Jaz

Jaz (inglizcha jazz) — professional musiqa turi, zamonaviy ommabop, xususan estrada musiqasining asosiy uslubiy manbalaridan biri. 19-asr oxiri — 20- asr boshlarida Afrika va Yevropa musiqa madaniyatining elementlari bir-biriga qo’shilishi natijasida Nyu-Orlean afroamerikaliklari ijodida yuzaga kelgan. Afrika xalqlari folklorining belgilari — bir yo’la turli usullarning yangrashi, deyarli har gal o’zgarib turuvchi asosiy kuyning ko’p takrorlanishi, o’ziga xos nolalarga boyligi, hayajonli kuylash uslubi, muayyan yo’nalishdagi ijroviy badihago’ylik — Jazning tub xususiyatlariga aylangan. Dastlab 7-8 sozandadan iborat ansambl qatnashchilari yaratgan va o’zlari ijro etgan asarlar Jaz yoki «jazband» deb atalgan. Jaz asoschilari L.S. Armstrong, J.K. Oliver, J. Dode, E. K. Ori, J.R.Morton va boshqalar ana shunday ansambllarning rahbari bo’lgan. Keyinchalik ularga taqlidan diksilend guruhlari paydo bo’lib, Jaz san’atini Amerika va Yevropa mamlakatlarida targ’ib etgan. 1930-yillargi «Sving» (D. Ellington, U. K. Beysi), 40-yillari «Bibop» (Ch. Parker, D. D. Gillespi), keyinchalik «kul» (M. Deyvis) va boshqa uslublar yuzaga kelgan, yirik Jaz orkestrlar tashkil topgan. B. Gudmen (1962 yil Toshkentda o’z orkestri bilan gastrolda bo’lgan), G. Miller va J. Koltreyn (AQSh), J. Dankvort (Angliya), M. Legran (Frantsiya), K. Vlax va G. Brom (Chexoslovakiya), K. Edelxagen (Germaniya), K. Komeda (Polsha), A. Sfasman, L. Utyosov, O. Lundstrem (Rossiya) mashhur Jaz orkestrlarining asoschilaridir. O’zbekistonda Jaz musiqasi 1940-yillarning 2-yarmida yuzaga kela boshlagan. Toshkent, Samarqand, Farg’ona, Andijon kabi shaharlarning kinoteatr, madaniyat saroyi, shahar bog’larida D. Sokolov, A. Pozdnyakov, M. Azatyan va boshqa rahbarligida tashkil topgan musiqa ansambllari Jaz va estrada musiqasi namunalarini ijro etgan. 1958 yilda O’zbekiston estrada orkestri, 1963 yilda O’zteleradio qoshida Estrada-simfonik orkestrlarning tarkib topishi Jaz rivoji uchun turtki bo’lgan. Bunda ayniqsa A. Kroll, A. Malaxov, E. Jivayev kabi dirijyorlarning qo’shgan hissasi salmokli bo’lgan. «Namanganning olmasi» (Sh. Ramazonov), «Qiz bola» (E. Solihov) qo’shiqlarining Jaz uslubida qayta ishlangan variantlari, A. Malaxovning o’zbek ohang va usullaridan foydalnib yozilgan «Yulduz doirasi», «qora ko’zlar» orkestr asarlari milliy Jaz musiqasining ilk namunalaridandir. Jaz musiqasi keyingi davrda ham taraqqiy etdi. 1968 yilda Toshkentda 1-Jaz musiqasi festivali bo’lib o’tdi; 1977, 1978, 1984 yillari Farg’onada Jaz musiqasi xalqaro festivallari o’tazilgan; mazkur shaharlarda Jaz klublari, Buxoro, Navoiy va boshqa shaharlarda Jaz guruhlari tashkil topgan. Bulardan E. Qalandarov, S. Gilyov («Inter»), L. Otabekov («Sato»), B. Smetanov («Raduga»), G. Kaprielov («Osiyo») rahbarligidagi guruhlar xalqaro Jaz festivali va estrada tanlovlarida sovrinli urinlarga ega bo’ldilar. Hozirda Jaz musiqasi ijrochilaridan «O’zbeknavo» qoshidagi B. Zokirov nomidagi estrada orkestri (E. Jivayev), Toshkent davlat konservatoriyasining Big bendi (jaz orkestri) (B. Murtazayev), G. Bugdanov, A. Xabirxanov rahbarligidagi guruhlar faoliyat ko’rsatmoqda. O’zbekiston Jaz musiqasi namunalari «Melodiya» firmasi tomonidan gramplastinkaga yozilgan: «Sharq syuitasi» (Toshkent Jaz klubi guruhi), «Efsane» («Sato» guruhi) va boshqalar.