi — 6960 metr, Akonkagua tog’i) joylashgan. And tog’lari sharqida Janubiy Amerika platformasining Gviana yassitog’ligi (Neblin tog’i, 3014 metr) va Braziliya yassitog’ligi (Bandeyra tog’i, 2200 metr) bor. And tog’lari va yassitog’liklar oralarida uchlamchi va to’rtlamchi davr yotqiziqlari bilan to’lgan Orinoko, Amazonka, La-plata paettekisliklari va Ichki tekisliklar (Pampa, Gran-Chako, Ikki Daryo oralig’i va boshqalar) joylashgan. Materikning chekka Janubi-sharqida mezokaynozoy cho’kindi jinslari va muz keltirgan yotqiziklar bilan qoplangan qadimgi patagoniya platformasi bor. Janubiy Amerika materigi 2 asosiy strukturali bo’lak — Markaziy qismidagi Janubiy Amerika platformasi va materikni shimoliy, G’arb va Janubdan o’rab turgan and burmali tog’mintaqasidan iborat. Janubiy Amerika platformasi arxey, proterozoy eralarida va qisman kembriy davrida Birlashgan turli yoshdagi bloklardan tuzilgan. Fundamentining eng yirik ko’tarilmalari — Gviana, G’arbiy Braziliya va Sharqiy Braziliya qalqonlaridir. Gviana va G’arbiy Braziliya qalqonlari arxey va quyi proterozoyning chuqur metamorfiklashib o’zgargan (deformatsiyalashgan) qatlamlaridan, shuningdek, o’rta va yuqori proterozoy granitlaridan tashkil topgan. Sharqiy Braziliya qalqoni kembriygacha davrda hosil bo’lgan alohida bloklardan iborat bo’lib, yuqori proterozoyning Geosinklinal burmali sistemasi bilan o’rab olingan. Keng Amazonka botig’i proterozoy oxiri — paleozoy boshlarida vujudga kelib, Gviana va G’arbiy Braziliya qalqonlarini ajratib turuvchi katta siniq zona bo’ylab joylashgan. Meridian bo’ylab cho’zilgan boshqa botiq Sharqiy Braziliya qalqonini G’arbiy Braziliya qalqonidan ajratib turadi; uning o’rta qismi — San-Fransisku botig’i, asosan, proterozoy oxirida shakllangan. Shimoliy va Janubiy botiqlar — Maranyan (Paranaiba) va Parana sineklizalari o’rta va yuqori paleozoy va mezozoyda vujudga kelgan. Janubiy Amerika platformasining Janub qismida quyi paleozoy fundamentini o’z ichiga olgan Patagoniya platformasi ancha yosh. Unda ikkita ko’tarilma — shimoliy Patagoniya va Janubiy Patagoniya, ikkita bukilma: Neuken-San- Matias va Chubut-San-Xorxe mavjud. Janubiy Amerikaning g’arbidagi 9000 kilometrga cho’zilgan and tog’lari o’zining geologik tarixi va tuzilishi bilan farq qiluvchi bir necha sistemadan iborat. Ular Alp burmalanishi (mezo-kaynozoy) davrida shakllangan, shu bilan birga, tog’asosi mezo-kaynozoydan oldin vujudga kelgan Sharqiy tog’tizmalarini ham o’z ichiga oladi. G’arbiy tizmalar mezozoypaleogen yotqiziqlari va qalin vulqon jinslaridan hosil bo’lgan. Bu joylarda tez-tez halokatli zilzilalar bo’lib turadi [Masalan, Chili (1960) va Peru (1970) zilzilalari]. And tog’larining ko’pgina cho’qqilari harakatdagi va so’ngan vul qonlardir (Misti, Chimboraso, Kotopaxi, Sakama va boshqalar). Ko’pgina tizmalarda doimiy qor va muzliklar (maydoni 25 ming km2 chamasida) uchraydi. And tog’larining Markaziy qismidagi tizmalari orasida, 3500— 4600 metr balandlikda cho’l iqlimli plato — punalar bor. Foydali qazilmalari. Gviana va Braziliya yassitog’larida temir, marganes, boksit, nodir metallarning yirik konlari, and tog’larining etaklari va tog’ oraliklaridagi botiqlarda neft, yuqorirog’ida mis, polimetallar, qo’rg’oshin, molibden, volfram, platina konlari bor. Selitra, yod va bromning yirik konlari topilgan. Iqlimi. Janubiy Amerikani ekvator kesib o’tgan, uning katta qismi ekvatorga yaqin. Materikda 6 iqlim mintaqasi (ekvatorial, shimoliy subekvatorial, Janub subekvatorial, tropik, subtropik va mo’tadil mintaqalar) mavjud. Amazoniya va Kolumbiyaning g’arbida doim sernam va issiq, Ekvatorial and tog’larining Ekvador va Kolumbiya Janubdagi qismida tog’ ekvatorial iqlim. Materikning chekka shimol va markazi, ichki tekisliklar shimol va Ekvador g’arbi yoz sernam, qish quruq bo’ladigan subekvatorial issiq mintaqada. Tropik issiq mintaqadagi Braziliya yassitog’ligining sharqida yil bo’yi sernam. Gran-Chakoda o’rtacha kontinental, Markaziy and tog’lari va 5°— 28° j. k. Riode-Janeyro shahridagi Pandi Asukar tog’i orasidagi sohilda cho’l iqlimi. Subtropik mintaqaning sharqi (Urugvay, ikki Daryo oralig’i va Pampaning sharqi)da iqlim doim sernam, yoz issiq, qish iliq, markazi (Pampaning g’arbi, Kordilera tog’lari etagi) da kontinental, yozda tez-tez jala yog’ib turadi, g’arbi (Chilining o’rta qismi) da O’rta dengizga xos, yoz quruq, qish seryog’in. Mo’tadil mintaqaning g’arbi (Patagoniya, and tog’lari)da yil bo’yi sernam, salqin; sharqi (Patagoniya)da mo’tadil kontinental iqlim. Eng ko’p yog’in and tog’larining Kolumbiya g’arbi va Chili Janubdagi shamolga ro’para yon bag’irlariga yog’adi (yiliga 5000 millimetrgacha). Amazoniya g’arbi, Gviana va Braziliya yassitog’larining Sharqiy yon bag’ri va Parana platosida yiliga 2000— 3000 millimetr, materik Sharqining 35° j. k.gacha bo’lgan qismida 1000-2000 mm, Patagoniya va Kordilera etaklarida 150-250 millimetr yog’in yog’adi. Tinch okean sohilining 22-27° j. k.lar orasida Atakama cho’li bor. Subtropik va o’rta kengliklar hamda tog’tropik iqlimli o’lkalarda harorat mavsumga qarab o’zgarib turadi. Materikning Janub tropikkacha bo’lgan hamma shimoliy tekislik qismida o’rtacha oylik temperatura 20-28°. Eng yuqori temperatura Gran-Chakoda kuzatilgan (47°). Qishda (iyul) o’rtacha oylik temperatura Braziliya yassitog’ligida 12-16°, Pampada 6-10°, Patagoniya platolarida 0° (eng past temperatura -35°). Ichki suvlari. Yirik daryolari — Amazonka (havzasining kattaligi va sersuvligi bilan yer yuzida 1-o’rinda), Parana, Orinoko, Urugvay, Magdalena, San-Fransisko va boshqa Atlantika okeani havzasiga mansub. And tog’lari ikki okean o’rtasidagi asosiy suvayirgichdir. Daryolar, asosan, yomg’irdan, tog’lardan boshlanadiganlari esa qor va muzliklardan suv oladi. And tog’larining yil bo’yi sernam joylaridan oqib tushuvchi daryolar katta gidroenergiya resurslariga ega. And tog’laridagi daryolar serostona, sharshara (dunyodagi eng baland — Anxel sharsharasi, 1054 metr) ko’p. Ichki o’lkalarda daryolarning transport ahamiyati katta. Yirik ko’llari Patagoniya, and tog’lari va Chilining o’rta qismidadir. Markaziy And tog’larida dunyoda eng baland yirik tektonik ko’l — Titikaka joylashgan. Materikning shimol va Janubi-sharqida lagunako’llar (Lagoa-Mirin, Patus, Marakaybo) bor. Tuproq va o’simliklari. Janubiy Amerikaning 40° j. k.gacha bo’lgan katta qismi Neotropik oblasti, Janub qismi Antarktika oblastiga mansub. Materikning shimolda doim yashil o’rmonlar, savanna va butalar hamda laterit tuproqlar katta maydonni egallagan. And tog’larida balandlik mintaqalari aniq sezilib turadi. Ekvatorial sernam o’rmon — gileyalar, asosan, Amazoniya va Kolumbiya g’arbida joylashgan, ularning tuprog’i podzollashgan laterit tuproq. And tog’larining tekisliklarga tutashgan yon bag’irlarida tog’gileyalari, yuqoriroqda daraxtsimon paporotnik va bambuklar, Xin va koka daraxtlari, tog’ tepasida bo’talar o’sadi, 3200 metr balandlikdan tog’ ekvatorial o’tloqlari boshlanadi. Ekvatorial o’rmonlardan Janub va shimolda subekvatorial o’rmonlar joylashgan. Lyanos-Orinoko tekisligining Janub, Magdalena paettekisligi, Braziliya yassitog’ligining shimoldagi qizil tuproqli yerlarda sernam savannalar, materikning shimol chekkasi va Braziliya yassitog’ligining shimol-sharqidagi qizil-jigarrang va qizil-qo’ng’ir tuproqli yerlarda sukkulent va butazor quruq savannalar bor. Bo’z jigarrang tuproqli Gran-Chakoda siyrak daraxtli quruq o’rmonlar ko’proq. Subtropiklarning tuproq-o’simlik zonalari, xuddi shimoliy Amerikadagi kabi, asosan meridional yo’nalishda. Subtropik o’rmonli dasht zonasidagi qizg’ish-qora tuproqli yerlarda qarag’ay o’rmonlari, savannalar, kordilera tog’lari etagidagi bo’z tuproqli chala cho’l va cho’llarda tikanakli bo’ta va kaktuslar o’sadi. Patagoniyadagi bo’z tuproqli chala cho’llarda butalar, Janub And tog’laridagi qo’ng’ir tuproqlarda aralash qalin o’rmonlar bor. Janubiy Amerika oziq- ovqat mahsulotlari, dori-darmon, sanoat xom ashyosi va qimmatbaho yog’och beradigan o’simliklar (shokolad daraxti, kakao, Xin va qizil daraxtlar, geveya, kebracho va boshqalar)ga boy. Hayvonot dunyosi Neotropik oblastga mansub. Bu oblast Janubiy Amerikada materikning shimol katta qismini o’z ichiga olgan Gviana-Braziliya kichik oblasti va Janubiy tekisliklar hamda and tog’larini (Ekvadorgacha) o’z ichiga olgan Patagoniya-and kichik oblastiga bo’linadi. Endemik hayvonlar (nandu tuyaqushi va boshqalar) ko’p. Qalin o’rmonlarda keng burunli maymunlar, yalqov, chumolixo’r, daraxt jayrasi (Koendu), xaltali kalamush (opossum), kinkaju ayig’i, ko’rshapalaklar va boshqalar yashaydi. Yerda yashovchi hayvonlardan qalqondor, tapir, yaguar, qora cho’chqa, o’rmon iti, hozirgi zamondagi eng yirik kemiruvchi — suv cho’chqasi (kapibara) bor. Daryolarida daryo delfini (Iniya), timsoh, baliqlarning 2000 tacha turi va daraxt baqalari yashaydi. Qushlar (to’tilar, kolibri, Kondor va boshqalar) hamda sudralib yuruvchilar (zaharli va bo’g’ma ilonlar, kaltakesaklar) ko’p. Endemik hasharotlar (ulkan kapalaklar, chumolilar), savannalarda kiyik, nandu tuyaqushi, kemiruvchilar bor. Materikning Janub qismidagi ochiq dasht va chala cho’llarda Puma, kiyik, Pampa mushugi va tulkisi, Magellan iti, Yoldor bo’ri; kemiruvchilardan Vidra, botqoq nutriyasi, Mara, tuko-tuko, qushlardan burgut, palamedeya va boshqalar yashaydi. Geografik tadqiqotlar tarixi. 11-asrda Abu Rayhon Beruniy G’arbiy yarim sharda, ya’ni Atlantika okeanining ortida katta quruqlik bo’lishi kerak deb bashorat qilgan. Amerikaning yevropaliklarga rasman kashf qilinishi Hindistonga, ya’ni Sharqiy va Janubiy Osiyoga g’arbdan suv yo’li orqali borishni maqsad qilgan X. Kolumb ekspeditsiyasidan boshlandi. 1498 yilda X. Kolumb Trinidad oroli va Janubiy Amerikaning Orinoko daryosi deltasi atrofidagi sohilini, 1499-1501 yillarda A. Nino (A. Oxeda va A. Vespuchchi bilan birga) va R. Bastidas boshchiligidagi ispan ekspeditsiyalari materikning butun shimoliy sohillarini, 1500 yilda ispanlardan V. Ya. Pinson va D. Lepe boshliq ekspeditsiyalar hamda portugal P. Ya. Kabral ekspeditsiyasi Sharqiy sohilini kashf etdi. 1507 yilda lotaringiyalik xaritashunos M. Valdzemyuller Janubiy materikni Florentsiyalik Amerigo Vespuchchi sharafiga Amerika deb atashni taklif qildi. 1541 yildan keyin bu nom shimoliy Amerika uchun ham rasm bo’ldi. 1516 yilda ispan dengizchisi X. D. Solis Urugvay va Parana daryolarining quyi oqimidagi yerlarni o’rgandi. 1520 yilda F. Magellan boshliq ispan ekspeditsiyasi yana ham janubroqqa suzib bordi va Patagoniya (hozirgi Magellan) bo’g’ozi orqali o’tib tinch okeanga chiqdi. Bo’g’ozning Janubiy sohilini Magellan Olovli yer deb atadi. Janubiy Amerikaning tinch okean sohillarini ham 1522-58 yillarda ispan dengiz ekspeditsiyalari o’rgandi. 1578 yilda ingliz F. Dreyk Olovli Yerning arxipelag ekanligini aniqladi. 1592 yilda ingliz D. Deyvis Atlantika okeanining 52° j. k.da «Deva yeri» ni tadqiq qildi. D. Strong «yangi yer» ni o’rganib, uni Folklend orollari deb atadi (1690). Janubiy Amerika sohillarini mustamlakaga aylantirish va ichki qismlarini bosib olish indeyslarni ko’plab o’ldirish va plantasiyalarda qul qilib ishlatish bilan birga davom etdi. Mustamlakachilar boylik qidirish maqsadida materikni turli yo’nalishlarda kesib o’tdilar. Janubiy Amerikaning shimoliy-g’arbiy va ekvatorial and tog’larini hamda Orinoko daryosi havzasini olimlardan A. Gumboldt va frantsuz E. Bonplan kompleks o’rgandilar (1799-1802). Materik asosan 19-asr 1-yarmidan har tomonlama tadqiq qilina boshlandi. Janubiy Amerikada rus sayyohlaridan A. S. Ionin (1889-92), N. M. Albov (1895-96), g. G. Manizer (1914-15) va N. I. Vavilov (1932-33) bo’lgan. Aholisi. Amerika evropaliklarga ma’lum bo’lgunga qadar Janubiy Amerika aholisi indeys qabilalari va xalqlaridan iborat edi. Ular bundan 17-20 ming yil ilgari Osiyodan bering bo’g’ozi, shim. Amerika orqali kirib borgan deb hisoblanadi. Janubiy Amerikaga yevropaliklar kelgach, mahalliy aholining ko’pchiligi yuqumli kasalliklar, shafqatsiz ekspluatatsiya va boshqa sabablar tufayli qirilib ketgan. Janubiy Amerikaning hozirgi aholisi Yevropadan ko’chib borganlarning avlodlari va metislardan (Afrikadan keltirilgan qullar bilan mahalliy indeyslarning aralashuvidan) tashkil topgan. Antropologik jihatdan Janubiy Amerika aholisi har xil: unda yevropoid, mongoloid, ekvatorial (negravstraloid) irqlar aralashib ketgan. Kreol, metis, mulat va sambo aholi guruhlari paydo bo’lgan. Janubiy Amerika aholisining ko’pchiligi, asosan, portugal va ispan tillarida gaplashadi. Pekin yirik mahalliy xalq (kechua, aymara va asteklar) o’z ona tillarini saqlab kelmoqda. Afrikadan keltirilgan negr avlodlari o’z ona tilini saqlamagan. Janubiy Amerika aholisini etnik xususiyatlari va tarqalishiga ko’ra shartli ravishda uchga bulish mumkin: 1. Boliviya, Peru, Paragvay va Chilida, asosan, metis, indeys, yevropaliklar avlodi yashaydi. 2. Urugvay va Argentina aholisining ko’pchiligini yevropaliklar tashkil etadi. 3. Indeys, metis, yevropaliklar avlodidan tashqari soni va etnogenezi jihatdan ko’pchilikni tashkil qilgan negrlar Braziliya, Kolumbiya, Venesuela va Ekvadorda yashaydi. Janubiy Amerika aholisining ko’pchiligi, asosan, xristian diniga e’tiqod qiladi. Negrlar va mulatlar o’rtasida katolisizm bilan birga afrikaliklarning an’anaviy dinlari va odatlari saqlanib kelmoqda. Tog’lik joylarda yashovchi indeyslarning ayrim qabilalarigina ibtidoiy diniga e’tiqod qiladi. Siyosiy bo’linishi. Janubiy Amerikaning hozirgi siyosiy xaritasi, asosan, ko’pgina davlatlarning mustaqillik uchun olib borgan kurashi va 2-jahon urushidan keyingi siyosiy va ijtimoiy o’zgarishlar natijasida vujudga keldi.