Jelak
Jelak — xotin-qizlar boshiga tashlab yuradigan yopinchiq; bichimi erkaklar to’nining kichik hajmdagi shaklida. Faqat bo’yin o’miziga to’g’ri burchakli uzun yoqa qo’shilgan, ayrimlarida yoqa o’rniga Tuva (10×20 santimetr) qo’yilgan. Jelakning uzunligi 115-120 santimetr, tana va eng qismi o’ta tor qilib bichilgan, yenglari odatdagidan uzunroq bo’lib, paranjiniki kabi orqa tomonda birlashtirilib etakkacha tushib turgan. Jelakning avrasi ba’zan quroq usulida mato parchalaridan ulab tikilgan; yoqa (Tuva)si yorqin rangli iplarda kashta bilan sidirg’a qoplab, yoqa, yenglari hoshiya naqsh (romb, uchburchak, xochsimon va boshqa shaklli), yoqadan orqa tomonga, yenglarga shoxcha («hayot daraxti») shakli kashta bilan tikilib, turli xil pulakcha, piston, tugma, noziklar bilan bezatilgan, shuningdek, enli jiyaklar (asosan qo’ltiq osti va eng uchlariga) tikilgan. Jiyaklar oxiri popuklar bilan tugallangan. Samarqand, Surxondaryo, Buxoro, Xorazm, Qashqadaryo, Qoraqalpog’istonda keng tarqalgan Jelak mahalliy xususiyatlar asosida turlicha bezatilgan.