Jarqo’rg’on tumani

Jarqo’rg’on tumani – Surxondaryo viloyatidagi tuman. 1926 yil 29 sentabrda tashkil etilgan (1962 yil 24 dekabrda Sho’rchi tumani bilan birlashtirilgan, 1964 yil 31 dekabrda qayta tuzilgan). Shimolda viloyatning Qiziriq va Bandixon tumanlari, Sharqda Qumqo’rg’on tumani, Janubi-g’arbda Termiz va Angor tumanlari, Sharqda Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh. Maydoni 1,14 ming km2. Ahorlisi 142,2 ming kishi (2000). Yaqin temir yo’l stantsiyasi — Jarqo’rg’on. Jarqo’rg’on tumanida 1 shahar (Jarqo’rg’on), 1 shaharcha (Kakaydi) va 7 qishloq fuqarolari yig’ini (Dehqonobod, Jarqo’rg’on, Minor, Oqqo’rg’on, Surxon, Chorjo’y, Sharq yulduzi) bor. Markazi — Jarqo’rg’on shahri. Tabiati. Relefi, asosan tekislik bo’lib, Surxondaryo vodiysi bo’ylab Janubga tomon pasayib boradi. Qishi qisqa va iliq, yog’in nisbatan kam, yozi uzoq, quruq va issiq. Iyulning o’rtacha temperaturasi 28— 32°, yanvarniki 2,8—3,6°. Yiliga o’rtacha 130-140 mm yog’in tushadi, asosan qish va bahorda yog’adi. G’arbiy, Janubiy-g’arbiy, shimoli-Sharqiy shamollar ko’p esadi. Tumanning Janub va sharqidan bir necha kun davom etadigan quyuq changto’zonli afg’on shamoli esadi. Surxondaryodan va Amuzang, Bobotog’ kanallaridan sug’orishda foydalaniladi. Jarqo’rg’on tumanining Sharqiy qismida doimiy suv tanqisligiga barham berish uchun «Oqtepa» suv ombori, Jarqo’rg’on gidrouzeli va boshqa irrigatsiya inshootlari qurilgan; yer osti suvlaridan ham foydalaniladi. Jarqo’rg’on tumanida oq saksovul, cherkez, Qandim, teresken, yantoq, daryo bo’ylarida yulg’un, jiyda, turang’il, terak, qiyoq, qamish, tol, yong’oq, bodom o’sadi. Qir-adirlarda jayran, jayra, silovsin, bo’ri, chiyabo’ri, tulki, qushlardan qirg’ovul, kaklik, mayna, chug’urchiq, chumchuqlar yashaydi. Daryo va kanallarda oq Amur, zog’ora baliq, laqqa baliqlar bor. Aholisi, asosan o’zbeklar (90,2%), shuningdek, tojik, rus, tatar, turkman, qozoq, koreys va boshqa millat vakillari ham yashaydi. 1 km2 ga o’rtacha 124 kishi to’g’ri keladi. Xo’jaligi. Tumanda paxta tozalash, qurilish materiallari zavodlari, remont ustaxonalari, hunarmandchilik kombinatlari, «Surxonto’qimachi» kabi 10 dan ortiq sanoat korxonasi faoliyat ko’rsatmoqda. Kichik va o’rta tadbirkorlik bilan shug’ullanuvchi korxonalar va qishloq xo’jalik korxonalarining yordamchi xo’jaliklarida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish ko’paymoqda. Tuman hududidan neft konlari (kakaydi, lalmikor, Uchqizil) topilgan. Lalmikorda gaz koni bor. Qishloq xo’jaligining asosiy tarmoqlari: paxtachilik, g’allachilik, bog’dorchilik, tokchilik. Sug’oriladigan yerlar 114,2 ming gektar. 11,2 ming gektar yerda paxta, 9,6 ming gektar yerda g’alla yetishtiriladi. Yaylovlarda qoramol, qo’y boqiladi. Tumanda shirkat, fermer xo’jaliklari, bo’rdoqichilik korxonasi bor. 1999/2000 o’quv yilida 56 umumiy ta’lim maktabi, shu jumladan bolalar san’at maktabi, bolalar musiqa maktabi, litsey, kasb-hunar maktablarida 37,5 ming o’quvchi ta’lim oldi. Tumanda 31 jamoat kutubxonasi (337 mingdan ziyod kitob), 14 klub, 2 madaniyat va istirohat bog’i, 3 xalq ansambli, xalq teatri bor. 4 kasalxona, 9 qishloq vrachlik ambulatoriyasi, 3 qishloq vrachlik punkta, 4 poliklinika, 4 feldsher-akusherlik punkti, 2 dispanserda aholiga 1400 dan ziyod tibbiyot xodimlari xizmat ko’rsatadi. 1932 yildan «Jarqo’rg’on haqiqati» gazetasi chiqadi (adadi 2000). Barottepa qishloq xarobasi, Jarqo’rg’on minorasi (12-asr) bor.