Janubiy Afrika Respublikasi

Janubiy Afrika Respublikasi (JAR) (afrikaanscha Republiek van Suid-Africa; ing. Republic of South Africa) — Afrika Janubdagi mamlakat. Maydoni 1221 ming km2. Aholisi 43 million kishidan ortiq (2001). Poytaxti—Pretoriya shahri. Ma’muriy jihatdan 9 viloyat (provintsiya)ga bo’linadi. Davlat tuzumi. JAR — federalizm nishonalari bo’lgan unitar Respublika. Buyuk Britaniya boshchiligidagi Hamdo’stlik tarkibiga kiradi. 1997 yil 4 Fevraldan kuchga kirgan Konstitutsiya amal qiladi. Davlat boshlig’i — prezident. Milliy Assambleya tomonidan uning a’zolari orasidan 5 yil muddatga saylanadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyat — 2 palatali parlament. U viloyatlarning Milliy kengashi (yuqori palata) va Milliy assambleya (quyi palata)dan iborat. Ijrochi xokimiyatni prezident boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi. Tabiati. JAR hududining yer yuzasi, asosan, plato va yassitog’liklardan iborat. Qirg’oqlari deyarli tekis, sohil bo’ylab tog’ tizmalari joylashgan. Oranj daryosidan shimolda Kalaxari tekisligi bor. Platolarning Sharqiy sohilidagi Kambar pasttekislikka, Janubda katta Karru soyligiga tik tushgan qismi katta Jarlik deb ataladi. Drakon tog’lari uning Sharqiy qismidir. Drakon tog’laridagi Tabana-Ntlenyana cho’qqisi (3482 metr) Janubiy Afrikadagi eng baland nuqtadir. Katta Karru soyligidan Janubda kap tog’lari (balandligi 2326 metrgacha) bor. Iqlimi, asosan, tropik, 30° j. k.dan Janubda subtropik. Katta jarlik Hind okeanidan esuvchi nam shamollarni tusib, ichki hududlarga o’tkazmaydi. Sharqiy sohilda va katta Jarlikning Sharqiy yon bag’rida dengiz iqlimi, yillik yog’in 1000-2000 millimetr eng issiq oyning o’rtacha temperaturasi 25°, sovuq oyniki 18°. Kontinental iqlimli ichki platolarda yillik yog’in Sharqda 750 millimetrgacha, g’arbda 150 millimetrgacha. Yoz oylarining o’rtacha temperaturasi 27°, Janubi-g’arbida 18°. Subtropik iqlimli Janubi-sharqida yillik yog’in 600-1000 millimetr, yoz oylarining o’rtacha temperatirasi 21 — 24°, qish oylariniki 14-17°. Cho’l va chala chul iqlimli g’arbiy sohili sovuq Bengela oqimi ta’sirida, yillik yog’in 60-100 millimetr, yoz oylarining o’rtacha temperatirasi 15°, qish oylarniki 11°. Eng yirik daryosi — Oranj (Vall va Kaledon irmoqlari bilan). Shimoli-sharqda Limpopo daryosi bor. Hind okeaniga quyiluvchi boshqa daryolari qisqa, sersuv va serostona. Ichki platolardagi daryolar yilning ko’p vaqtida qurib yotadi. Mamlakat hududining 2% o’rmon. Mamlakatning Sharqiy sohilida shimoliy chegaradan 30° j. k.gacha qizil va qizil-qo’ng’ir tuproqli erlarda savanna, Daryo vodiylarida palma o’rmonlari bor. Tog’ vodiylarida tropik sernam o’rmonlar uchraydi. Durbandan Mosselbay shahrigacha bo’lgan sohildagi qo’ng’ir tuproqli yerlarda subtropik o’rmonlar, kap tog’lari yon bag’rida doim yashil butazorlar, platolardagi qizil-qung’ir va qora tuproqli yerlarda baobab va butali savannalar bor. Kalaxari tekisligida cho’l o’simliklari o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan Arslon, qoplon, yovvoyi mushuk, qashqir, kiyik, zebra, jirafa, fil, karkidon, hasharotlardan termitlar, tsese pashshasi, bezgak chivini va boshqalar bor. Yirik hayvonlari kam qolgan. Koyuger, Kalaxari-Gemsbok milliy bog’lari va qo’riqxonalar bor. Aholisining 3/4 qismi afrikalik bantu xalqlari (shu jumladan 38,5% zulular, 27,5% sotolar, 11,6% kosalar, 6,6% shangaantsonga va tsvanalar). Yevropaliklar 5,1 million (shundan golland, Fransuz, nemis kelgindilarining avlodlari bo’lmish Afrikanerburlar taxm. 57,5%), hindilar 1 millionga yaqin, qora tanlilar 3,4 million. Rasmiy tillari — Afrikaans (bur), ingliz, isindebele, sesoto sa Leboa, sesoto, savati, xitsonga, setsvana, tshivenda, isikosa va isi Zulu tillari. Dinlari: xristianlik (aholining 77%), an’anaviy dinlar (18%), hindulik, musulmonlik, yahudiylik (3,2%) va boshqalar. Aholining 60% shaharlarda yashaydi. Yirik shaharlari: Yoxannesburg, Keyptaun (Kapstad), Durban, Pretoriya va boshqalar. Tarixi. JAR aholisining qadimgi va o’rta asrlarga oid tarixi kam o’rganilgan. Jarning qadimgi aholisi gottentot (koykoin)lar, bushmen (san)lar va keyinchalik bu yerga kelib o’rnashgan bantu xalqlaridir. Arxeologik qazishlar (topilgan oltin va boshqa buyumlar)dan ma’lum bo’lishicha, Transvaal hududi (milodiy 1-ming yillik) da madaniyat yuqori bo’lgan, temir, mis va boshqa metallar eritilgan. 17-asr 50-yillarida Gollandiyaning Ost-Indiya kompaniyasi JARda kap manzilgohini tuzdi. Manzilgoh hududi sekin-asta kengaya bordi. Golland va frantsuz kelgindilari — burlar (keyinchalik o’zlarini afrikanerlar deb atashgan) mahalliy aholini bo’sh yerlarga siqib chiqarib, quldorlik xo’jaliklarini tuzdi. Bu xo’jaliklarda mahalliy aholi va G’arbiy Afrika, Madagaskar, Osiyoning turli davlatlaridan keltirilgan qullar mehnat qildi. JAR mahalliy aholisining mustamlakachilik zulmiga qarshi kurashi 17-asrdayoq boshlanib, 1870-80 yillarda kuchaydi. 1838, 1879 va 1906 yillardagi zulu xalqining urushi va qo’zg’olonlari, basutolarning 1880 yilgacha davom etgan qurolli harakatlari Afrika xalqining mustamlakachilikka qarshi kurashida eng muhim tarixiy voqealardan hisoblanadi. 18-asr oxiri va 19-asr boshlarida Buyuk Britaniya kap manzilgohini bosib oldi. Ingliz hukumatining zulmi burlarni kap manzilgohidan shimolga — kosa, zulu, Basuto, Botsvan va boshqa bantu xalqlari yerlariga kirib borishga majbur qildi. 19-asr 50-yillarida bur Respublikalari — Janubiy Afrika Respublikasi (Transvaal) va ozod Oranj davlati tuzildi. 19-asr 60-yillari oxiri va 80-yillari o’rtalarida Janubiy Afrikada olmos konlari topilgach, inglizlar bantu xalqlarining mustaqil qududlarini shafqatsizlik bilan tortib ola boshladi. 1899-1902 yillardagi inglizburlar urushidan keyin bur respublikalari Angliya qo’l ostiga o’tdi. 1910 yilda esa Britaniya imperiyasining dominioni bo’lgan Janubiy Afrika Ittifoqi (Jai) tuzildi. Janubiy Afrikada olmos va oltin konlarining ochilishi bilan jamiyatning ijtimoiy tarkibi keskin o’zgardi: ishchilar va sotsialistik harakatlar paydo bo’ldi. 19-asrning 40-50-yillarida kasaba uyushmalarining birinchi tashkilotlari tuzildi. 80-yillarga kelib, ular yevropalik ishchilarning yirik kasaba uyushmalariga aylandi. 1912 yil hukumatning aparteid siyosatiga qarshi Afrika milliy Kongressi (Sahroi Kabirdan Janubda yashovchi afrikaliklarning eng yirik tashkiloti) tuzildi. 1-jaort-Shepeto hind okeani hon urushida Jai Buyuk Britaniya tomonida ishtirok etdi. Urushdan so’ng Germaniya Janubiy-G’arbiy Afrika (Namibiya)ni boshqarish uchun Millatlar Ittifoqi mandatini oldi. Jaida ishchi va milliy ozodlik harakati avj oldi. Oq tanli ishchilar va afrikaliklarning yirik ish tashlashlari boshlandi. 1920 yil boshlarida afrikalik konchilarning birinchi umumiy ish tashlashi (70 mingdan oshiq kishi), 1922 yil martda oq tanli konchilarning qurolli qo’zg’oloni bo’lib o’tdi. 2-jahon urushida Jai gitlerchilarga qarshi koalitsiya tomonida qatnashdi, ammo afrikanerlarning ashaddiy millatchilari fashist Germaniyasi bilan hamkorlik qilishdi. Urushdan so’ng jarning Yevropadagi davlatlar bilan aloqasi kuchaydi. Hokimiyat Millat partiyasi qo’liga o’tgach (1948), mamlakatda reaktsiya kuchaydi. Bu partiya rahbarlaridan D. F. Malan (1948-54), I. G. Streydom (1954-58), X. F. Fervurd (1958-66), B. Forster (1966-79) va P. Bota (1980-89) davrida terror va irqiy kamsitish kuchaydi. Partiyaning apartheid siyosati tufayli afrikaliklar, metislar, indeyslar hayoti yanada og’irlashdi. 1961 yil 31 mayda Jai hukumati «oq tanli»lar o’rtasida referendum o’tkazib, mamlakatni Janubiy Afrika Respublikasi deb e’lon qildi. Aparteid siyosatiga qarshi kurash 1980-yillarda ayniqsa kuchaydi. Hukmron Millat partiyasi hukumati irqchilik qonunlarini bekor qilishga majbur bo’ldi, siyosiy partiyalarning, shu jumladan afrikaliklar Milliy Kongressi faoliyatiga ruxsat berildi. 1991 yilda parlament turar joylarda va yer egaligida irqiy ayrimachilikni bekor qildi. 1994 yilda muvaqqat Konstitutsiya kuchga kirdi. Shu yil aprelda Milliy assambleyaga ko’p irqli saylov bo’ldi. Afrikaliklar Milliy konfessi raisi N. Mandela JAR prezidenti etib saylandi. 1999 yildan prezident T. Mbeki. JAR — 1945 yildan BMT a’zosi. Milliy bayrami — 27 aprel — Ozodlik kuni (1994). O’zbekiston Respublikasi bilan diplomatiya munosabatlarini 1992 yil 12 avgustda o’rnatgan. Asosiy siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari. Janubiy Afrika Afrikaliklar Milliy Kongressi, hukmron partiya, 1912 yilda asos solingan; yangi millat partiyasi, 1914 yilda tashkil etilgan; Demokratik partiya, 1989 yil tashkil etilgan; Janubiy Afrika konservativ partiyasi, 1982 yil tuzilgan; Milliy xalq partiyasi; Panafrika Kongressi, 1959 yil tuzilgan; Janubiy Afrika Kommunistik partiyasi, 1921 yil tuzilgan. Janubiy Afrika kasaba uyushmalari Kongressi, 1985 yil tashkil etilgan. JAR — xo’jaligi yuksak darajada rivojlangan industrialagrar mamlakat, Afrikada iqtisodiy jihatdan eng taraqqiy etgan davlat. Unda sanoati rivoj topgan mamlakatlarga xos ko’rsatkichlar ham, uchinchi dunyo mamlakatlari uchun xos bo’lgan ayrim iqtisodiy belgilar ham uchraydi. Sanoat ishlab chiqarish hajmi jihatidan JAR dunyodagi 20 yetakchi industrial mamlakat qatoriga kiradi. Butun Afrika hududining 5% ni va aholisining 9% ni egallovchi JAR ulushiga qit’a yalpi ichki mahsulotining 27%, sanoat mahsulotining 40%, qishloq xo’jalik mahsulotining 30% to’g’ri keladi. Iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlari — ishlab chiqaruvchi sanoat (yalpi ichki mahsulotning 22,6%), konchilik sanoati (13%), moliya (15,21%), savdo va sayyohlik industriyasi (11,52%), transport va aloqa (9,11%), qishloq xo’jalik (5%) va baliqchilik (4,7%). Xizmat ko’rsatish sohasi, neft va gaz qazib olish hamda qayta ishlashni istiqbolli sohalar qatoriga qo’shish mumkin. Sanoati . JAR oltin (yiliga o’rtacha 530 tonnadan ko’proq), platina metallari guruhi (100 tonnaga yaqin), vanadiy, xrom va marganes rudalari, surma, olmos qazib olishda dunyoda oldingi o’rinlarda, ko’mir qazib chiqarishda 5-o’rin, uran qazib chiqarishda 7-o’rinda turadi. Temir rudasi, mis, asbest va boshqalar ham qazib olinadi. Yiliga o’rtacha 170 milliard kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Qora metallurgiya, mashinasozlik, kimyo, neftni qayta ishlash, tsement, to’qimachilik, oziq-ovqat sanoati rivojlangan. Qishloq xo’jaligi mahsulotining deyarli hammasi oq tanlilarga qarashli fermer xo’jaliklari hissasiga to’g’ri keladi. Asosiy ekinlari: makkajo’xori (7,7 million tonna, 1999), shakarqamish (21 million tonna), bug’doy (1,5 million tonna), kartoshka, tamaki, tsitrus va boshqa mevalar. Mamlakat hududining taxminan 80% (98 million gektar)dan qishloq xo’jalik maqsadlari uchun foydalaniladi. Qariyb 1,4 million gektar yer sug’oriladi. Ekinlarni sug’orish uchun Vaal, Ulifants, Krokodayl, Greyt- Fish va boshqa daryolardan suv olinadi. Chorvachilikda qoramol, qo’y, echki, cho’chqa boqiladi. Qo’y juni yetishtirishda mamlakat faqat Avstraliya, yangi Zelandiya, Argentinadan keyingi o’rinda turadi. Sut chorvachiligi asosan yirik shaharlar atrofida. Transporti. Temir yo’llarning uzunligi — 33,8 ming kilometr, shundan 5 ming kilometrga yaqini elektrlashtirilgan. Qattiq qoplamali avtomobil yo’llarining uzunligi — 56,4 ming kilometr. Neft va neft mahsulotlari portlardan asosiy sanoat markazlariga quvurlar orqali oqiziladi. Dengiz floti rivojlangan. Eng muhim portlari: Durban, Keyptaun, Port-Elizabet, Ist-London. 3 ta xalqaro aeroport bor. Tashqi savdo aylanmasi yiliga 40 milliard. AQSh dollaridan oshadi. Chetdan asosan mashina va asbob-uskunalar sotib oladi, chetga mineral va qishloq xo’jalik xom ashyosi, olmos va metallar, kimyo va qishloq xo’jalik mahsulotlari chiqaradi. JAR jun eksport qilishda dunyoda 4-o’rinda turadi. Yiliga salkam 70 million litr vino eksport qiladi. Tashqi savdodagi asosiy mijozlari: AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Yaponiya, Shveytsariya, pul birligi — Rand. Tibbiy xizmati. Jarda aparteidga barham berilgunga qadar sog’liqni saqlash sohasida oq tanli va qora tanli aholi orasida katta ayirmachilik hukm surar edi. O’rtacha umr ko’rish, bolalarning nobud bo’lishi, kasalxonalardagi o’rinlar kabi ko’rsatkichlar keskin farq qilardi. Ko’pchilikni tashkil etuvchi qora tanlilar vakillari hokimiyatni qo’lga olgach, tibbiyot sohasida ham tenglikka erishish choralari ko’rila boshladi. Sog’liqni saqlashga ajratiladigan mablag’ ko’paydi. Shifokorlar 7 ta universitetning tibbiyot fakultetlarida tayyorlanadi. Maorifi, madaniy-ma’rifiy va ilmiy muassasalari. Hozirgi JAR hududiga yevropaliklar kelgunga qadar (17-asr o’rtalarigacha) afrikalik yoshlarga ta’lim berish an’anaviy afrikacha yo’ldan borgan: keksalar yosh avlodga turmush ko’nikmalari va hayot falsafasini o’rgatar edi. Yevropaliklarning dastlabki manzilgohlari barpo etilgach, ularning farzandlari cherkov ruxoniysidan diniy kitob o’qishni o’rganardi. So’ng «sayyoh o’qituvchilar» paydo bo’ldi. Xristian dini targ’ibotchilari (missionerlar) 18-asr oxiri — 19-asr boshlarida dastlabki maktablarni ochishdi. Inglizlar avval boshdanoq bu maktablarda Yevropaliklar va mahalliy millat bolalarining alohida-alohida o’qishini joriy etdilar. Aparteid tugatilguncha maorif qat’iy irqiy tamoyilga asoslangan va oq tanlilar, qora tanlilar, bantular, indlarning farzandlari turli maktablarda, har xil dastur asosida o’qitib kelindi, ulardagi ta’lim darajasi, moddiy sharoit bir-biridan mutlaqo farq qilar edi. Aparteidga barxam berilgandan so’ng maorif sohasida ham ayirmachilikni tugatish choralari ko’rildi. 1995/96 o’quv yilida maorif ehtiyojlari uchun 8,9 milliard AQSh dollari miqdoridagi mablag’, ya’ni davlat byudjetining 21,2% sarflandi. Jami o’quvchilar 9,3 million kishiga yetdi. Boshlang’ich maktab o’qituvchilari kollejlarda, o’rta maktab o’qituvchilari 17 universitet va 3 politexnika institutida tayyorlanadi. Yirik universitetlar: Pretoriya, Vitvatersrand, Stellenbosh, Keyptaun universitetlari. Yirik kutubxonalari: Blumfonteyndagi ommaviy kutubxona (1875 yilda tashkil etilgan), Keyptaundagi shahar (1952), Parlament (1857), Janubiy Afrika ommaviy (1818) kutubxonalari, Keyptaun universitetining kutubxonasi (1829). Asosiy muzeylari: Blumfonteyndagi milliy muzey, Janubiy Afrika tabiat tarixi muzeyi, Janubiy Afrika madaniyat tarixi muzeyi, Keyptaundagi Milliy galereya. Ilmiy ishlarni uyushtirish va muvofiqlashtirish davlat markazi — Ilmiy va sanoat tadqiqrtlar kengashi 1945 yilda tashkil etilgan. Uning qaramog’ida elektrotexnika, matematika, o’rmonchilik va boshqa institutlar, kosmik nurlarni tadqiq qilish birlashmasi, bir qanchalab., rasadxona va ilmiy stansiyalar bor. Atom energiyasi komissiyasi (1948 yilda tuzilgan), JAR ilmiy va texnikaviy jamiyatlari uyushmasi (1920), Janubiy Afrika fan va san’at akademiyasi (1909), ijtimoiy tadqiqotlar kengashi (1969), Janubiy Afrika Qirollik jamiyati (1877) va boshqa eng yirik ilmiy tashkilotlardir. Matbuoti, radio eshittirishi va teleko’rsatuvi. JARda 20 dan ko’proq umummilliy (hammasi bo’lib 220 dan ziyod) gazeta va 700 ga yaqin jurnal nashr etiladi. Eng yirik gazetalari: «Sandi tayme» («Yakshanba vaqti», 1906 yildan), «Rapport» (1970 yildan), «Souetan» («Souetoliklar», 1981 yildan), «Star» («Yulduz», 1887 yildan). Janubiy Afrika radioeshittirish korporatsiyasi 1936 yilda tashkil etilgan. Teleko’rsatuvlar 1976 yildan olib boriladi. Janubiy Afrika matbuot uyushmasi (Saut Afriken Press assotshieyshn — sapa) aktsiyadorlik axborot agentligi 1938 yil tashkil etilgan. Adabiyoti bantu xalqlari (zulu, Soto, kosa, tsvana), shuningdek, ingliz va afrikaans tillarida rivojlanmoqda. Folklori ilk mustamlakachilik davrida vujudga kelgan qahramonlik dostonlarini, afsonalarni, zulu afsona ertaklarini, jonivorlar haqidagi bushmen va gottentot rivoyatlarini, hikmatli maqollar va matallarini o’z ichiga oladi. Afrikaliklarning yozma adabiyoti 19-asrning 2-yarmida mahalliy tillarda lotin grafikasi asosidagi alifbo joriy etilishi bilan boshlandi. Xristian da’vatkorlari nazoratidagi afrikalik adiblar yevropacha janr shakllaridan foydalanib, azaliy mahalliy an’ana va qadriyatlarning yevropacha qadriyatlar bilan to’qnashuvini tasvirlashga hamda ularni bir-biri bilan murosaga keltirishga urindilar. 19-asr oxirida mustamlakachilikka, irqchilikka qarshi norozilik adabiyoti vujudga keldi. 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida publitsistika, hikoya, romanlar paydo bo’ldi. Atoqli demokrat Adiba O. Shreynerning «Afrika fermasi» asari qahramonlari burjua jamiyati illatlarini fosh qildilar. Birinchi Basuto yozuvchisi T. Mofoloning zulular dohiysi haqidagi «Chaka» romani diqqatga sazovor. JAR adabiyotida irqiy munosabat asosiy mavzu bo’lib qoldi. 20-asrning 20-30-yillarida J. Dube, M. Fuze, R. Zlomo va boshqalarning tarixiy va publisistik romanlari paydo bo’ldi. 2-jahon urushidan keyin «norozilik adabiyoti» tez sur’atlar bilan rivojlandi. A. Peytonning «Yig’la, sevimli yurtim», «Loyxo’rak, juda kechikding», N. Gordimerning «kelgindilar yeri», «matbuot uchun emas» va boshqa asarlari irqchilik va irqiy xurofotni qoralash ruhida yozilgan. I. Abraxamsning «Konchi», J. Koupning «ajoyib uy», J. Gordonning «Bu kunga la’nat» va E. Mpaxlelening «Ikkinchi ko’cha bo’ylab» romanlari, shuningdek, G. Blumning «Transvaaldagi voqea», F. Altmanning «quzg’unlar qonuni» romanlari va boshqa asarlarda ishchilarning birdamligi, zulularning talonchilarga qarshi qahramonona kurashi va boshqa voqealar aks ettirilgan, irqchyiik fosh etilgan. JAR adabiyotining eng yaxshi namunalari (J. Koupning «darz ketgan osmon» hikoyalar to’plami va boshqalar) o’zbek tiliga tarjima qilingan. Me’morligi va tasviriy san’ati. Miloddan avvalgi 7-ming yillikka va milodning oxirgi asrlariga mansub qoyatoshlarga yo’nib va uyib ishlangan rasmlar (fil, karkidon, begemot, jirafa, zebra, kiyik va boshqalar) saqlangan. Afrikaliklarning turar joylari asosan taxta, tunuka va boshqalardan qurilgan kulba-chaylalardan iborat. Pretoriya, Keyptaun, Yoxannesburg kabi yirik shaharlarda 17-18-asrlarda qurilgan golland me’morligiga xos binolar bor. 1666-72 yillarda tarhi 5 burchakli tosh qo’rg’on qurilgan (me’mori P. Dombaer). 18-asr oxirlarida me’mor L. M. Tibo kap manzilgohi me’morligiga frantsuz klassisizmi uslubini olib kirdi. 19-asrdan Port-Elizabet, Durban, Blumfonteyn, Pretoriya, Yoxannesburg va boshqa shaharlardagi ko’plab imoratlar to’g’ri chiziqli rejaga binoan va qorishiq uslubda qurildi. Keyptaunda yangi gotika, Yoxannesburgda yangi klassika uslublari ustunlik qilgan bo’lsa, Pretoriyada «kap me’morligi an’analari»ga rioya qilindi. Shaharlarning chekkalarida afrikaliklar yashaydigan pastqam kulbalar paydo bo’ldi. JAR me’morligiga 20-asrning 20-yillarida R. Martinsen, U. Makintosh kabi me’morlar yangilik kiritishdi, hashamatli jamoat binolarining loyihalarini tuza boshlashdi. 30-yillarda Yevropa va Amerika mashhur me’morlari (Le Korbyuze, L. Kan, O. Nimeyer va boshqalar) samarali ta’sir o’tkazdilar. 60-70-yillar Pretoriya markazi qayta qurildi, Yoxannesburgda mahobatli teatr (me’mor D. Ross) va 50 qavatli Karlton markaz (me’morlar Rods-Xarrison, Mellous, Xoffe) va boshqa inshoatlar barpo etildi. Jamoat va ma’muriy binolar yuksak badiiy did, murakkab me’moriy yechimlar bilan qurilganligi, ularda haykaltaroshlik, rassomlik, mozaika unsurlaridan foydalanilganligi ko’zga tashlanadi. Shahar tashqarisidagi bog’larda badavlat oilalar uchun shinam koshonalar barpo etildi. Zulu, kosa, ndebele, Basuto kabi mahalliy aholi vakillari hamon loy, bo’yra va xashakdan qurilib, turli naqshlar bilan bezatilgan kulbalarda yashashni afzal ko’radilar. Shaharlardagi zamonaviy me’morlikda temirbeton, oyna va plastmassadan keng foydalaniladi. Poytaxtda rasmiy muassasalar, bank, do’kon, mehmonxonalar, ularning atrofida turar joylar qurilgan. JAR milliy badiiy san’at maktabi 17-asr o’rtalarida uzoq vaqtdan beri shu yerda istiqomat qiluvchi yevropaliklar san’ati ta’sirida vujudga keldi. Janubiy Afrikaning birinchi haykaltaroshi A. Anreytning nemis barokko va rokoko uslubidagi asarlari Keyptaun va boshqa ba’zi shaharlar yirik me’moriy yodgorliklarini bezagan. 19-asr o’rtalaridagi yevropalik rassomlardan T. U. Bouler va D. U. Angas afrikaliklar qiyofasini mehr bilan tasvirlagan. Afrikalik rassomlardan J. Sekotoning qit’a tabiati va hayotini tasvirlovchi asarlari birinchi bo’lib yevropaliklar e’tirofiga sazovor bo’ldi. Yog’och uymakori J. Kekan, rassom S. Mvusi, haykaltarosh S. Kumalo, tosh o’ymakori J. Kubxek va boshqa ko’pgina jamoat binolarini barpo etishda o’z san’ati bilan hissa qo’shdilar. Mamlakat amaliy san’atida metallsozlik (temir bolta, pichoq, mis bilaguzuk, munchoq), kulollik, o’ymakorlik, ko’nchilik, to’qimachilik, yog’och buyumlar ishlash qadimdan rivojlangan. 20-asr o’rtalarida Keyptaunda Janubiy Afrika rassomlari uyushmasi tuzildi. I. Stern (rassom ayol), grafik va yog’och o’ymakori L. Lipshis, manzarachi rassomlardan S. Sedibane, S. Zondi, M. Zvane va boshqalarning Janubiy Afrika voqeligi va manzaralarini aks ettiruvchi asarlari mashhur. Musiqiy madaniyati mamlakat tub joy aholisi va oq tanlilar musiqasidan iborat. Bushmen va gottentotlarning qadimgi musiqiy shakllari bilan bir qatorda zulu, kosa, venda va boshqalarning rivojlangan badiiy ijodiyoti mavjud. Masalan, matebele va shona xalqlarining ommaviy qo’shiqlarida ko’p ovozli usullardan keng foydalaniladi. 20-asrda tub joy aholisining ijodi gurkirab rivojlana boshladi. Milliy, Yevropa (xristian diniy qo’shiqlari) hamda Amerika (jaz, Lotin Amerika raqs usullari va boshqalar) musiqa an’analarining uyg’unlashuvi negizida 1930-50 yillari an’anaviy qo’shiqchilikning yangi — «kvela», «mbube», keyinchalik — «jayv» uslublari yuzaga keldi. Jarning shahar va qishloqlarida yashovchi oq tanli aholining qo’shiq va raqslari ham o’ziga xos. Ingliz musiqachisi U. G. Bell 1912 yil Keyptaundagi Janubiy Afrika kollejiga direktor bo’lgan paytdan musiqiy madaniyatni rivojlantirish yo’lida ko’p ish qildi. 20-asrning 1-yarmida P. Reynir, G. Fagan, B. Gerstman, A. van Veyk va boshqalarning kompozitorlik maktabi yuzaga keldi. 20-asrning 2-yarmida milliy opera janri yaratildi. Uning eng yaxshi namunalaridan biri — «King-Kong» (muallifi T. Matchikiza, 1959) Yevropa va AQSh sahnalarida xam ijro etildi. G. Skosan va B. Leshoayning dolzarb mavzudagi operalariga xalq qo’shiqchiligi an’analari singdirib yuborilgan. Qo’shiqchilardan M. Makeba, J. Mogoton, N. Mdledle, P. Fango, T. Kumalolar mashhur. JAR universitetlarining musiqa fakultetlari musiqa ta’limi va bu sohadagi ilmiy faoliyat markazlaridir. Yoxannesburg, Pretoriya va boshqa yirik shaharlardagi san’at ishlari kengashlari va musiqa jamiyatlari katta tashkilotchilik ishlarini olib boradi. Teatri qishloqlarda qadimgi maishiy va diniy marosimlar, musiqa, raqs, qo’shiqdar asosida shakllangan. Yevropalik truppalar 18-asr oxirlarida dastlabki teatr tomoshalarini ko’rsatishdi. 1801 yilda Keyptaunda teatr binosi qurildi. Unda chetdan kelgan truppalar bilan bir qatorda Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Germaniya, Frantsiyadan ko’chib kelib o’rnashib qolganlarning mahalliy havaskorlik jamoalari ham tomosha ko’rsata boshladi. Dramaturg, bastakor, sahnalashtiruvchi Sh. E. Bonifas va L. A. Myoranning faoliyati 19-asr boshlarida teatrni rivojlantirishda katta ahamiyatga ega bo’ldi. 19-asr 2-yarmida Yevropadan, asosan Buyuk Britaniyadan professional jamoalar ko’plab kelib, butun mamlakatda inglizcha tomoshalar ko’rsata boshladi. Afrikaans tilidagi teatr 20-asr boshlarida rivojlandi. Dramaturglardan M. Brink va Ya. X. de Vaalning xizmati katta bo’ldi. 20-yillarda afrikaans tilida dastlabki professional teatrlar vujudga keldi. Teatr arboblari irkchilik va aparteidga qarshi kurashga, qora tanli aholining siyosiy ongini o’stirishga va uning insoniy qadr-qimmatini qaror toptirishga hissa qo’shdilar. «King- Kong», «qonli tugun», «yashash uchun kurash», «Vuka» kabi spektakllarda irqiy ayirmachilikka qarshi kurash aks etgan. JARda qora tanli artistlar Federatsiyasi, Pretoriya teatr tashkiloti tuzilgan. Ular afrikaliklardan artist va dramaturglar tayyorlaydi. Zululend universitetida drama kafedrasi bor. Turli millat va irq namoyandalari ishtirokidagi teatr truppalari vujudga kelgan. Kinosi. JAR hududidagi dastlabki hujjatli filmlar 1898 yilda yaratilgan. 1912 yildan kinoxronikalar chiqarila boshlagan. 1915 yildan «Kilarni film» studiyasida badiiy filmlar ishlab chiqarish muntazam tus oldi. Tovushli kino paydo bo’lgach, afrikaans va ingliz tillarida filmlar suratga olishga kirishildi. 1964 yilda tuzilgan Milliy kinematografiya kengashi xronika filmlari chiqarilishiga rahbarlik qildi. Ixtiyorida katta kino jamg’armasi mavjud bo’lgan Janubiy Afrika kino instituti mamlakat sayyoxdik filmlarini chet ellarda targ’ib qilish bilan ham shug’ullanadi. Tarixiy epopeyalar («Shangandagi soqchi», rejissyor D. Milin), turli komediya, melodrama, musiqiy lentalar yaratildi. 70 -80- yillardagi ayrim filmlarda («Bosman va Lena», «mehmon» — rejissyor R. Devenisha, «bexuda ran» — rejissyor V. Kentrij, «Bobojon, o’ng oyog’ingizdan ajraldingiz» — rejissyor Yu. Eshmed) irqchilikni tanqid qilishga harakat qilingan. Biroq JARdagi aparteid tartibotini ayblovchi filmlar — «Aslingga qayt, Afrika», «Uyg’on, vulkan», «muloqotning intihosi», «Dimbazdagi so’nggi qabr», «qarshilik avlodi», «besh taqdir» yashirin tarzda suratga olindi va o’sha vaqtda mamlakat ekranlariga chiqmadi. Irqchilik kishanlaridan kutulgan JAR kinochilari endigina erkin ijod yo’liga chiqib oldilar.